Toshkent havosini yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilibdi

27.10.2025 17:17



Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o`zgarishining oqibatlarini yumshatish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaror loyihasini ishlab chiqibdi. 

Loyihada asosan hududdagi eng dolzarb ekologik muammolardan biri — sanoat korxonalari va issiqxona xo`jaliklaridan kelib chiqadigan ifloslovchi moddalar chiqarish darajasini pasaytirishga qaratilgan echimlar ko`rilgan bo`lib, u atmosferaga salbiy ta`sirni kamaytirish va korxonalarning ekologik jihatdan toza texnologiyalarga bosqichma-bosqich o`tishini ta`minlashga qaratilgan kompleks choralar tizimini ko`zda tutgan.

Loyihaga ko`ra,
- hududdagi sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang va gaz tozalash uskunalarini o`rnatish;

- issiqxonalarda mavjud qozonlarni, ularning amaldagi talablarga javob bermasligini hisobga olib, zamonaviy energiya samarador va ekologik toza tizimlar bilan almashtirish;

- issiqxona va sanoat ob`ektlarini ko`mirni ishlatmasdan boshqa alternativ energiya manbalariga o`tkazish;

- korxonalarga ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, tashlamalarni tozalash tizimlarini, mahalliy tozalash inshootlarini, avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o`rnatish uchun moliyaviy rag`batlar taqdim etish( shu jumladan, grant mexanizmlari yordamida) kabi chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

Qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan. “Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini sezilarli darajada kamaytirishga, ekologik xavfsizlikni oshirishga hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlarini yaratishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.

Mazkur choralar chindan ham shahar havosi tozaligiga ta`sir qiladimi? Yoki shahar cheti va Toshkent viloyatidagi oddiy odamlarning issiqxonalarini cheklab, ularga muammolar tug`diradimi? Yoxud, chindan ham «qo`li uzun» kazo-kazolarga tegishli korxona-yu ulkan issiqxonalarni qarorga moslashtirishga qarorning kuchi etadimi? Bu savollarga qaror qabul qilinib, kuchga kirganidan so`ng javob topamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар