Butun dunyoda 900 millionga yaqin odam — ya`ni 1,1 milliard qashshoq aholining 80 foizi — kuchli issiqlik to`lqinlari, toshqin, qurg`oqchilik va havoning ifloslanishi kabi og`ir iqlim o`zgarishlaridan aziyat chekmoqda. Bu haqda BMTning yangilangan Ko`p yo`nalishli global qashshoqlik indeksi (MPI) asosida tayyorlangan hisobotda ma`lum qilindi.
Hisobot BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda Oksford universiteti huzuridagi Qashshoqlik va inson taraqqiyoti tashabbusi tomonidan, Braziliyada bo`lib o`tadigan COP30 iqlim anjumani oldidan e`lon qilingan.
Tadqiqot mualliflariga ko`ra, 651 million odam bir vaqtning o`zida ikki yoki undan ortiq iqlim muammosi xavfi ostida yashaydi. 309 million kishi esa uch yoki to`rt xil xavfga duchor holda hayot kechiradi.
«Qashshoqlik endi faqat iqtisodiy-ijtimoiy muammo emas. U iqlim inqirozi bilan chambarchas bog`liq holda yanada kuchaymoqda», degan UNDP rahbari vazifasini bajaruvchi Xaolyang Xu.
Eng og`ir holat Janubiy Osiyo va Sahroi Kabir janubidagi Afrika hududlarida kuzatilmoqda. Ayniqsa Janubiy Osiyoda vaziyat jiddiy: bu mintaqadagi 380 millionga yaqin qashshoq aholi (99 foiz) — bir xil iqlim muammosiga duch kelmoqda, 91 foizdan ortig`i esa birdaniga bir nechta xavfga ro`baro` tarzda yashamoqda.
UNDP vakillari bu hududlarda qashshoqlikni kamaytirish borasida yutuqlarga erishilganini tan olgan bo`lsa-da, iqlim o`zgarishlariga moslashuv borasidagi choralarni tezlashtirish zarurligini ta`kidlamoqda.
«Aksariyat kambag`allar o`rta daromadli davlatlarda yashaydi va iqlim muammolari eng ko`p shu erda qayd etiladi», deydi Oksford kambag`allik va inson taraqqiyoti tashabbusi direktori Sabina Alkire.
Hisobotda qayd etilishicha, eng ko`p qashshoqlik kuzatilayotgan davlatlar keskin iqlim muammolarini boshdan kechirmoqda. Asr oxiriga borib bu mamlakatlar yanada yuqori havo haroratlari bilan to`qnash kelishi mumkin.
Mutaxassislar iqlim o`zgarishlariga bardoshli qashshoqlikka qarshi strategiyalarni birinchi o`ringa qo`yishga, mahalliy moslashuv imkoniyatlarini kuchaytirishga hamda xalqaro hamkorlik va moliyaviy ko`makni kengaytirishga chaqirmoqda.