«Biznesni rivojlantirish banki» ATB tomonidan tadbirkorlar va aholi uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Xususan, shu kunlarda «Biznesni rivojlantirish banki» ATB ta`sischiligida yangi «BRB Lizing» mas`uliyati cheklangan jamiyati o`z faoliyatini boshladi.
Yangi tashkil etilgan «BRB Lizing» MChJ tadbirkorlik sub`ektlari hamda aholiga zamonaviy asbob-uskunalar, texnikalar, transport vositalari va boshqa asosiy vositalarni lizing va bo`lib to`lash shartlari asosida etkazib berish orqali qo`llab-quvvatlashga qaratilgan.
«BRB Lizing» MChJning tashkil etilishi munosabati bilan Navoiy viloyatida tadbirkorlar va aholi uchun mo`ljallangan zamonaviy texnika hamda kichik uskunalarning yirik ko`rgazmasi tashkil etildi.
Unda mamlakatimizda va xorijda ishlab chiqarilgan turli xil ilg`or uskunalar namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarga ularning imkoniyatlari yaqindan tanishtirildi.

Ko`rgazmada tadbirkorlar va aholi o`z biznesini boshlashi yoki kengaytirishi uchun quyidagi qulay shartlar asosida moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Mikrolizing va lizing xizmatlarining shartlari:
Moliyalashtirish miqdori: mikrolizing doirasida 300 mln so`mgacha.
Muddati: 12 oydan 84 oygacha.
Boshlang`ich to`lov (badal): uskuna qiymatining kamida 20 foizi.
Yillik foiz stavkasi: boshlang`ich to`lovga bog`langan holda 14 foizdan 24 foizgacha (komissiya qarori bilan belgilanadi).

Jamiyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Kichik va o`rta biznes vakillari, shuningdek, o`z faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarga uzoq muddatli lizing xizmatlarini ko`rsatish;
O`zini o`zi band qilgan fuqarolar va aholiga shaxsiy ehtiyojlari hamda kichik biznes uchun zarur bo`lgan asbob-uskunalarni bo`lib to`lash asosida ijaraga va lizingga berish;
Xalqaro moliya institutlari va donorlarning imtiyozli mablag`larini jalb etgan holda zamonaviy lizing ob`ektlarini xarid qilish;
Lizing ob`ektlarining texnik holatini tizimli monitoring qilish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish.
Ta`kidlash joizki, bu kabi ko`rgazma va taqdimotlar hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o`tkazilmoqda. Eng muhimi, mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida ko`rgazma hududining o`zida kredit rasmiylashtirish va boshqa qator zamonaviy bank mahsulotlaridan foydalanish imkoniyati ham yaratilgan.