Joriy yilning dastlabki to`qqiz oyida respublikada firibgarlik oqibatida fuqarolarga etkazilgan moddiy zarar 278,3 milliard so`mni tashkil etdi. Shundan 21,9 milliard so`mi fuqarolarning Telegram akkauntlarini egallab olish bilan bog`liq. Atigi 2 808 ta holatda qayd etilgan ushbu zarar raqamli firibgarlikning ko`lami va xavfini yana bir bor ko`rsatmoqda.
Markaziy bank 2026 yil 13 noyabr kuni e`lon qilgan ma`lumotlarga ko`ra, Ichki ishlar vazirligining Cardblock platformasida ro`yxatga olingan firibgarlik holatlari bo`yicha murojaatlar Yagona platforma orqali tahlil qilingan. O`rganish 1 yanvardan 1 oktyabrgacha bo`lgan davrni qamrab olgan.
Tahlil natijalariga ko`ra, eng ko`p zarar mobil qurilmalarga zararli dasturlarni yuklash va o`rnatish bilan bog`liq holatlarda kuzatilgan. Bu yo`nalishda 18 830 ta holat qayd etilgan bo`lib, fuqarolar 79,3 milliard so`m mablag`dan ayrilgan.
Telefon orqali amalga oshiriladigan firibgarliklar ham katta moliyaviy yo`qotishlarga sabab bo`lmoqda. Jumladan, 611 ta holatda fuqarolar aldovga uchib, o`zlariga telefon orqali berilgan ko`rsatmalarni bajargan. Oqibatda 27,7 milliard so`m zarar etkazilgan.
Telegram akkauntlarini egallab olish bilan bog`liq 2 808 ta holatda esa 21,9 milliard so`m moddiy zarar qayd etilgan. Bu ko`rsatkich firibgarlar uchun nafaqat bank kartalari, balki foydalanuvchilarning shaxsiy akkauntlari ham daromad manbaiga aylanayotganini ko`rsatadi. Qo`lga kiritilgan akkauntlar orqali jabrlanuvchining tanishlari va yaqinlariga uning nomidan xabar yuborilishi, pul so`ralishi yoki shubhali havolalar tarqatilishi mumkin.
Shuningdek, soxta savdo platformalari va treyding orqali daromad topish va`dalari bilan bog`liq 1 044 ta holatda 15,1 milliard so`m, moliyaviy piramida alomatlariga ega sxemalarga pul kiritish bilan bog`liq 1 086 ta holatda esa 14 milliard so`m zarar qayd etilgan.
Internet orqali mahsulot yoki xizmat xarid qilishda oldindan to`lov amalga oshirib, va`da qilingan tovar yoki xizmatni ololmagan fuqarolar bo`yicha 3 571 ta murojaat kelib tushgan. Bu holatlardagi zarar 10,5 milliard so`mni tashkil etgan. Shuningdek, kreditni to`xtatib berish bahonasida fuqarolar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog`liq 130 ta holatda 10,6 milliard so`m zarar etkazilgan. Onlayn o`yinlar uchun to`lov jarayonidagi firibgarliklar esa 272 ta holatda 900 million so`mlik yo`qotishga sabab bo`lgan.
Bank kartalari va elektron hamyonlardan pul echib olingan, ammo murojaatlarda firibgarlik turi aniq ko`rsatilmagan holatlar soni 11 475 tani, ular bo`yicha moddiy zarar esa 98,1 milliard so`mni tashkil etgan.
Markaziy bank ma`lumotlariga ko`ra, tezkor chora-tadbirlar natijasida 113,1 milliard so`m mablag` bloklangan. Bu umumiy qayd etilgan zararning qariyb 40,6 foiziga teng. Biroq bloklangan mablag`larni jabrlanuvchilarga to`liq qaytarilgan pul sifatida talqin qilish to`g`ri emas.
Shu bilan birga, firibgarlik deb gumon qilingan ayrim pul echimlari aslida kredit qarzdorligini avtomatik undirish bilan bog`liq bo`lib chiqqan. Jumladan, 2 737 ta murojaat o`rganilganda, banklar tomonidan kredit to`lovlari uchun avtomatik undiruv amalga oshirilgani aniqlangan. Bu holatlardagi mablag`lar 7,6 milliard so`mni tashkil etgan.
Telegram akkauntlarini egallab olish usullari haqida davlat idoralari ham bir necha bor ogohlantirish bergan. Xususan, Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati monitoringiga tayanib e`lon qilingan ogohlantirishlarda firibgarlar o`zlarini davlat tashkiloti xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolardan SMS yoki Telegram orqali kelgan tasdiqlash kodlarini so`rayotgani qayd etilgan. Boshqa holatlarda esa, akkauntga boshqa qurilmadan kirilgani haqida soxta xabarlar yuborilib, foydalanuvchilar shubhali havolalar orqali qalbaki sahifalarga yo`naltirilmoqda.