Mana O`zbekistonda korrupsiyaga munosabat
Xorazm viloyati hokimining kapital qurilish, kommunikasiyalar, kommunal xo`jalik va obodonlashtirish masalalari bo`yicha o`rinbosari Bahrom Qurbonov bir yil avval korrupsiyada ayblangan.
Bu bo`yicha batafsil ma`lumot olish uchun Rost24.uz sayti ikki tomonni ham o`rgandi.
Xorazm viloyatida viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qiymati 20,4 milliard so`mlik Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish ob`ekti o`rganilganida tender g`olibi bo`lgan tashkilot ta`sischisi Xorazm viloyati hokimi o`rinbosari ekani ma`lum bo`lgan. Shuningdek, tender komissiyasi raisi uning yaqin qarindoshi, ya`ni tug`ishgan ukasi ekani oshkor bo`lgan.
Bu bo`yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati bir necha bor ma`lumot bergan. Shu bilan birga agentlik Xorazm viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi viloyat hokimligi yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi bilan qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi tergovi jarayonida viloyat hokimi o`rinbosari B.Qurbanov, Xorazm viloyati hokimligi yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi direktori Q.Raximov va boshqalarning xatti-harakatlarini tergov yo`li bilan tekshirib, qonuniy baho berish yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasiga so`rovnoma yuborgan edi. Lekin, bu ish natijalari hamon agentlikka ma`lum emas.
Bu ma`lumot 1 yil oldin ochiqlangan va etakchi ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka e`lon qilingan edi. Shu bilan birga bugun, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o`tkazilgan brifingda ushbu korrupsion holat yana qayta aytib o`tildi.
Xo`sh, bu bo`yicha qanday chora ko`rilgan? Buni aniqlash uchun Xorazm viloyati matbuot xizmati bilan bog`landik.
"Bu ish 5-6 oy oldin bo`lib o`tgan edi. Bu eski narsa nega yana qayta xabar tarzda chiqayotganini men bilmadim", – dedi Xorazm viloyati matbuot xizmati rahbari Odilbek Adambaev.
“Bu ish bo`yicha hokim o`rinbosari ishdan olindimi”, deb bergan savolimizga esa, "Yo`q, hali ham hokim o`rinbosari Bahrom Qurbonov o`z vazifasida ishlamoqda", dedi O.Adambaev. Rekonstruksiya hali ham davom etayotgan yoki yo`qligi bo`yicha ma`lumoti yo`qligini bildirdi.
Bir yil oldin aniqlangan korrupsion holatga nisbatan hali-hanuz biron-bir chora ko`rilmaganligi, qiziq...
Mansabdorlarning bu korrupsion holati yuzasidan bosh prokuraturadan munosabat kutib qolamiz.
*****
Mavzuga oid maqolalar:
Xorazmda barcha bank boshqaruvchilari ishdan olindi
Xorazmdagi ko`zbo`yamachilik holatini deputatlar ham tasdiqladi