O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Evropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Evropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Evropa Ittifoqi poytaxti Bryussel shahrida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o`tkaziladi. Samarqand shahrida joriy yil aprelida o`tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko`rib chiqiladi.
Qayd etish kerakki, aprel oyida Samarqand shahrida bo`lib o`tgan “Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro hamjamiyat tomonidan muhim siyosiy voqea sifatida e`tirof etilishi bilan birga ikki mintaqa o`rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi boshlanishiga katta zamin yaratdi. Ushbu nufuzli sammitda EI Markaziy Osiyo uchun to`rtta yo`nalish — transport yo`laklari, muhim resurslarni qazib olish va qayta ishlash, yashil energetika, shuningdek, raqamlashtirish va sun`iy yo`ldosh internetini rivojlantirish uchun 12 mlrd evrolik sarmoya paketini e`lon qildi.
Bugun ana shu samimiy va o`zaro ishonchga asoslangan aloqalar yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Savdo-iqtisodiyot, investisiya-moliya, innovasiya, energetika, transport-kommunikasiya, fan-ta`lim va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik bo`yicha aniq loyiha hamda dasturlarni ilgari surish e`tibor markazida bo`ladi.
Shuningdek, mazkur tashrif doirasida O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim (EPCA) imzolanishi kutilmoqda. Ushbu bitim nafaqat hamkorlik munosabatlariga oid hujjat, balkim mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli islohotlarga nisbatan ishonch va yuksak e`tirof hamdir. Shuningdek, O`zbekiston va EI o`rtasidagi global hamkorlik yangicha mazmun bilan boyib borayotganidan dalolat beradi.
EPCA bitimi shubhasiz, o`lkamiz va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarda yangi imkoniyat va shart sharoitlar yuzaga keltirib, o`zaro hamkorlikning yangi davrini boshlab beradi. Hujjat nafaqat siyosiy muloqotni institusional darajaga ko`tarmoqda, balki iqtisodiy pragmatizm va amaliy manfaatlar asosida hamkorlikning huquqiy poydevorini yaratadi.
Mazkur bitim 1996 yildagi hujjatni almashtirib, mazmunan boyitmoqda. Ikki tomonlama munosabatlarni zamonaviy global iqtisodiyot talablariga mos ravishda qayta shakllantirmoqda. Erkin bozor tamoyillari, texnik to`siqlarni kamaytirish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va xizmatlar savdosini erkinlashtirish – mazkur hujjatning asosiy iqtisodiy ustuvor yo`nalishlaridir.
Ushbu Bitim O`zbekiston uchun Evropa bozorlariga eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish hamda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar oqimini tezlashtirish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, u GSP+ imtiyozlaridan keng foydalanish va Jahon savdo tashkilotiga a`zolik jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, hujjat inson huquqlari, sud mustaqilligi, gender tengligi va fuqarolik jamiyatini qo`llab-quvvatlash sohalarini ham qamrab oladi. Bunday yondashuv mamlakat islohotlarining barqarorligi va xalqaro ishonchini mustahkamlaydi.
E`tirof etish zarurki, O`zbekiston va EI o`rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi va jadal rivoj topayotgani Markaziy Osiyo, xususan, mamlakatimizning strategik mavqeining oshishi, iqtisodiy qudrati mustahkamlanishi hamda aholi farovonligini ta`minlashga xizmat qiladi. Bu yaqinlik EIning Markaziy Osiyo mintaqasidagi qiziqishlari va loyihalarida O`zbekiston tutgan rol va ishtirok yanada mustahkamlanadi.
O`zbekiston etakchisi tashrif doirasida Belgiya rahbariyati bilan ham uchrashuv o`tkazadi, texnologik va sanoat kooperasiyasini rivojlantirish bo`yicha qo`shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Evropaning etakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.
Bugungi tashrif va uning doirasida bo`ladigan uchrashuvlar xalqaro jamiyat e`tiborini tortishi shubhasiz. Bu esa O`zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o`rni va nufuzi yuksalishiga, yurtimizga bo`lgan qiziqishning ortishiga xizmat qiladi.