Moliyaviy savodxonlik bugungi kunda insonning shaxsiy farovonligi, iqtisodiy mustaqilligi va kelajak rejalarini belgilab beruvchi muhim ko`nikmalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, yosh avlodda pul mablag`larini to`g`ri boshqarish, daromad va xarajatlar mutanosibligini ta`minlash, jamg`arish odatini shakllantirish iqtisodiy jihatdan barqaror jamiyat barpo etishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan Butunjahon jamg`arish kuni (World Savings Day) doirasida tashkil etilgan oylik davomida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB ham faol ishtirok etmoqda.

Bank tomonidan “Savings and deposits” mavzusidagi tadbir va tanlovlar alohida ahamiyatga ega bo`ldi. Mamlakatimizning turli hududlarida o`tkazilgan jami 40 ga yaqin tadbirlarda 18 ta umumta`lim maktabidagi 600 nafardan ortiq o`quvchi hamda 3 ta oliy ta`lim muassasalarining 97 nafar talabalari qamrab olindi.
Jamg`arish — faqat pul to`plash emas, balki moliyaviy tafakkur
Jamg`arish tushunchasini faqat mablag`ning bir qismini sarflamay saqlab qo`yish sifatida talqin qilish to`g`ri emas. Bu, avvalo, insonning o`z daromadlariga mas`uliyat bilan yondashishi, ustuvor maqsadlarini belgilashi, bugungi ehtiyojlar va ertangi rejalar o`rtasida muvozanatni saqlay olish qobiliyati hamdir.
Shu ma`noda, moliyaviy savodxonlikni yoshlar tarbiyasining ajralmas qismi sifatida qarash lozim. Chunki bugun pulni boshqarishni o`rgangan yosh ertaga o`z moliyaviy imkoniyatlarini to`g`ri baholay oladigan, mas`uliyatli va tashabbuskor fuqaro bo`lib voyaga etadi.
Nazariyadan amaliyotga: tanlov orqali shakllangan bilim
“Savings and deposits” mavzusidagi ma`rifiy tanlovlarning muhim jihati shundaki, ular yoshlarni moliyaviy tushunchalar bilan tanishtirish bilangina cheklanmay, olgan bilimlarini amalda sinab ko`rish imkonini ham berdi.

Tadbirlar davomida ishtirokchilar shaxsiy mablag`larni rejalashtirish va to`g`ri taqsimlash, jamg`arishning shaxsiy va oilaviy farovonlikdagi o`rni, zamonaviy bank omonatlari va depozit turlarining afzalliklari bo`yicha o`z bilimlarini namoyish etdilar.
Bunday interaktiv yondashuvning ahamiyati shundaki, yoshlar tayyor ma`lumotlarni qabul qiluvchi emas, balki jarayonning faol ishtirokchisiga aylanadi. Savollarga javob topish, fikr almashish, o`z bilimlarini tengdoshlari bilan taqqoslash orqali ularda moliyaviy mavzularga nisbatan qiziqish kuchayadi.
Ayniqsa, maktab o`quvchilari va oliy ta`lim muassasalari talabalarining bir yo`nalishda qamrab olinishi moliyaviy bilimlarni uzluksiz shakllantirish nuqtai nazaridan muhimdir. Zero, maktab davrida boshlangan moliyaviy tarbiya oliy ta`lim bosqichida yanada murakkab tushunchalar – depozit, foiz daromadi, inflyasiya, investisiya va moliyaviy xavflarni anglash bilan boyib boradi.
Bankning ijtimoiy mas`uliyati va kelajakka investisiya
Bugun banklar faoliyatini faqat moliyaviy xizmatlar ko`rsatish bilan baholash davri o`tmoqda. Zamonaviy bank nafaqat iqtisodiy jarayonlarni moliyalashtiruvchi, balki aholining moliyaviy madaniyatini oshirish, jamiyatda iqtisodiy bilimlarni kengaytirish va yangi avlodning moliyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishga hissa qo`shuvchi institut hamdir.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATBning mazkur yo`nalishdagi faoliyati ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Bankning yoshlar bilan ishlashga qaratilgan ma`rifiy loyihalari orqali moliyaviy xizmatlar haqidagi bilimlarni erta bosqichdan shakllantirish, bank tizimiga nisbatan qiziqish va ishonchni oshirish uchun zamin yaratilmoqda.
Tanlov g`oliblarining bankning maxsus esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishi esa ishtirokchilarning faolligini rag`batlantirish, ularning intilishlarini qo`llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Bugungi bilim — ertangi iqtisodiy mustaqillik
Moliyaviy savodxonlikni oshirish bir martalik tadbir bilan cheklanadigan jarayon emas. Bu oila, ta`lim muassasalari, banklar va jamiyatning boshqa institutlari hamkorligida izchil davom ettirilishi lozim bo`lgan muhim vazifadir.
Shu bois “Biznesni rivojlantirish banki” ATB muntazam ravishda yoshlarning moliyaviy bilimlarini mustahkamlash va iqtidorli o`quvchilarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan ma`rifiy loyihalarni izchil davom ettirishga e`tibor qaratadi.
Zero, jamg`arish madaniyati — bugun tejalgan mablag`dan ko`ra kengroq tushuncha. Bu kelajakni rejalashtirish, imkoniyatlarni to`g`ri baholash va moliyaviy mustaqillik sari qo`yilgan dastlabki qadamdir. Bugun yoshlar qalbida shakllanayotgan ana shu madaniyat ertangi iqtisodiy barqarorlikning muhim asoslaridan biri bo`lib xizmat qiladi.