“Biznesni rivojlantirish banki” 132 mingdan ortiq fuqaroni tadbirkorlikka jalb qildi

24.10.2025 16:24

Bu haqda bank tomonidan “Mahallabay ishlash tizimi: natijalar va rejalar” mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan joriy etilgan mahallabay ishlashning yangicha tizimi aholini daromadli qilish va ularni biznesga jalb etishda muhim o`rin tutayotgani ta`kidlandi.  

Ayni paytda “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga biriktirilgan 614 ta mahallada 232 ta mahalla bankiri va 614 ta yordamchi agent faoliyat olib bormoqda. Ularning mahallalardagi biznes imkoniyatlarni o`rganish, aholi g`oyalarini loyihalarga aylantirish, moliyaviy savodxonligini oshirish hamda biznesga jalb etish bo`yicha faoliyati natijasida hisobot davrida 214 ming nafardan ortiq aholi daromadli mehnat bilan ta`minlandi.

Joriy yilning 9 oyi davomida bank tomonidan 73 ming 562 nafar aholini doimiy ishga joylashtirish rejalashtirilgan bo`lib, amalda 81 ming 871 nafarga yoki 111 foizga ijrosi ta`minlandi.

Shu bilan birga 132 ming 137 nafar aholi tadbirkorlikka jalb qilindi va bu boradagi reja ko`rsatkichlari 116 foizga bajarildi.

O`tgan davrda tadbirkorlik sub`ektlari bilan jami 1 026 ta uchrashuv o`tkazildi. Ularda kelib tushgan 4 ming 282 ta murojaatlarning ijobiy hal etilishi natijasida 5 515 ta yangi ish o`rni yaratildi.

Shuningdek, bankka biriktirilgan mahallalarda jami 22 ming 78 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Buning natijasida  45 ming 497 nafar ish o`rni yaratildi.

Anjumanda qayd etilishicha, bankga biriktirilgan mahallalarda kichik va o`rta biznes yo`nalishida 3 trln 484 mlrd 200 mln so`m miqdorida kredit mablag`lari ajratildi.

 “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks  dasturi  doirasida esa 541 mlrd 900 mln so`m miqdorida kredit mablag`lari ajratildi va reja-ko`rsatkichlar 123 foizga bajarildi.

“Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 243 mlrd. 500 mln. so`m,  “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 796 mlrd. 300 mln. so`m miqdorida kredit mablag`lari ajratilgan.

Matbuot anjumanida bank mas`ullari “Biznesni rivojlantirish banki” kelgusida ham aholini tadbirkorlikka jalb qilish, biznes loyihalarni moliyalashtirish, zamonaviy xizmatlarni ko`rsatish orqali xalqimiz va mijozlar ishonchini qozonishga intilishini bildirdilar. 
 
 
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар