Intellektual mulk o`g`irligi – Mark Rizdan Karim Bahrievgacha

22.10.2025 18:18

Agar bu voqea men – ommaviy axborot vositalarida ishlay oladigan, postlar yozadigan va vazirlikka murojaat qila oladigan amerikalik bilan sodir bo`lsa, mahalliy mualliflar, tarjimonlar va musiqachilar bilan nima bo`lishini tasavvur qiling. Ularda umuman imkoniyat yo`q.

Agarda O`zbekiston JSTga a`zo bo`lishni istasa, jahon iqtisodiyotining bir qismi bo`lishni istasa, u nafaqat neft va gazni, balki g`oyalar, kitoblar, musiqa va san`atni himoya qilishni o`rganishi kerak.

Agar bitta tarjimonni himoya qila olmasangiz, Google yoki Misrosoft sizga milliardlab daromad keltirayotganda qanday qilib himoya qilasiz?

Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik tarjimon va tadqiqotchi Mark Riz kitobining O`zbekistonda noqonuniy tarqatilganligini ma`lum qildi. U O`zbekiston davlat jahon tillari universitetiga sovg`a qilgan, shaxsan rektorning qo`liga topshirgan tarjima nusxasi uning ruxsatisiz skanerdan o`tkazilib, elektron tarzda butun respublika bo`ylab tarqatilgan.

Riz voqeani intellektual mulk o`g`irligi deb atagan, bu kabi holatlar mualliflik huquqini himoya qilishga qodir hamkor sifatida O`zbekistonga ishonchni susaytirishini ta`kidlagan. Riz uning tarjimasidagi qaroqchilik shunchaki shaxsiy shikoyat emas, balki mamlakatda muallif va tarjimonlar mehnatiga qanday munosabatda bo`linayotganining ko`rsatkichi ekanligini aytgan. 

Voqea qanday yuz berdi?

Ma`lum bo`lishicha, kitobning tarjima nusxasi Mark Riz tomonidan shaxsan universitet rektoriga topshirilgan va keyinchalik axborot-resurs markaziga berilgan. Kutubxonada faqat akademik foydalanish uchun mavjud bo`lgan faqat bitta nusxa bo`lgan.

«Men O`zbekistonga 1994 yilda Qo`qondagi Amerika Tinchlik Korpusi dasturi doirasida kelganman. Biz respublikaga kelgan ikkinchi guruh edik. Men 23-maktabda dars berganman va ochig`i, bu erni sevib qolganman.

Qo`qon nihoyatda chuqur madaniyatga ega. Butun O`zbekiston esa shunday tarixga ega, shunday ta`sir qatlamlariga ega. Ikki yil-u uch oydan keyin,  missiyamni tugatganimda, menda javoblardan ko`ra ko`proq savollar qoldi. Din, ayolning o`rni, islom va davlat haqida savollar. Men qoyil qoldim. Men o`zimni O`zbekistonda kashf qildim va bundan cheksiz minnatdorman», degan u.

Mark Rizning so`zlariga ko`ra, shundan so`ng u Markaziy Osiyoni o`rganishni boshlaydi va “O`tkan kunlar” romanining birinchi boblarini ingliz tiliga tarjima qila boshlaydi. Bu tarjima u uchun o`n besh yillik umri va uyqusiz tunlarining mahsuli ekanini aytadi.

«Men dunyoga “zamonaviy o`zbeklarning kelib chiqish tarixi”ni hurmat bilan aytib bermoqchi edim va shu orqali menga ko`p narsalarni o`rgatgan yurtimning haqini qaytarmoqchi edim. 2019 yilda «Do`stlik» ordeni oldim. 2020 yilda esa o`z mablag`im evaziga yana O`zbekistonga qaytdim. Men o`zim bilan bir chamadon kitob olib keldim — “O`tkan kunlar” nusxalari — ularni shaxsan taqdim etish uchun. Men uchun bu hurmat belgisi edi. Kitobni Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamirga bermoqchi edim, o`zbek talabalari ham bu tarjimani qo`llarida ushlab turishlarini, kimdir uni o`qib, qanchalar mehnat qilganini anglab etsin, degan edim. Imzolangan nusxasini ham O`zbekiston davlat jahon tillari universitetiga sovg`a qildim. Men kitoblarimni Amazon orqali buyurtma asosida chop etish tizimidan foydalangan holda sotaman. Xullas, nusxalarni o`zim buyurtma qilib, shaxsan O`zbekistonga olib keldim».

Elchixonalar, Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish boshqarmasi vakillari ishtirokidagi uchrashuvdapPrezident Shavkat Mirziyoev nomidan Mark Rizga minnatdorchilik bildirib, unga 10 ming AQSh dollari miqdorida gonorar berishni, 10 ming nusxa kitob sotib olishlarini aytishadi va yozuvchi Navoiy universitetiga o`qishga taklif qilinadi.

Riz bu tarjima uchun bir tiyin ham olmagan, bir necha oylar o`tsa-da, va`da bajarilmagan. Mark Riz bu masalada mas`ullarga yozganida, hech qanday javob olmagan. Va nihoyat, buni tvitterda yozishga qaror qilgan. Tvitterdagi qat`iy tanqiddan so`ng, unga gonorarni berishgan, ammo 10 000 ta kitobni sotib olish haqidagi va`dalar bajarilmagan.

Shunga qaramay, O`zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif paytida kitobning o`zi imzo qo`ygan nusxasini sovg`a qiladi. Shu paytdan undan kitobni raqamlashtirsak bo`ladimi, deb ruxsat so`rashadi va yozuvchi rad javobini beradi. «Yo`q. Men bunga ruxsat bermayman. Hozir emas, hech qachon. Va sababini tushuntirdim. Chunki faylni topshirishingiz bilan hammasi tugaydi, yo`qoladi. O`g`irlanadi. Bu vaqt masalasi. Men buni o`nlab marta ko`rganman — O`zbekistonda istalgan loyiha, har qanday g`oya, istalgan biznes turini qurish imkoniyati raqamli hujjatni topshirgandan so`ng yo`qoladi», degan u.

Yozuvchi talabalar kutubxonada qog`oz nusxalaridan foydalanishga ruxsat bergan, bolalardan pul ishlashni xohlamayman degan. Ammo PDF fayllar uchun ruxsat bermagan.

Ammo shunga qaramay, bir necha yil o`tgach, kitobning elektron nusxalari butun respublika bo`ylab tarqab ketgan. Tarjimon buni universitetning o`zi, atay qilganini aytgan. Bunga qarshi chora ko`rishini, endi xushmuomala va "mehribon amerikalik" bo`lishdan charchaganini bildirgan. 

Muallifga ko`ra, u bu voqea haqida ijtimoiy tarmoqqa yozganidan so`ng bir kun o`tib Adliya vazirligidan xabar kelgan, Mark Riz ular bilan uchrashish bu erga kelganida, vakillar tarjimonning manfaatlarini himoya qilish uchun bu erda ekanliklarini aytishgan.

«Agar bu voqea men – ommaviy axborot vositalarida ishlay oladigan, postlar yozadigan va vazirlikka murojaat qila oladigan amerikalik bilan sodir bo`lsa, mahalliy mualliflar, tarjimonlar va musiqachilar bilan nima bo`lishini tasavvur qiling. Ularda umuman imkoniyat yo`q.

Agarda O`zbekiston JSTga a`zo bo`lishni istasa, jahon iqtisodiyotining bir qismi bo`lishni istasa, u nafaqat neft va gazni, balki g`oyalar, kitoblar, musiqa va san`atni himoya qilishni o`rganishi kerak.

Agar bitta tarjimonni himoya qila olmasangiz, Google yoki Misrosoft sizga milliardlab daromad keltirayotganda qanday qilib himoya qilasiz?

Men AQShda dars beraman va konferensiyalarda gapiraman. Qaytganimdan bir hafta o`tgach, Tennessi shtatida biznesmenlar, aslida millionlab sarmoya kiritadigan odamlar ishtirok etgan konferensiyam bor. Ular esa “Sizningcha, O`zbekiston intellektual sarmoya uchun xavfsiz joymi?” deb so`rashadi.

Nima deyishim kerak? Mening kitobimning PDF formati Telegramda tarqalayotgani va hech kim aybdor emasmi? Agar bitta tarjimonni himoya qila olmasangiz, Google yoki Misrosoft sizga milliardlab daromad keltirayotganda qanday qilib himoya qilasiz?» deydi u. 

Tarjimon O`zbekiston davlat jahon tillari universitetini sudga berishini ma`lum qilgan. U universitetning e`tiborsizligini, muallifning huquqlarini poymol qilishganini va o`zlariga bildirilgan ishonchni himoya qila olishmaganini aytgan.

Shuningdek, Mark Riz besh yildan beri o`z kitobining Toshkent aeroportida sotilishini, bu erdan uchib ketayotgan odamlar O`zbekiston haqida bilish mumkin bo`lgan nimadir olib ketishlarini istab, bunga harakat qilib kelishini aytgan. Ammo, uning aytishicha, bunga ruxsat tegmagan.

Ma`lum bo`lishicha, bu haqda O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti rasmiy bayonot bergan. Universitet intellektual mulkni himoya qilish bo`yicha xalqaro standartlarga, jumladan Bern konvensiyasiga va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tamoyillariga qat`iy rioya etishini ta`kidlagan. Shuningdek, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining buyrug`iga asosan barcha oliy o`quv yurtlari o`zlarining o`quv va ilmiy-tadqiqot materiallarining bibliografik yozuvlarini Unilibrary.uz platformasiga joylashtirishlari shartligi ham universitetga tushuntirilgan.

Tizimga kitob matni va uning elektron nusxasisiz faqat tarjima haqidagi bibliografik ma`lumotlar kiritilgan. E`lon qilish uchun muallifning roziligi kerakligi aniq bo`lgach, yozuv olib tashlangan. 

 

Aytish mumkinki, O`zbekistonda mualliflik huquqining buzilishi keng tarqalgan. Bu holatni har bir jabhada kuzatish mumkin.

Xususan, yaqinda jurnalist, shoir va yozuvchi Karim Bahriev «Quvonishni ham bilmaysan, qayg`urishni ham...» nomli maqolasini ijmitoiy tarmoqlarda bo`lishdi.

«Jorj Oruelning “1984” asari yangi nashriyotda endi lotin imlosida bosilib chiqibdi. Uch oy oldin bosishga ruxsat etilgan ekan. Lekin bugungacha na shartnoma imzolandi, na qalam haqi to`landi. Tiraj bosilib, sotilib ham ketibdi. Yana ichiga: “Ushbu kitobning mualliflik huquqi bizning korxonaga tegishli bo`lib, ruxsatimizsiz kitobni elektron, audio, video yoki boshqa har qanday shaklda tarqatish O`zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan taqiqlanadi”, - deb yozib qo`yishibdi», deb boshlanadi maqola.

Jurnalist tarjima kitoblariga bunday yozish to`g`ri emasligini, hozirda bunday yozuvlar ko`payib ketganini, mualliflik huquqi ijodkorga – shaxsga tegishli bo`lishi va hech qachon yuridik shaxsga tegishli bo`la olmasligini aytib, bu Adliya vazirligidagi intellektual mulk agentligi e`tibor qaratadigan hodisa ekanligini ta`kidlaydi.

«Asarning mualliflik huquqi – muallifga, tarjima matnining mualliflik huquqi – tarjimonga tegishlidir», degan u.

«Mualliflik huquqining o`nta tarkibiy qismi bor – to`rttasi nomulkiy huquq, oltitasi – mulkiy huquq. Asarga bo`lgan huquq – muallif huquqidir, ya`ni “1984” Jorj Oruelning asaridir. “O`tkan kunlar” Abdulla Qodiriyning asaridir va ming yildan keyin ham Abdulla Qodiriynikidir. Ikkinchisi – nomga bo`lgan huquq, ya`ni Abdulla Qodiriyning asari nomi “O`tkan kunlar”dir, hech kim uni “Kechagi kunlar”, “Moziy kunlari” deb tahrir qila olmaydi. Uchinchi huquq – asarning yaxlitligiga bo`lgan huquq, ya`ni hech kim asardan biror erini olib tashlashi yoki o`zidan qo`shishi mumkin emas, buning uchun tirik bo`lsa, muallifning roziligi kerak, o`tgan bo`lsa aslicha chiqishi shart. Agar tahrir qilinsa, asar mualliflik huquqi tahrirchiga o`tib qolmaydi. To`rtinchisi asar hosilalariga bo`lgan huquq – uning asosida kino, spektakl, multfilm ishlansa ham asar muallifi tilga olinadi, tirik bo`lsa, ruxsati olinadi. Bular nomoddiy huquqlaridir», deydi muallif.

Bahrievga ko`ra, agar tahririyatga murojaat qilinsa: “Biz tarjimani tahrir qilganmiz va o`z tahririmizdagi matnga mualliflik huquqimiz bor”, - deyishar ekan. Muallifning «Men endi o`n yillar bo`yi yo umrbod asarimni elektron, audio, video yoki boshka xar kanday shaklda» chiqarish, tarqatish huquqimni yo`qotdimmi?!» degan savoliga, «Siz tarjimangizni istalgan erga birinchi kundan berishingiz mumkin. Lekin agar bersangiz, biz asarni yana boshqa tarjimonga berib yo gugl-tarjimonga solib, tahrir qilib, yangi tarjimada chiqaramiz», degan po`pisali javob olgan. Mazkur holatda nashriyot qonuniy «tuynuk»lardan foydalanyaptimi? 

Akademik Abdulla A`zamov «Nashriyotlar faqat kitob nashrining shakli (ofomleniesi, dizayni) uchun mualliflik huquqiga ega bo`lishga haqli. Shunda ham bezakchi rassom (dizayner) bilan shartnoma tuzgan bo`lsa.  Matn uchun mualliflik huquqi – matn egasiga (muallifga) tegishli, agar rasmlarini muallifning o`zi chizgan bo`lsa, rasmlari uchun ham (Seton-Tompson, Sent-Ekzepyuri kabi), original dizayn g`oyasini kim taklif qilgan bo`lsa, buning uchun ham mualliflik huquqi – taklif qilganniki.  Kitob bezaklari uchun mualliflik huquqi ham ularni ishlagan rassom (bugun dizayner)niki.  Shunday kitob bezaklari bo`lganki,   badiiy asar sanaladi. Masalan, Don Kixotning tasviriy obrazi Gustav Dore illyustrasiyalari tufayli yoyilgan. Nashriyotlarning "Kitob meniki" deyishga haqi yo`q. Mualliflik huquqi – muallifniki. O`zi muallif bo`lmagan narsaga mualliflik huquqini da`vo qilish o`g`rilikning (bu o`rinda kuppa-kunduzi – talonchilik)ning bir turi. Muallif esa ko`pincha ojiz va talangan bo`ladi», deydi.

Vaziyat bahsli va, real olib qaraganda, biroz sharmandali. Shu paytda, bu asrda, butun boshli respublikada bu kabi holatlarning yuz berishi, qonuniy tomondan, balki ba`zi bo`shliqlar borligini, undan noinsoflarcha foydalanishayotganini anglatar. Yoki, qonunlarga amal qilmasa ham jazolanmaydigan yoxud arzimas darajada jazo qo`llaniladigan qatlam bormi? Nima bo`lganda ham, butun respublikadagi mualliflik huquqiga oid vaziyatni yaxshilash uchun Intellektual mulk agentligi tegishli o`rganish olib borishi, mualliflarni himoya qilishi, zarur bo`lsa jarimalar va jazo choralarini kuchaytirishi lozim.

M. Voris

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар