Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov ta`qibga uchrayotganini ma`lum qildi
Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov 16 oktyabr kuni Fransiyadagi FEDIDA ASSOCIES yuridik firmasi orqali rasmiy bayonot tarqatib, atrofidagi shov-shuvli voqealarga munosabat bildirdi.
«So`nggi 18 oy davomida men va oilam jinoiy va noqonuniy deb hisoblaydigan bir qator hujumlarga duchor bo`ldik. Men ushbu bayonotni noto`g`ri ma`lumotlarni to`g`rilash va ushbu voqealarning haqiqiy tafsilotini bayon qilish maqsadida e`lon qilmoqdaman», — deyiladi bayonotda.
Parijdagi ikki kunlik dahshat
Tadbirkorning so`zlariga ko`ra, 2025 yil 24 iyun kuni u Parijda noma`lum shaxslar tomonidan o`g`irlab ketilgan. Olimov ikki kun davomida tutqunlikda saqlangani, qiynoqqa solingani va ozodlikka chiqishi uchun tovon puli to`lashga majbur bo`lganini ma`lum qildi.
Uning bildirishicha, Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari ushbu voqea yuzasidan tergov olib borib, besh nafar gumonlanuvchini hibsga olgan. Yana ikki kishi sud nazorati ostida ekani aytilmoqda. Biroq bu shaxslarning hozirgi prosessual maqomi haqida mustaqil tasdiqlangan ma`lumotlar taqdim etilmagan.
Jabrlanuvchidan ayblanuvchiga?
Voqeaning eng bahsli jihati shundaki, Fransiyada o`zini odam o`g`irlash qurboni deb hisoblayotgan Olimov O`zbekistonda aynan odam o`g`irlash bilan bog`liq jinoyat ishi doirasida qidiruvga berilgan.
Sentyabr oyida Interpol saytida tadbirkorga nisbatan «qizil xabarnoma» paydo bo`lgan. Biroq oktyabr oyi o`rtalariga kelib ushbu xabarnoma ochiq bazadan yo`qolgan. Olimov bu holatni o`ziga qarshi tashkil etilgan navbatdagi bosim sifatida baholamoqda.
«Odam o`g`irlash qurboni o`zim bo`lsam-da, endi meni odam o`g`irlashda ayblashmoqda. Bu to`qib chiqarilgan ayblovlarni qat`iyan rad etaman», — dedi tadbirkor o`z bayonotida.
Mojaro ortida moliyaviy nizo bormi?
The Insider nashri manbasi mazkur voqealar Qahramonjon Olimov va uning sobiq ish beruvchisi, «Kapitalbank» asoschisi Botir Rahimov o`rtasidagi eski moliyaviy kelishmovchiliklar bilan bog`liq bo`lishi mumkinligini bildirgan.
Biroq bu taxmin hozircha rasman isbotlangan emas. Olimovning o`zi esa unga nisbatan nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy va obro`sizlantirishga qaratilgan harakatlar ham olib borilayotganini ta`kidlamoqda.