Har bir olimga umrbod ilmiy raqam beriladi, sohada yagona elektron reestr yaratiladi

06.11.2026 11:21

Ilmiy-tadqiqot va innovasion faoliyat bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar hamda olimlarning yagona elektron hisobini yuritish tizimi yo`lga qo`yiladi. Bu orqali ilmiy sohada faoliyat yuritayotgan sub`ektlarni ro`yxatga olish, ular haqidagi ma`lumotlarni jamlash va davlat tomonidan taqdim etiladigan imkoniyatlardan foydalanish tartibi yanada tizimlashtiriladi.
 
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 31 oktyabrdagi 604-son qarori bilan ilmiy va innovasion yo`nalishda faoliyat yurituvchi sub`ektlarning Reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to`g`risidagi Nizom tasdiqlandi. Hujjat 3 noyabr kunidan kuchga kirgan.


Yangi tartibga ko`ra, Reestrni Ta`lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi maxsus axborot tizimi orqali yuritadi. Unga O`zbekistonda yuridik shaxs sifatida davlat ro`yxatidan o`tgan hamda «Yagona milliy mehnat tizimi»da mavjud bo`lgan ilmiy va innovasion faoliyat sub`ektlari kiritiladi. Tashkilotning faoliyat yo`nalishi uning ilmiy va innovasion faoliyat belgilari asosida aniqlanadi.
 
Reestrga kirish uchun tashkilot rahbari yoki uning asosiy shtatda ishlovchi mas`ul xodimi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza yuborishi mumkin. Buning uchun belgilangan shakldagi so`rovnoma va tashkilotni Reestrga kiritish hamda uning nomidan ish yuritadigan mas`ul xodimni belgilash haqidagi murojaat xati taqdim etiladi.

 Davlat xizmati bepul ko`rsatiladi. Ariza qabul qilingan kundan boshlab to`rt ish kuni ichida ko`rib chiqiladi. Hujjatlarda kamchilik aniqlansa, ularni bartaraf etish uchun uch ish kuni beriladi. Belgilangan talablarga javob bergan ariza bo`yicha ijobiy xulosa chiqarilganidan keyin bir ish kuni ichida tashkilotni Reestrga kiritish tasdiqlanadi. Tashkilot ro`yxatga olingani haqidagi ma`lumotnomani elektron tarzda olishi mumkin.
 
Shuningdek, ilmiy va innovasion faoliyat bilan shug`ullanuvchi jismoniy shaxslarga ilmiy identifikasiya raqami beriladi. Ushbu raqam bir marta ajratiladi va shaxsning butun ilmiy faoliyati davomida o`zgarmaydi. Shu tariqa olimning shaxsiy ma`lumotlari o`zgargan taqdirda ham uning ilmiy identifikasiya raqami saqlanib qoladi. Raqam berish ham bepul amalga oshiriladi.


Reestrga kiritilish tashkilotlar uchun shunchaki ro`yxatdan o`tish bilan cheklanmaydi. Ular Innovasion rivojlanish agentligi tomonidan joriy etilgan tegishli axborot tizimlaridan, jumladan, shaxsiy kabinetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu esa ilmiy va innovasion loyihalar, tanlovlar hamda sohaviy dasturlarda ishtirok etish uchun zarur axborot infratuzilmasidan foydalanishga yo`l ochadi.
 
Yangi tizimni bosqichma-bosqich ishga tushirish belgilangan. Jumladan, 2027 yil 1 yanvarga qadar Reestrni shakllantirish va yuritishga mo`ljallangan maxsus axborot tizimi ishlab chiqiladi. 2027 yil 1 fevralga qadar tashkilotlarni ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo`lga qo`yiladi. 2027 yil 1 aprelga qadar esa Reestrga kiritilgan tashkilotlarning ma`lumotlari asosida ilmiy va innovasion faoliyatga oid yagona elektron baza ishga tushiriladi.


Mazkur baza orqali sohadagi ma`lumotlar umumlashtirilib, statistik ko`rsatkichlar shakllantiriladi va ular idoralararo integrasiya platformasi orqali Milliy statistika qo`mitasiga taqdim etib boriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар