Raqobat qo`mitasi dori vositalarini majburiy qo`shib sotish holatlari bo`yicha ogohlantirdi

23.10.2026 14:46

 Raqobat qo`mitasi farmasevtika sohasida ulgurji distribusiya bilan shug`ullanuvchi korxonalarni ogohlantirdi. So`nggi vaqtlarda talab yuqori bo`lgan dori vositalarini xarid qilishda dorixonalarga boshqa preparatlarni ham majburiy ravishda sotish holatlari yuzasidan shikoyatlar ko`paygan. Qo`mita bu kabi harakatlar raqobat to`g`risidagi qonunchilik talablariga zid bo`lishi mumkinligini bildirmoqda.


Ma`lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki to`qqiz oyida O`zbekistonga 305 ta korxona tomonidan dori vositalari import qilingan. Shundan 47,2 foizi beshta yirik importyor hissasiga to`g`ri kelgan.
 
Qo`mita tahlillariga ko`ra, dorixonalar tarmog`ida ham sezilarli o`zgarishlar kuzatilmoqda. 2023 yilda mamlakatda jami 13 744 ta dorixona faoliyat yuritgan bo`lsa, 2024 yilda bu ko`rsatkich 13 010 tani tashkil etgan. 2026 yil 1 oktyabr holatiga kelib, dorixonalarning umumiy soni 14 598 taga etgan.


Shu bilan birga, chakana dorixonalarning asosiy shoxobchalari soni qisqarib, filiallar soni ortgan. Jumladan, 2023 yilda 8 584 ta asosiy dorixona va 4 639 ta filial mavjud bo`lgan. 2026 yil 1 oktyabrga kelib, asosiy dorixonalar soni 7 940 taga tushgan, filiallar esa 6 209 taga etgan. Bu davrda ulgurji dorixonalar soni ham 521 tadan 449 taga kamaygan.


Qo`mita ta`kidlashicha, ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar tomonidan xaridorlarga talab yuqori bo`lgan preparatlarni sotib olish uchun qo`shimcha ravishda boshqa, ular buyurtma qilmagan dori vositalarini ham olish sharti qo`yilayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda. Bunday amaliyot kichik tadbirkorlik sub`ektlarining iqtisodiy manfaatlariga zarar etkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va bozordagi raqobatga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.
 
«Raqobat to`g`risida»gi qonunning 14-moddasida ustun muzokara kuchi tushunchasi belgilangan. Unga ko`ra, bozorda ustun mavqega ega bo`lmagan korxona yoki shaxslar guruhi ham bitim shartlari, tovarlar sotiladigan hudud yoki narxlarni belgilashga bir tomonlama ta`sir ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`lishi mumkin.


Qonunning 18-moddasida esa ustun muzokara kuchini suiiste`mol qilish holatlari nazarda tutilgan. Jumladan, tovarlarni sotish yoki xarid qilishda kamsituvchi shartlarni belgilash, narxlarning oshishiga yoki iste`molchilar manfaatlariga zarar etkazilishiga olib keladigan tarzda tovarlar muomalasi hajmini qisqartirish, shuningdek shartnoma tuzish uchun xaridorga qo`shimcha majburiyatlar yuklash shular jumlasidandir.


Xususan, xaridorni o`ziga kerakli dori vositasini olish uchun boshqa preparatlarni ham sotib olishga majburlash yoki uning boshqa etkazib beruvchilar bilan ishlashini cheklash raqobat qonunchiligi nuqtai nazaridan baholanishi mumkin.


Qonunchilik talablari buzilgan taqdirda, tegishli korxonalarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo`llanilishi mumkin. Qo`mita ma`lumotiga ko`ra, bunday huquqbuzarliklar uchun jarima miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo`lmagan muddatda tovarlarni realizasiya qilishdan olingan tushumning 5 foizini tashkil etadi.


Ayni paytda, Raqobat qo`mitasi dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo`yilishi bilan bog`liq holatlarni o`rganmoqda. Agar talab yuqori bo`lgan preparatlarni xarid qilishda buyurtma berilmagan boshqa tovarlarni ham majburiy sotib olish sharti qo`yilgani aniqlansa va bu harakatlar qonunbuzilish deb topilsa, aybdor xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo`llanilishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар