O`zbekistonda so`z erkinligini mustahkamlash, jurnalistlar xavfsizligini ta`minlash va zamonaviy media muhitini rivojlantirish yo`lidagi islohotlar xalqaro muloqotning muhim mavzusiga aylanmoqda. Bu masalalar O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegasiyasi hamda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo`yicha vakili, elchi Yan Braatu o`rtasida Vena shahrida bo`lib o`tgan uchrashuvda ham diqqat markazida bo`ldi.
Uchrashuvda O`zbekistonning EXHT institutlari, xususan, Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo`yicha vakil mandati doirasidagi faoliyatga alohida e`tibor qaratayotgani ta`kidlandi. Mamlakatning so`z erkinligini mustahkamlash, media sohasini rivojlantirish hamda EXHT doirasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga sodiqligi qayd etildi.

Muloqot davomida O`zbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan islohotlarga alohida e`tibor qaratildi. Xususan, axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunchilikni yangilash, uni xalqaro standartlar va zamonaviy texnologik talablarga muvofiqlashtirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlar muhokama qilindi.
Yan Braatu ushbu yo`nalishdagi tashabbuslarning ahamiyatini qayd etib, media sohasidagi islohotlar ochiqlik, shaffoflik va jurnalistlarning kasbiy mustaqilligini ta`minlash tamoyillari bilan uyg`un tarzda amalga oshirilishi zarurligiga e`tibor qaratdi.
O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalistlar manfaatlarini ta`minlash, OAVlarni moliyaviy qo`llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi. Xususan, O`zbekiston jurnalistlarining kasbiy etikasi kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani va hozirda qizg`in muhokama qilinayotgani ma`lum qilindi.
Mazkur tashabbusning ahamiyatiga to`xtalar ekan, Yan Braatu jurnalistikada kasbiy mas`uliyat, xolislik va ishonchlilik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligini ta`kidladi.
“Bu tashabbus axborot makonida kasbiy mas`uliyat, xolislik va ishonchlilik mezonlarini mustahkamlash, jurnalistikaning professional standartlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, jurnalistlar xavfsizligini ta`minlashga oid EXHT Vazirlar kengashining 3/18-sonli qarorida belgilangan majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etish borasida O`zbekiston oldinga qadam tashlamoqda”, — dedi Yan Braatu.
Muloqot davomida O`zbekistonda mazkur yo`nalishda amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar, jumladan, milliy qonunchilikni takomillashtirish, jurnalistlar xavfsizligini mustahkamlash va ularning kasbiy faoliyati uchun qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegasiyasi Avstriya media akademiyasi, Jurnalistika va media bo`yicha Vena forumi markazi, Avstriya matbuot nashrlari uyushmasi rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o`tkazdi hamda Krems shahridagi “IMC” amaliy fanlar universiteti faoliyati bilan tanishdi.