Biznesni ro`yxatga olish soliq tekshiruvimi? Tadbirkor va o`zini o`zi band qilganlar uchun eng muhim savollarga ochiq javoblar

16.11.2026 20:14

Mahallangizga yoki savdo do`koningizga qo`lida planshet bilan xodim kelib, faoliyatingiz, ishchilaringiz va savdo aylanmangiz haqida so`rasa, birinchi bo`lib xayolingizga nima keladi? «Bu yangi tekshiruvmi? Ertaga soliq ko`paymaydimi? Ro`yxatdan o`tmasdan uyda ishlayotgan bo`lsam, jarima solishmaydimi?» — ayni kunlarda, 15 oktyabrdan 30 noyabrgacha davom etayotgan biznesni ro`yxatga olish tadbiri fonida ko`plab fuqarolar va biznes egalarini shu savollar qiziqtirmoqda.

Keling, rasmiy hujjatlar va qonunchilik normalari asosida mazkur jarayonning asl maqsadi, tadbirkorning huquqlari va ma`lumotlar xavfsizligi masalalarini ochiq tahlil qilaylik.

1-masala: Ma`lumotlar soliq yoki boshqa nazorat organlariga beriladimi?

Yo`q. Prezidentning 2026 yil 10 sentyabrdagi PF-190-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 oktyabrdagi 557-son qarori asosida o`tkazilayotgan biznesni ro`yxatga olish tadbiri soliq tekshiruvi yoki nazorat tadbiri emas.

«Rasmiy statistika to`g`risida»gi Qonunda qat`iy cheklov o`rnatilgan:

  • tadbirkor yoki fuqaro taqdim etgan individual ma`lumotlar qat`iy maxfiy hisoblanadi;
  • bu ma`lumotlardan soliq, tergov va boshqa nazorat tadbirlarida, sud muhokamasida hamda ma`muriy javobgarlikka tortishda foydalanish qonun bilan taqiqlangan;
  • ular faqat minglab boshqa javoblar bilan umumlashtirilgan holda, mamlakat va hududlar iqtisodiyotining umumiy manzarasini shakllantirish uchun ishlatiladi.

2-masala: Davlat ro`yxatidan o`tmasdan uyda ishlayotganlar nega ro`yxatga olinmoqda?

Mahallada uy sharoitida tikuvchilik qilayotgan ayol, buyurtmaga mebel yasayotgan usta, non va shirinlik pishirayotgan oila yoki maishiy texnika ta`mirlovchi mutaxassis rasmiy ro`yxatdan o`tmagan bo`lishi mumkin. Ularni statistik ro`yxatga olishdan maqsad javobgarlikka tortish emas, balki hududdagi haqiqiy bandlik va iqtisodiy faollikni aniqlashdir.

Agar ma`muriy bazalarda ko`rinmaydigan bunday mehnat va xizmatlar hisobga olinmasa, davlatning hududlarni rivojlantirish, infratuzilma va bandlik dasturlari real hayotdan uzilib qoladi. Qolaversa, ayrim korxonalar qog`ozda bir tumanda ro`yxatdan o`tib, amalda boshqa joyda faoliyat yuritadi — ro`yxatga olish aynan qog`ozdagi emas, balki amaldagi iqtisodiy holatni aniqlashtiradi.

3-masala: Ro`yxatga oluvchi xodimning vakolati va chegarasi qanday?

Fuqarolar va tadbirkorlar firibgarlik holatlariga duch kelmasligi va o`z huquqlarini bilishi uchun quyidagi qoidalar belgilangan:

  • Kimlar keladi: mahallalarda asosan hokim yordamchilari, bozorlar va savdo majmualarida esa statistika organlari xodimlari jalb etilgan;
  • Tashqi belgilari: har bir ro`yxatga oluvchida maxsus kiyim va xizmat beyjigi bo`lishi shart;
  • Qat`iy taqiq: ro`yxatga oluvchi tasdiqlangan savolnomada yo`q savolni o`z xohishicha berishi, respondent javobini o`zgartirishi yoki taxmin bilan yozishi mumkin emas;
  • Qayta aloqa: xodimning vakolatiga shubha tug`ilsa yoki savol paydo bo`lsa, 1851 qisqa raqamli aloqa markaziga qo`ng`iroq qilib aniqlik kiritish mumkin;
  • Onlayn muqobil: yuridik shaxslar batafsil moliyaviy ma`lumotlarni hisobot.stat.uz orqali, o`zini o`zi band qilganlar esa census.stat.uz tizimi orqali mustaqil ravishda onlayn kiritishi mumkin.

4-masala: Bundan tadbirkorning o`ziga nima foyda?

Shuni ochiq aytish kerak: ro`yxatga olishda ishtirok etgan tadbirkorga avtomatik tarzda kredit yoki subsidiya berilmaydi. Ammo aniq statistika va yangilangan biznes-registr biznesga ikkita bevosita engillik beradi.

Birinchidan, 2027 yil 1 yanvardan boshlab choraklik tanlanma statistik kuzatuvlarda mikrofirma va kichik korxonalarni yiliga faqat bir marta so`rovga jalb qilish tartibi kuchga kiradi. Bu esa tadbirkorlarni qayta-qayta so`rovga jalb qilish holatlarini kamaytiradi.

Ikkinchidan, 2030 yilga qadar tadbirkorlarning statistik hisobot yuki 20 foizga qisqartiriladi. 2027 yil 1 iyungacha (dastlabki) va 1 sentyabrgacha (yakuniy) e`lon qilinadigan natijalar esa hududning real ehtiyojiga mos infratuzilma va biznesni qo`llab-quvvatlash qarorlarini qabul qilish uchun asos bo`ladi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар