Toshkent va atrofidagi issiqxonalar uchun yangi ekologik talablar joriy etiladi

23.10.2026 14:40

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxona xo`jaliklari uchun maxsus ekologik tartib belgilandi. Yangi talablarga ko`ra, issiqxonalarni ko`mir va boshqa qattiq yoqilg`ilardan muqobil energiya manbalariga o`tkazish, havoga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni nazorat qilish hamda ekologik uskunalar bilan jihozlash choralari ko`riladi.


Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 oktyabrdagi 586-son qarori bilan maxsus hududda joylashgan qattiq yoqilg`ida ishlovchi issiqxonalarga qo`yiladigan ekologik talablar to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo`l, Zangiota va Toshkent tumanlari maxsus ekologik tartib joriy etiladigan hudud sifatida belgilandi.


Yangi tartibga ko`ra, isitish tizimiga ega bo`lgan issiqxonalar tabiiy yoki suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo`ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishi lozim. Hozirda ko`mir, briket yoki biomassa pelletlarida ishlayotgan issiqxona xo`jaliklari 2026 yil 1 dekabrga qadar isitish tizimini belgilangan muqobil manbalarga o`tkazishi kerak.

Shu bilan birga, qattiq yoqilg`idan foydalanish ayrim shartlar asosida davom ettirilishi mumkin. Buning uchun qozon qurilmalari yoqilg`ini uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi, shuningdek, chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlanishi shart. Issiqxonalarda uzluksiz avtomatik monitoring tizimi o`rnatilib, u Ekologiya qo`mitasining axborot tizimlariga integrasiya qilinishi lozim. Bundan tashqari, uskunalar muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lishi, onlayn kuzatuv kameralari, quvvat manbai va zaxira generatori o`rnatilishi, hosil bo`lgan chiqindilar esa belgilangan tartibda utilizasiya qilinishi talab etiladi.


Issiqxonalarda shina, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy hamda ishlab chiqarish chiqindilarini yoqish qat`iyan taqiqlanadi. Shuningdek, tarkibi o`xshash bo`lgan boshqa materiallardan ham yoqilg`i sifatida foydalanishga ruxsat berilmaydi.


Issiqxona xo`jaliklarining yangi talablarga moslashishini engillashtirish maqsadida moliyaviy qo`llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2028 yil 1 yanvarga qadar chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejamkor ekranlar va muqobil energiya asosida ishlaydigan isitish tizimlarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bunda har bir gektar uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 50 million so`mdan oshmaydi.


Avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilishni istagan issiqxonalar uchun ham alohida moliyaviy mexanizm joriy etiladi. Uch tomonlama shartnoma asosida har bir stansiya uchun 350 million so`mgacha bo`lgan mablag` etti yil muddatga foizsiz bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan moliyalashtiriladi.


2026–2027 yillarda elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, kogenerasiya asosidagi isitish tizimlariga o`tish loyihalari uchun tijorat banklari orqali kreditlar ajratiladi. Kreditlar etti yil muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada beriladi. Moliyalashtirish loyiha qiymatining 50 foizigacha qismini qamrab oladi, har bir gektar uchun kredit miqdori esa 3 milliard so`mdan oshmaydi. Ko`rsatilgan stavka tarkibida bank marjasi 4 foizni tashkil etadi.

Belgilangan ekologik talablarga javob bermaydigan issiqxona xo`jaliklariga 2026 yil 1 dekabrdan boshlab davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi berilmaydi. Avval berilgan xulosalarning amal qilishi ham belgilangan tartibda vaqtincha to`xtatilishi mumkin. Bunday holatlarda issiqxonalarni elektr energiyasi, gaz va suv ta`minotidan uzish choralari ko`riladi.


Maxsus hududdagi issiqxona xo`jaliklarida nazorat va monitoring ishlari har yili 15 oktyabrdan 15 martga qadar o`tkaziladi. Agar inson hayoti va sog`lig`iga yuqori xavf tug`diruvchi omillar aniqlansa, issiqxona faoliyati yoki ifloslantiruvchi manba 10 kungacha vaqtincha to`xtatib turilishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар