Biznesni rivojlantirish istiqbollari bo`yicha forum boshlandi

24.11.2026 17:44

«Biznesni rivojlantirish banki» ATB Korporativ universiteti tashabbusi bilan Toshkent shahrida «O`zbekistonda biznesni rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi ikki kunlik forum o`z ishini boshladi.

Forum mamlakatimizdagi yirik kompaniyalar ta`sischilari va rahbarlari, tadbirkorlar, tegishli davlat idoralari vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar hamda biznes ta`limi sohasi mutaxassislari uchun ochiq muloqot va tajriba almashish maydoni sifatida tashkil etildi.

Asosiy maqsad ishtirokchilarga bozordagi o`zgarishlar va davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo`nalishlari haqida batafsil ma`lumot berish, biznesni rivojlantirish va boshqarishning zamonaviy vositalarini taqdim etish, shuningdek, bank, hamkorlar va xalqaro ekspertlar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Forumning ochilish marosimida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB rahbariyati va Korporativ universitet vakillari ishtirok etdi. So`zga chiqqanlar mamlakat iqtisodiy siyosatining bugungi kundagi ustuvor vazifalari, davlat ahamiyatiga molik muhim tarmoqlar va zamonaviy boshqaruvda kadrlarga bo`lgan talab haqida fikr bildirdilar.

Anjumanning birinchi kunida kompaniyalar ta`sischilari, kuzatuv va boshqaruv kengashlari a`zolari, bosh direktorlar hamda yuqori bo`g`in rahbarlari uchun strategik rivojlanish va korporativ boshqaruv masalalariga bag`ishlangan muhokama va taqdimotlar o`tkazildi.

Unda Moskva boshqaruv maktabi — SKOLKOVO rektori Aleksandr Kim, maktab professori Evgeniy Plaksenkov, taklif etilgan o`qituvchi Anton Averyanov, faxriy professor Elizaveta Sadova hamda boshqa ekspertlar ma`ruza va amaliy mashg`ulotlar bilan ishtirok etdi.

Kun tartibidan kompaniyalarda korporativ madaniyatni shakllantirish, rahbarlar tayyorlash, global megatrendlarning biznesga ta`siri, xalqaro muzokaralarda madaniyatlararo muloqot, kompaniya strategiyasi va biznes modelini takomillashtirish, mahalliy brendlarning global bozordagi raqobatbardoshligini oshirish kabi mavzular o`rin oldi.

Forumning ikkinchi kunida bevosita tadbirkorlar va rivojlanayotgan biznes vakillari uchun amaliy masalalarga yo`naltirilgan taqdimotlar o`tkaziladi.

Unda O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, Biznesni rivojlantirish banki mijozlari, tadbirkorlar, «Yandex Uzbekistan», «Tadbirkor ayol» (Business Woman) va boshqa tashkilotlar vakillari, shuningdek, SKOLKOVO boshqaruv maktabi ekspertlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi kun doirasida tadbirkorlikni kengaytirish uchun zarur moliyaviy resurslar, yangi bozorlarga chiqish, malakali kadrlarni jalb qilish va biznes hamkorliklarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, liderlik, shaxsiy samaradorlik, rahbarning zamonaviy boshqaruv kompetensiyalari va sun`iy intellektning rahbarlik faoliyatiga ta`siriga alohida e`tibor qaratiladi.

Ishtirokchilar tanlovi asosida o`tkaziladigan tematik seksiyalar hamda «Kulturali» nomli biznes o`yin ham dasturdan o`rin olgan. Ushbu mashg`ulotlar turli ishbilarmonlik madaniyatlari bilan ishlash, jamoaviy hamkorlik va madaniyatlararo muloqot ko`nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Forum davomida ekspertlar va ishtirokchilar o`rtasida fikr almashish, hamkorlik aloqalarini o`rnatish, bank hamkorlari bilan uchrashuvlar va netvorking tadbirlari ham tashkil etilmoqda.

Mazkur forum tadbirkorlar va biznes rahbarlari uchun yangi bilim va boshqaruv tajribasini egallash, o`z faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni qo`llash, istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish hamda biznesni rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qiladi. Forumda muhokama qilingan mavzular va taqdim etilgan dasturlar kelgusida Biznesni rivojlantirish banki Korporativ universiteti faoliyatida ham qo`llaniladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар