9 oyda aholi banklarga sotib olganidan 6,7 mlrd dollar ko`proq valyuta sotdi

30.10.2025 10:17

2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo`lgan talab va taklifning birdek o`sishi kuzatilgan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida ma`lum qilindi. 

Hisobot davrida xorijiy valyutaga bo`lgan talab 42,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 23,5 foiz ko`p. Valyuta taklifi esa (Markaziy bank operasiyalarini hisobga olmaganda) 34,4 mlrd dollarga etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24 foizga yuqori.

Valyuta bozoridagi taklifning yana bir manbai Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin doirasidagi sterilizasiya operasiyalari (xalqaro zaxiralarning neytrallik tamoyili asosida) orqali valyuta mablag`larining sotilishi hisobiga ta`minlangan. «Bunda ushbu operasiyalar almashuv kursi shakllanishining fundamental omillariga ta`sir ko`rsatmagan holda bozor mexanizmlari asosida amalga oshirildi», deyiladi Markaziy bank hisobotida.

Yuridik shaxslarning valyuta operasiyalari

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo`lgan talab 2025 yilning dastlabki 9 oyida o`tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga o`sgan bo`lsa, ular tomonidan valyuta taklifi hajmi 37 foizga oshgan. Valyuta taklifining asosiy manbalaridan biri eksport tushumlarining hajmi ushbu davrda 18 foizga oshib, 13 mlrd dollarga etgani bilan bog`liq. Ushbu eksport tushumlarning 7,1 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan (o`tgan yilning mos davriga nisbatan (5,8 mlrd dollar) 22 foizga ko`p).

Shuningdek, ushbu davrda ichki valyuta bozoriga 6,3 mlrd dollarlik valyuta mablag`lari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotilgan (o`tgan yilning mos davriga nisbatan (3,9 mlrd dollar) 61 foizga ko`p). Importni moliyalashtirishda ichki bozordan sotib olingan valyuta ulushi biroz kamayib, o`z mablag`lari ulushida biroz oshish kuzatilgan.

Yanvar-sentyabr oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki bozorda konvertasiya qilingan valyutaning ulushi 64,7 foizni (2024 yilda — 65,5 foiz), xorijiy valyutadagi o`z mablag`lari hisobidan moliyalashtirish ulushi esa 24 foizni (2024 yilda — 23,1 foiz) tashkil etgan.

Jismoniy shaxslarning banklar bilan operasiyalari

Jismoniy shaxslar banklarga 15,2 milliard dollar sotdi — bu o`tgan yilga (11,8 milliard) nisbatan 1,3 baravar ko`p. Aholi tomonidan valyuta sotib olish 23 foizga oshib, 8,5 milliard dollarga etdi (6,9 milliard dollar edi).

Aholi operasiyalarining sof ijobiy saldosi 6,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu bir yil oldingiga nisbatan 1,4 baravar ko`p. Markaziy bank ma`lumotlariga ko`ra, so`mdagi omonatlar hajmi 23 foizga o`sib, 205 trillion so`mga etgan. Iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi ham pasaygan: valyuta kreditlari ulushi 41 foizdan 37 foizga, valyuta omonatlari 26 foizdan 23 foizga qisqargan.

Aholining asosiy valyuta manbai xorijdan pul o`tkazmalari bo`lib, ularning hajmi 13,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o`tgan yilga nisbatan 24 foizga (+2,7 milliard dollar) va 2021 yilga (+5,5 milliard dollar) nisbatan 66 foizga ko`p.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар