Hech bir mansabni eplolmagan Davron Hidoyatov Chirchiq shahar hokimligini eplay oladimi?

19.11.2021 13:03

Rost24.uz sayti Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi lavozimini egallaganda unga nisbatan ishonchsizlik bildirib, bir qator dalillarni sabab qilib ko`rsatgan edi. (Qo`mita raisi va tuman hokimligini eplolmagan Davron Hidoyatov Toshkent viloyatida hokimlik qilmoqda)

Beshinchi marotaba lavozimi almashgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimligidan ham bo`shatilib, Chirchiq shahri hokimi etib tayinlandi. Bir nechta lavozimlarda karomat ko`rsata olmagan Davron Hidoyatov sanoat zonalaridan biri bo`lgan va ayni damda katta o`zgarishlarga muhtoj bo`lgan tumanda ijobiy yangiliklar qila oladimi?

Kutilgandek, u viloyat hokimligi vazifasidan ozod etildi. Ammo, uning yangi egallagan hokimlik o`rni ham o`ta mas`uliyatli.

Davron Hidoyatovni Chirchiqda qanday faoliyat olib borishiga baho berish uchun uni shu bugungacha bosib o`tgan yo`liga nazar solishning o`zi kifoya.

Bir necha bor tanqid ostiga olingan, o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajara olmagani uchun yuqori lavozimlardan ishdan bo`shatilgan, bugun esa Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ham ozod etilgan Davron Abdufattoxovich Hidoyatovning amaldorlik karerasiga nazar tashlaymiz.

Ilk mag`lubiyat

Davron Hidoyatov mansab pillapoyalarini 2014 yildan 2017 yilga qadar “Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish” davlat qo`mitasi raisi lavozimidan boshlagan va aynan ilk qadamdayoq Prezidentdan dakki eshitib mansabdan olingan.

2017 yilning aprel oyida o`tgan videoselektor majlisida shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoev Davron Hidoyatovni keskin tanqid qilgan holda, uning faoliyatidan norozi ekanini bildirgan. 

Jumladan, qo`mita va uning tarkibiy bo`linmalari faoliyatida samarali natijalarga erishilmagani, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 yanvardagi majlisida berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan amaliy kompleks chora-tadbirlar ko`rilmagani hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasini puxta ishlab chiqishdagi shaxsiy intizomsizligi uchun Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi lavozimidan bo`shatgan edi.

Ikkinchi mag`lubiyat: amalga oshmagan “Bosh reja”

Shundan so`ng tanqid qilingan amaldor Hidoyatov Toshkent shahrining Chilonzor tumaniga hokim etib tayinlangan. Ammo shu tuman hokimi davrida ham (2018 yil) faoliyatidagi kamchiliklar sababli yana ishdan olinib, Chilonzor tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi darajasiga tushirilgan.

Biroq qisqa davrda ish davomidagi kamchiliklari tufayli vazifasini bajaruvchisi bo`lib ishlayotgan Hidoyatov shu yilning o`zida (2018 yil) Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi yig`ilishda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikasiyalarni rivojlantirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimiga tayinlandi va 2018 yildan 2021 yilga qadar ishlab keldi. Bu yillar davomida Toshkent shahrida katta “snos”lar amalga oshirildi, qurilishlar avj oldi. Xuddi shu davrda deputat Rasul Kusherbaev tomonidan ham fuqarolarning xususiy mulkchiligi daxlsizligi shahar hokimiyati tomonidan qo`pol ravishda buzib kelingan va fuqarolar rozi qilinmasdan “snos” qurboni bo`lgan. Bu kamchilikni o`z vaqtida Ortiqxo`jaev ham qayd etgan edi.

Davron Hidoyatov shu davrda Toshkent shahrining bosh rejasi uchun javobgar amaldor ham bo`lgan. U o`z vaqtida, ya`ni 2019 yil oktyabr oyida poytaxtning bosh rejasi 2020 yilda tayyor bo`lib, jamoatchilik va hukumatga taqdim etilishi haqida ma`lum qilgan edi. Ammo, oradan shuncha vaqt o`tgan bo`lsa-da, barchaning diqqat markazida turgan Toshkent bosh rejasi hamon tasdiqlangani yo`q.

Hokimlikdagi yagona shov-shuv: maktablar tang ahvolda lekin, haykalimiz bor

2021 yil mart oyiga kelib Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Toshkent viloyatining sobiq hokimi chiqargan ba`zi bir qarorlari ham ijtimoiy tarmoqlarda keskin bahslarga sabab bo`lgan. Jumladan, joriy yil 6 noyabrda Davron Hidoyatov Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova haykal majmuasini qurish uchun 28,4 milliard so`m mablag` ajratish bo`yicha qaror chiqardi. Unga ko`ra, jami 34,4 milliard so`m mablag` Toshkent viloyati mahalliy byudjetining 2021 yil III-chorak yakunida shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan “Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi” DUKka ajratiladi. Vaholanki bu haykal 2020 yil Toshkent shahridagi G`alaba bog`i markazida ochilgan, shuningdek Zulfiya Zokirovaga bag`ishlab badiiy film ham yaratilgan edi. Aholida mana shu kabi noroziliklarga sabab bo`lgan tashabbuslar muallifi Davron Hidoyatov prezident tomonidan innovasiyalar va investisiya shahriga aylantirish zarur bo`lgan Chirchiqqa hokim etib tayinlandi. U shaharni innovasiyalar va investisiya shahriga aylantira oladimi?

Chirchiq shahar bosh rejasini Davron Hidoyatov amalga oshira oladimi?

Tegishli qarorlarga ko`ra Chirchiq shahri va Toshkentni bog`lovchi metro yo`lga qo`yilishi va yana bir qator yangiliklar amalga oshirilishi zarur. Bu haqida vazirlar mahkamasining qarori bor.

Unga ko`ra, shaharning atrof-muhitini muhofaza qilish tizimini ishlab chiqish;

Chirchiq daryosi o`zanini obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish;

aholining fuqarolik muhofazasi bo`yicha muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish;

birinchi navbatda quriladigan massivlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish;

uy-joy qurilishlarini va boshqa ob`ektlarini ekologiya jihatidan noqulay hududdan boshqa joyga ko`chirish tadbirlarini amalga oshirish;

o`z funksiyalari bo`yicha ushbu hududda joylashishga muvofiq bo`lmagan ob`ektlarni rekonstruksiya qilinadigan shahar markazidan bosqichma-bosqich ko`chirish kabi ishlarni amalga oshirish lozim.

Mazkur yirik rejani amalga oshirishda Davron Hidoyatovga ishonch bildirildi. Biroq, biz Davron Hidoyatovning shuncha vakolatli vazifalari davrida – bankirlikdan hokimlikkacha bo`lgan yo`lida favqulodda qilgan yirik ijobiy o`zgarishni izlab topa olmadik. Aksincha, uning ikki bor rahbarlik lavozimini egallab turgan vaqtida tanqid qilingani va lavozimidan pastlaganiga guvoh bo`ldik.

*****

O`xshash maqolalar:

Toshkent viloyatida hokimlik Prezident farmoni bilan nayrang ishlatib, 12 ming aholini maktabsiz qoldirmoqda

Prezident tashabbuslarini oyoq osti qilish, faqat Toshkent viloyati hokimlarining qo`lidan keladi

O`zbekistonda atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning 50 foizi Toshkent viloyatiga tegishli

TAHLIL: Zoir Mirzaev Toshkent viloyatini Qashqadaryo darajasiga olib chiqish uchun keldimi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.11.2021 18:16
Bo'ldi-da endi: uyat ham katta qishloq