Rog`un GES qurilishida avariya yuz berdi, ishchilar jabrlangani aytilmoqda

29.10.2026 16:35

Tojikistonda qurilayotgan Rog`un gidroelektr stansiyasida avariya sodir bo`ldi. Guvohlarning aytishicha, hodisa oqibatida bir nechta ishchi jabrlangan bo`lishi mumkin. Biroq, rasmiy idoralar hech kim jarohat olmaganini ma`lum qilgan.

Asia-Plus nashrining xabar berishicha, hodisa 21 oktyabr kuni soat 16:15 atrofida GES qurilishining to`rtinchi sathidagi tunnelning «B» seksiyasida sementlash ishlari davomida yuz bergan.

Ma`lum qilinishicha, tunnelda texnik suv yig`ish uchun mo`ljallangan rezervuarlardan biri yorilib ketgan. Oqibatda suv tunnelning quyi qismida ishlayotgan xodimlar tomon oqib tushgan. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, yuqoridagi rezervuarning shikastlanishi quyi qismda joylashgan ikkinchi rezervuarga ham ta`sir ko`rsatgan va har ikkisidagi suv bir vaqtning o`zida tunnelga oqib kirgan.
Hodisa vaqtida ushbu hududda «Sino Hydro» subpudrat kompaniyasi xodimlari ishlayotgan bo`lgan.

Ayrim guvohlar jurnalistlarga bir nechta ishchi tuproq va toshlar ostida qolib ketganini bildirgan. Dastlabki xabarlarda besh nafardan ortiq ishchi jarohatlangani aytilgan, ammo ularning ahvoli haqida aniq ma`lumot berilmagan.

Tojikistonning sanoat va konchilik sohasidagi ishlar xavfsizligi ustidan davlat nazorati xizmati 28 oktyabr kuni hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan. Idora avariyaga texnik suv yig`ish rezervuarining yorilishi sabab bo`lganini ma`lum qilib, jabrlanganlar yo`qligini ta`kidlagan. Rasmiy bayonotga ko`ra, ishchilarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan va ular keyinchalik o`z vazifalarini bajarishga qaytgan.

Hodisa sabablarini aniqlash va kelgusida shunga o`xshash holatlarning oldini olish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. 

Rog`un GES qurilishida xavfsizlik bilan bog`liq muammolar avval ham kuzatilgan. 2024 yil noyabr oyida qurilish maydonidagi avariya oqibatida uch nafar ishchi halok bo`lgan, yana bir kishi jarohatlangan edi. 2025 yilda esa Tojikiston hukumati GES qurilishida sakkizta baxtsiz hodisa yuz berganini ma`lum qilgan, biroq ularda halok bo`lgan yoki jarohatlanganlar sonini ochiqlamagan.

Vaxsh daryosida barpo etilayotgan Rog`un GES Tojikistonning yirik energetika loyihalaridan biri hisoblanadi. Qurilish to`liq yakunlangach, balandligi 335 metr bo`lishi rejalashtirilgan to`g`on dunyodagi eng baland to`g`onga aylanishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida har birining quvvati 600 megavatt bo`lgan oltita gidroagregat o`rnatilishi ko`zda tutilgan. Hozirda ikkita agregat ishlamoqda, uchinchisini esa 2027 yil sentyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. GES qurilishini 2035 yilgacha to`liq yakunlash mo`ljallangan.

Loyihani moliyalashtirishda xalqaro moliya institutlari ham ishtirok etmoqda. Jahon banki 300 million dollar ajratgan, Osiyo taraqqiyot bankidan esa yana 500 million dollar mablag` jalb etilishi kutilmoqda.

Rog`un GES ishga tushirilgandan keyin ishlab chiqariladigan elektr energiyasining bir qismini O`zbekistonga etkazib berish ham rejalashtirilgan.

2025 yilda ikki davlat o`rtasida shu masalaga oid bitim loyihasi ma`qullangan edi. Unda elektr energiyasining dastlabki narxi 1 kilovatt-soat uchun 3,4 AQSh senti etib belgilanishi, etkazib berish esa stansiyaning ishlash bosqichlariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар