Qurilayotgan ko`p qavatli uylardan xonadon sotib olayotgan fuqarolarning mablag`larini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi. 10 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Ko`p kvartirali uylarni va boshqa ko`chmas mulk ob`ektlarini ulush kiritish asosida qurish to`g`risida»gi qonun loyihasini uchinchi o`qishda ma`qullab, Senatga yuborgan. Hujjat hali kuchga kirmagan. Buning uchun Senat ma`qullashi va Prezident imzolashi kerak.
Yangi tartibning asosiy jihati, xaridorlardan olingan pul quruvchining hisobvarag`iga emas, bankda ochiladigan maxsus eskrou hisobvarag`iga o`tkaziladi. Mablag`lar uy belgilangan talablar asosida qurilib, foydalanishga topshirilganidan keyingina developerga beriladi. Bu mexanizm qurilish tugallanmasdan turib aholi mablag`larining boshqa maqsadlarga sarflanishi xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Quruvchilar fuqarolardan mablag` jalb qilishdan oldin Yagona axborot tizimida ro`yxatdan o`tishi, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzishi va loyiha deklarasiyasini e`lon qilishi shart. Bu talablar bajarilmaguncha aholidan pul yig`ishga ruxsat berilmaydi. Reklama qilish ham belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Xaridorlar bilan tuziladigan ulushli ishtirok etish shartnomalari notarial tasdiqlanib, davlat ro`yxatidan o`tkaziladi. Shartnomaga kiritiladigan o`zgartirish va qo`shimchalar ham xuddi shu tartibda rasmiylashtiriladi. Bu bir xonadonning bir necha kishiga sotilishi, norasmiy kelishuvlar va shartnomadan tashqari majburiyatlar yuzaga kelishining oldini olishga xizmat qiladi.
Agar quruvchi qonun talablariga zid ravishda fuqarolardan mablag` jalb qilsa, ulushdor pulni qaytarishni va undan foydalanilganlik uchun foiz to`lanishini talab qilish huquqiga ega bo`ladi. Qurilish jarayonida muammolar yuzaga kelgan holatlarda esa, vakolatli bankni yoki quruvchini almashtirish, loyihani moliyalashtirishni davom ettirish mexanizmlari ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko`ra, qurilish qiymatining kamida 70 foizi bank krediti, ko`pi bilan 30 foizi esa quruvchining o`z mablag`lari hisobidan qoplanishi belgilangan. Shuningdek, uyni topshirish muddati buzilganda ob`ektni muammoli deb topish uchun qo`shimcha olti oy kutish talab etilmaydi. Quruvchi kamchiliklarni bartaraf etmasdan, faqat tovon to`lash orqali muammoli ob`ektlar reestridan chiqib keta olmaydi.
Eslatib o`tamiz, eskrou tizimi Prezidentning 2025 yil 27 yanvardagi farmoni asosida joriy etilgan. 2025 yil 1 iyuldan u ixtiyoriy tartibda qo`llanilgan bo`lsa, 2026 yil 1 yanvardan ulushli qurilishda aholi mablag`larini jalb qilish faqat eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi belgilangan edi. Yangi qonun esa, ushbu tizimning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi. Uning talablari qonun kuchga kirganidan keyin qurilishiga ruxsatnoma olingan ob`ektlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu qonun ijtimoiy tarmoqlarda «Marat qonuni» deb ham atalmoqda. Bu nom AQShdagi «Semning o`g`li qonuni» bilan qiyoslashdan kelib chiqqan. 1977 yilda Nyu-Yorkda qotilliklar sodir etgan Devid Berkovis «Semning o`g`li» nomi bilan tanilgan. U 10 avgust kuni qo`lga olingan, 12 avgustda esa Nyu-York gubernatori jinoyatchilarning o`z qilmishlari haqida kitob, maqola yozish yoki boshqa asarlar orqali topgan daromadlarini jabrlanuvchilar manfaati uchun yo`naltirishga qaratilgan qonunni imzolagan. Qonun tarixda «Semning o`g`li qonuni» nomi bilan qolgan.