Soxta singapurlik investorga tegishli firma G`afur G`ulom bog`i ochilishini kuzga qoldirdi. Oliy Majlis Senatorlari bog`ni joyiga chiqib o`rganib, uni sentyabr oyida ochilishini bilib qaytishdi.
Kuni kecha rost24.uz sayti G`afur G`ulom bog`ida ish jarayonlari qanday borayotgani va nima uchun uning ochilishi kechiktirilayotganini so`rab va Senatorlar vaziyatni joyiga chiqib o`rganishni va`da berishganini eslatib so`rovnoma jo`natgan edi. Shuningdek, bog`ning joriy holati haqidagi maqolani qayta e`lon qilgandi.
Bugun Oliy Majlis Senati axborot xizmati Senatning yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi a`zolari G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida olib borilayotgan ishlarni joyiga chiqib o`rganganlarini ma`lum qildi.
2021 yildan buyon Senatorlar xususan, senat a`zosi Baxtiyor Sayfullaev bog`ni joyiga chiqib o`rganishni jamoatchilikka va`da berib keladi. Yil boshida B.Sayfullaev rost24.uz saytiga ham bog`ni joyiga chiqib o`rganguniga qadar, 2021 yil tugab qolganini, shuning uchun ular bog`ni o`rganishga ulgura olishmagani va bu ish endilikda kun tartibiga qo`yilishini aytgan edi.
Bog` direktorining o`rinbosari Zafar Mirzaulug`ovning fevral oyida bergan va`dasiga ko`ra, bog` shu yozda qurib tugatilishi kerak bo`lgan. Istirohat bog`ining yangilash ishlarining cho`zilishi, aynan aholi hordiq chiqaradigan vaqtda yopiq bo`lishi va eng asosiysi, uni go`yoki singapurlik investor sifatida taqdim etilgan O`zbekiston fuqarosi tomonidan sotib olingani haqidagi shubhali ma`lumotlar negadir Senatorlar nazoratidan chetda qolgan. Senat aniqlagan va ma`lum qilgan axborotga ko`ra, bugungi kunda “BMP Smart Decision Private Limited” xorijiy kompaniyasi tomonidan bog` hududida rekonstruksiya qilish, bino inshootlarini qurish va xorijdan olib kelingan attraksionlar hamda o`yin qurilmalarini o`rnatish ishlari olib borilmoqda va shu maqsadda 71 mlrd. so`m mablag` sarflangan.
Eslatib o`tamiz, G`afur G`ulom bog`i 2019 yil 9 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining F-670 son farmoyishi hamda Toshkent shahar hokimining 15 avgustdagi 1126-son farmoyishi asosida BMP Smart Decision’ga 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya investision majburiyatlari doirasida bog`ni jahon standartlariga javob beradigan qilib qayta ta`mirlashi, eskirgan attraksionlarni yangisiga almashtirishi belgilangan edi. Bu kompaniya 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi bor yo`g`i 1000 singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro`yxatdan o`tkazilgan.
Bog` haqidagi maqolalar:
- Ortiqxo`jaevning unutgan va`dasini eslatamiz: G`afur G`ulom bog`i xalqniki emasmidi?
- Senatorlar endi o`ylab ish qilinishini ma`lum qildi
- G`afur G`ulom bog`i masalasi Senatda ko`tarilganiga bir yarim oy bo`ldi. Mutasaddilar hamon avvalgidek jim
- SENATORLARNING DOIMGI VA`DALARI: “ko`rib chiqilmoqda”, “joyiga chiqib o`rganamiz”, “maqsad qilganmiz”, “rejaga kiritamiz”…
- Senatorlar «G`afur G`ulom» bog`ini "quritib", «Davlat tili to`g`risida»gi qonunni yig`latdi
- G`afur G`ulom bog`iga qachon yoz keladi?