«Xavfsiz va sog`lom yurt» profilaktik tadbiri — IIB byudjetini to`ldirish uchun emas
Fuqarolar hamon IIB xodimlariga eshik ochishdan qo`rqishmoqda
Fuqarolarni Rossiyaga ishlash uchun ketishga majbur qilayotgan tizim: O`zbekistonda ustachilik qilish uchun ham jarima
Rost24 tahririyatiga Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi Amir Temur mahallasidan murojaat kelib tushdi. (Murojaatchilarning ism-shariflari tahririyatga ma`lum.)
Murojaatda aytilishicha, mazkur mahallada boshqa tumanlardan ham IIB xodimlari jalb qilingan holda «Xavfsiz va sog`lom yurt» tadbiri doirasida profilaktik ishlar o`tkazilibdi. 8-ko`p qavatli uyga biriktirilgan IIB xodimi eshikni ochgan har bir fuqaroga jarima solib ketavergan.
«Uy ta`mirlab bo`lib, ortiqcha qurilish materiallarini chiqarib, yuk mashinasini kutayotgan edik. IIB xodimi kelib, “Pasport tekshiruvi ketyapti”, deya pasport so`radi. Tanimaganimizdan keyin ismi-sharifini so`radim. Xodim boshqa tumandan tadbirga jalb qilinganligini aytib, o`zini tanishtirishni istamadi. Talabi garchi noqonuniy bo`lsa-da, “Qonuniy talabimizni bajarmadi”, degan “dejurniy” gap bilan boshimizni qotirmasin deb, usta va men pasportimizni taqdim qildik. Pasport ma`lumotlarini daftariga yozib olganidan so`ng, “Qurilish materiallarini bu erga qo`yish mumkin emas, besh oklad jarima yozaman”, deya tepa qavatga chiqib ketdi. Bir soatdan keyin menga 440 ming so`m, ustamga esa propiska bo`yicha 1 million 320 ming so`m jarima keldi», — deyiladi murojaatda.

1-masala: Aholiga xalaqit qilmaydigan joyda turgan qurilish materiallarini chiqarib qo`yganlik uchun jarima solishdan oldin muammoni bartaraf etish uchun ma`lum bir muddat vaqt berib, ogohlantirishi lozim edi. Shundan keyin ham fuqaro qonunga bo`ysunmasa, undan keyin jarima qo`llansa, fuqaro haqiqatan aybdor bo`lar edi. Ammo murojaatchilarning aytishicha, unday bo`lmagan.
«Pod`ezd oldidagi qurilish materiallarini ko`rgan IIB xodimi “Xudo berdi”, degan qabilida jarimani ogohlantirmasdan urib tashlayverdi. Go`yoki unga tepadan bir kunga nechtadir jarima qo`llash bo`yicha “plan” berilgandek harakat qildi», — deydi murojaatchi.
2-masala: Ba`zi bir vaziyatga qarab qonunlar o`ylab topadigan IIB xodimlariga ma`lumot o`rnida quyidagi qonunni o`qishni maslahat beramiz: joriy yil 6 may kuni imzolangan Vazirlar Mahkamasining fuqarolarni ro`yxatga olish bo`yicha chiqargan qarorida O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatdan o`tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun etib belgilangan.
Shu joyda savol tug`iladi: tadbir doirasida boshqa tumandan jalb qilingan IIB xodimi birinchi marta ko`rib turgan fuqaroga nega vaqtincha yashash qoidalarini buzish bo`yicha jarima yozdi? Uning bu xonadonga qachon kelgani yoki qaerdan kelgani haqida ma`lumotni fol ochib aniqladimikin?
«Boshqa qo`shnilar eshik ochishmadi. 5-qavatdagi xonadonda ota-onalari ishda bo`lgan 10 yoshli bola yoshlik qilib eshikni ochib qo`ygan. Undan ham otasining pasportini olib, daftariga yozgan. Keyin ma`lum bo`lishicha, u xonadon egasi ham uy ta`mirlatayotgan ekan. Uy ta`mirlayotgan vaqti kerakli uy buyumlarini vaqtincha “pod`ezd”ga chiqarib qo`ygani uchun unga ham jarima yozibdi», — deyiladi murojaatda.

Murojaatchining qo`shimcha qilishicha, 5-qavatda ishlayotgan ustaning ham pasport ma`lumotlarini yozib ketgan ekan. Unga ham 440 ming so`m jarima kelibdi. Vaholanki, usta Sergeli tumanida doimiy yashaydigan O`zbekiston fuqarosi bo`lgan. Usta qanday qonun buzganini o`zi ham bilmay hayron. Uning birgina xatosi — pasportini IIB xodimiga taqdim qilgani, xolos.

«O`zbekistonda ustachilik qilganim uchun jarima to`laydigan bo`lsam, Rossiyaga ketaman. Har holda u erda hujjatlarimni to`g`rilab qo`ysam, jarima to`lamayman», — deydi uy ta`mirlab jarima to`lagan usta.
Bu gap shunchaki IIB tizimidan norozilik emas. Yurtimizda halol mehnati bilan oila tebratayotgan fuqarolar o`z hududida ishlagani uchun jazoga tortilayotganini his qilsa, bu mehnat bozori va aholining davlat idoralariga ishonchiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Shu joyda qo`lidan ish keladigan zabardast yigitlarimizning nega Rossiyaga qarab oshiqayotganining sababi ham oydinlashayotgandek nazarimizda.
Bu savollarga huquqiy asoslangan javob berilishi kerak. Chunki fuqaroning boshqa tumanda ishlayotgani yoki uy ta`mirlayotgani uni avtomatik ravishda huquqbuzarga aylantirmaydi.
Qisqasi, tahririyatga berilgan fakt va dalillarga ko`ra, 5 qavatli binoning 10 ta xonadondan iborat bitta pod`ezdidan atigi 2 tagina eshik ochilgan. Natijada esa 2 ta xonadondan 4 ta fuqaroga jarima yozilibdi. Shunga qarab qolgan ko`p qavatli uylarni hisob-kitob qilsa bo`ladi. Har bir ochilgan eshikdan shuncha jarima undirilaversa, nima bo`ladi?
Endi shu joyda IIB xodimlari vaj qilib profilaktik tekshiruv o`tkazayotgan «Xavfsiz va sog`lom yurt» tadbirining jarima solishga qanday bog`liqligini ko`rib chiqamiz.
Joriy yil 5 yanvar kuni «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo`nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi PQ-1-sonli Prezident qarori qabul qilingan.
Qarorning 1-bandida quyidagi 3 ta maqsad va ustuvor vazifa ochiq-oydin belgilab qo`yilgan:
(a) ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa etib belgilagan holda mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta`minlash bo`yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish;
(b) oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl omillarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish orqali ularning barvaqt oldini olish bo`yicha yangi ishlash mexanizmlarini belgilash;
(v) har qanday noqonuniy holatlar yuzasidan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish tizimini yaratish, bu boradagi faoliyatni bevosita joylarda samarali yo`lga qo`yish orqali aholi roziligiga erishish.
Prezident qarorida belgilangan yuqoridagi vazifalarda profilaktika davomida eshikni ochgan fuqarolarga propiska va qurilish buyumlarini chiqarganlik uchun yoki ustachilik qilgani uchun jarima solish ko`rsatilmagan.
Shu erda ham IIB xodimlari yurt farovonligini ta`minlash uchun chiqarilgan Prezident qaroridan foydalangan holda jarimalar yozib ketishini kim, qanday tushuntiradi?
Qarorning maqsadiga teskari bunday topshiriq qaysi bo`g`indan chiqqanligini aniqlash va zudlik bilan maqsad va vazifalarini qayta tushuntirish zarur. Aks holda, bu kabi boshboshdoqlikdan ko`plab fuqarolarimiz jabr chekishi, Ichki ishlar vazirligi va uning rahbariyatining obro`yiga esa putur etishi mumkin.
Murojaatchilarning bergan yana bir ma`lumotiga ko`ra, «Xavfsiz va sog`lom yurt» tadbiri doirasida o`tkazilgan profilaktika vaqtida ko`plab fuqarolar IIB xodimlariga eshik ochishmagan.
O`tmishda odamlarning ichki ishlar xodimlaridan cho`chib yashagani, turli tekshiruvlar va ro`yxatga olish bilan bog`liq muammolardan xavotir olgani ko`pchilikka ma`lum. Biroq bugun, Yangi O`zbekistonda davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, ichki ishlar organlari esa fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi kerak bo`lgan bir paytda ham odamlar IIB xodimlariga eshik ochishdan qo`rqsa, bu haqda jiddiy o`ylab ko`rish lozim.
Prezidentimiz Ichki ishlar tizimini xalqqa yaqinlashtirish uchun keskin islohotlar qilmoqda, qarorlar qabul qilyapti. Biz esa hamon IIB xodimlariga eshik ochishdan qo`rqamiz. NEGA?
Topshiriqlarning mazmun-mohiyatini tushunib-tushunmasdan, ko`r-ko`rona bajaradigan, faqat jarima solishni xush ko`radigan, «Qonuniy talabimizni bajarmayapsiz», degan jumladan boshqasini bilmaydigan xodimlar sabab ijtimoiy tarmoqlarimiz tizimni qoralovchi kontentlarga to`lib ketdi.
Tan olib aytish kerakki, IIVning sobiq matbuot kotibi Sh. G`iyosov ham tizimga adashib kirgan xodimlarning xatti-harakatlarini himoya qilaverib, o`zi ham agressiv odamga aylanib qoldi, desak, xato qilmagan bo`lamiz. Tizim topshiriqlarga atayin teskari ish qiladigan xodimlardan tozalanmas ekan, vazirlikning keyingi bo`lajak matbuot kotibiga ham oson bo`lmaydi.
Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida «Xavfsiz va sog`lom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirlari bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida muntazam ma`lumotlar berib borilmoqda. Ammo negadir tadbir doirasida qancha odamga jarima solingani, yig`ilgan jarimalar summasi qancha bo`lgani haqida ma`lumotlar aytilmagan.

Xulosa o`rnida birgina iltimosimiz: IIB xodimlari har bir O`zbekiston fuqarosiga jarima to`lovchi shaxs sifatida emas, Vatandosh sifatida qarashlari lozim.