Arxeologiya yodgorligini sotib, 1,5 trln. so`m moddiy zarar etkazgan sobiq hokim javobgarlikka tortilmadi. Faqat sotib olganlar tergovda

02.02.2022 15:56

Parkent tumanining sobiq hokimi N.Muxammedov amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion orqali arxeologik erni sotib yuborgani aniqlandi. Tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi ochilgan bir vaqtda, bu ishning boshida turgan sobiq hokimga chora ko`rilayotgani yo`q. 

Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar er maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B” MChJga xom g`isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun sotilgan.

Aniqlanishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019  yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy Ro`yxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu ob`ekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B” MChJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.P.M” MChJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik sub`ekti ham o`z navbatida, bu ob`ektda xom g`isht ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan.

Mazkur sex uchun xom-ashyo, ya`ni tuproq mahsulotini etkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MChJ o`z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar etkazilgan.

Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy madaniy meros boshqarmasi 2020 yilda etkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko`rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so`rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan. Shunga qaramasdan, MChJ mas`ullari o`zlarini faoliyatini davom ettirib kelgan.

O`rganishlar davomida olingan dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, “U.P.M.” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi xududida xom g`isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning ob`ektiga 1,5 trln. so`m miqdorida moddiy zarar etkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko`rilishini ta`minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentlik tomonidan to`plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, 2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.P.M.” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “A” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilayotgani to`g`risida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda. 

Lekin ushbu ishning boshida turgan Parkent tuman hokimligiga nisbatan nima uchun hech qanday  chora ko`rilmayapti? Sobiq hokim qonunga zid ravishda erni sotmaganda, tadbirkor ham bu erni qo`lga kiritolmas va yodgorlikka zarar etmasmidi? Tadbirkorni jazolayotgan qonun, Parkent tumani sobiq hokimi N. Muxammedovga kelganda kuchsizmi? Arxeologik obektlarni bemalol auksinga qo`yish mumkin ekanda? Bunday holatlar faqat sotilgandan va yo`q qilingandan keyingina aniqlanadimi? Nega vaqtida to`xtatish choralari ko`rilmagan. Bu savollarga mutasaddilar jo`yali javob bera oladi degan umiddamiz. Bu moddiy madaniy merosimiz sotilishi bilan bog`liq birinchi xolat emas. 

Saytimizda milliy moddiy madaniy meros ob`ektlarini sotilishiga oid bir qator materiallar e`lon qilingan.

Madaniy meros sifatida ro`yxatga olingan DXX sobiq binosining sotilishi qonunga xilof

Geologiya muzeyi sotilmaydi. Rost24.uz sayti xalq mulkini sotilishidan saqlab qoldi

Abdulaziz Komilovning o`g`li uchun noqonuniy ishlar qonuniylashtirildi

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар