Prezident topshirig`i bajarilishi uchun “bir zumda” tashkil etilgan xizmat mohiyatan ham qo`yilgan talablarga javob bera oladimi?
Rost24.uz muxbiri 24 sentyabrda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Respublikada ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil maydonlarni kengaytirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusi yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan Toshkent shahar Inspeksiya boshlig`i Qahramon Ro`zimovdan bugungi kunda daraxtlarning noqonuniy kesilishi va yangi ishga tushgan “Ekopatrul xizmati” vazifalari bo`yicha savollarga batafsil javob olindi.
– Toshkentda “daraxtlar qolmaganda” Ekopatrul xizmati nimani himoya qiladi? Asosiy vazifasi nimadan iborat?
– Bugungi kunda asosan ekologik qonun buzilishlarning oldini olish, o`simlik dunyosi, suv, er, havo kabi har bitta ekologiyaga aloqador narsalarga nisbatan qonun buzilishlarini oldini olish Ekopatrulning asosiy vazifasi hisoblanadi. Qonunbuzarlikning oldini olish uchun esa aholiga tushuntirish ishlarini ham olib boradi. Bu bo`yicha esa bugungi kunda ishlar boshlangan va tun-u kun bu xizmat ishlamoqda.
– Toshkent “qurigan archalar qabristoni”ga o`xshaydi. Ekilib qurib ketayotgan daraxtlarga ham bu xizmat javob beradimi?
– Daraxtlarni qurishini oldini olish Ekopatrul xizmatiga vazifasiga kirmaydi. Qurigan archalarga nisbatan Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasi bor. Ana shu tashkilot daraxtlarni dorilash, sug`orish kabi ishlarni amalga oshiradi. Bu vazifa ularga yuklangan.
– Rekonstruksiya qilinayotgan parklarga Ekopatrul xizmati mashinada kirib tekshirish huquqiga egami?
– Avvalambor, bunday parklar Toshkent shahar “Ekologiya inspeksiyasi”ning nazoratida bo`ladi. Inspektorlar nazorat qilib boradi. Agar mabodo aholi tomonidan shikoyat kelib tushadigan bo`lsa, Inspeksiya bilan birgalikda kirib, shunga nisbatan chora ko`rish imkoniyati bor.
– Bu xizmat viloyatlarda ham yo`lga qo`yiladimi?
– Bu loyiha barcha viloyatlarning markazlarida amalga oshiriladi va hozirdan ishga tushirilmoqda.
– Qishloqlarimizda gaz etishmovchiligi tufayli qish kirishi hech kimdan so`ramay daraxtlarni o`tin qilish boshlanadi. Bunga ham ekopatrul xizmati qaraydimi?
– Ekopatrul xizmati faqatgina Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi qonunbuzarliklarning oldini oladi. Chunki shahar joylarda qonunbuzilish ishlari ko`p. Keyinchalik balki chekka qishloqlarga ham chiqilar…
– Fuqarolar bu xizmatni telefon qilib chaqirish imkoniyatiga ega bo`ladimi?
– Ekopatrulni saytiga “goryachiy liniyasi” qo`yildi. Har bir viloyat va tumanni raqami qo`yiladi. Xalq shu raqamlar orqali telefon qilib foydalanishi mumkin. 102 ga bog`laymiz, ya`ni Ichki ishlarga qanday qilib bog`lansa, bunga ham xuddi shunday qilib bog`lanadi. Ekologiyaga oid qanday holat bo`lsa ham Ekopatrulga telefon qilib chaqirsa bo`ladi. 4 ta raqamlik nomer qo`yiladi.
Ekopatrul xizmati mana shunday ishlarni bajarishi nazarda tutilmoqda. Noqonuniy daraxt kesilishlari juda ko`plab bo`lib, shahar “cho`lga aylangandan” keyin bu xizmat ishga tushdi. Balki bundan keyingi noqonuniy kesilishlarning oldi olinar, agar shahrimizda daraxt qolgan bo`lsa..?!
Respublika bo`yicha 8 oy mobaynida 3149 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 5115 dona daraxt kesilgan. Bundan esa 4,5 milliard jarima, 7 milliard 800 dan ko`p kompensasiya hisoblangan. Bu raqamlarni “Ekologiya qo`mitasi” oshkor qildi. Lekin nimaga mana shu ko`rsatkichlar haligacha Davlat statistika qo`mitasiga oshkora taqdim etilmayapti?
Respublikamizda, ayniqsa, Toshkent shahrida daraxtlar turli qurilishlar tufayli “shunchaki” kesib tashlandi. Buni esa oddiy aholi qilmadi, davlat organlari tomonidan qurilish uchun ajratildi. Bunga esa Ekologiya qo`mitasi jimgina qarab turganday bo`ldi. Balki...
Lekin bugungi bergan va`dalar, qilinajak ishlar rejasi ochiqlandi. Natijasini kuzatamiz. Muhimi xalqimiz uchun toza ekologik muhit kerak.
*****
Mavzuga oid maqolalar:
Ekologiya qo`mitasi noyob hayvonlarning oziqlanishiga yordam ko`rsatadimi?