Endi ofshor hududlardagi kompaniyalarning egalari kim ekani ochiq e`lon qilinishi kutilmoqda

12.05.2022 10:03

Rost24.uz axborot tahliliy saytida ofshor hududlarda ochilgan, nomi keltirilgan kompaniyalar va ularning egalari haqida bir nechta materiallar e`lon qilingan edi. 

Bu kompaniyalarning asl maqsadi va kim ekani to`g`risida xalqimiz to`liqroq va ochiq ma`lumotlarga ega bo`lishi, O`zbekistondan tashqariga chiqib ketayotgan millionlarni barcha fuqarolar bilishga haqli ekani borasida qator maqolalar e`lon qilgan edik. Jumladan, saytda "Pandora" va "Panama" hujjatlarida nomi chiqib kelgan o`zbekistonliklar ro`yxatini oshkor qilgan:

“Xorijdagi millionlar egalari ro`yxati: Gulnora Karimova, Zafar Hoshimov, Nodira Umurzoqova, Ra`no Ramatova...”, 

“Yana bir ro`yxat e`lon qilinmoqda — Iqtisodiy kriminalga aralashgani taxmin qilingan o`zbekistonlik amaldorlar”, 

kabi materiallar, shuningdek, ushbu ro`yxatda keltirilgan «Ezgu maqsad» xalqaro xayriya jamoat fondi raisi Jahongir Usmonovning nomi dunyo bo`yicha siyosatchi va milliarderlarning maxfiy boylik hamda moliyaviy hujjatlari fosh etilgan «Pandora hujjatlari»ga kiritilgani yuzasidan jurnalistik surishtiruv ham e`lon qilingan.

***

Yaqinda ofshor hududlardagi kompaniyalar, O`zbekiston boyliklarini xorijga tashiyotgan mulkdorlar – Adliya vazirligi ularga qarshi qonun loyihasini taqdim etdi.

Adliya vazirligi “Oxirgi benefisiar mulkdorlar yagona davlat reestri to`g`risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Ushbu qonun loyihasi tadbirkorlik sub`ektlari, firma va korxonalarning, xususan, ofshor zonalar va chet elga aloqador tadbirkorlik sub`ektlarining oxirgi benefisiari kim ekanini aniqlash imkonini beradi. Unda “oxirgi benefisiar mulkdor” tushunchasining aniq mezonlari, oxirgi benefisiar mulkdorlar to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim qilmaydigan tashkilot va korxonalar belgilanmoqda. Ayrim tadbirkorlik sub`ektlariga (asosan offshor zonalar va chet ellik elementi mavjud tadbirkorlik sub`ektlari) o`zlarining oxirgi benefisiar mulkdorlarini oshkor qilish majburiyati yuklanmoqda.

Ya`ni, sodda qilib aytganda, har qanday firma yoki korxonaning oxirgi haqiqiy egasi kim ekani ochiq belgilangan yagona davlat reestrini shakllantirish taklif etilmoqda.

Rivojlangan davlatlarda kompaniyalarning benefisiarlari to`g`risida kerakli ma`lumotlarni o`z ichiga olgan markazlashtirilgan ma`lumotlar bazasini yuritish qonun bilan himoyalangan bo`lib, bu pul yuvish, terroristik tashkilotlarni moliyalashtirish, soliq to`lashdan bo`yin tovlash kabi bir qator jinoyatlarga qarshi kurashishda asosiy element hisoblanadi.

“Oxirgi benefisiarlar masalasini tartibga solmaslik O`zbekistonning turli “kulrang”, “qora” ro`yxatlarga tushishiga olib kelishi va xalqaro bozorlarga chiqishiga to`sqinlik qilishi mumkin”, deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Pandora e`lon qilgan ro`yxatda hukumatga aloqador bir qancha o`zbekistonliklar – Ra`no Ramatova, Jahongir Usmonov, Nodira Umurzoqova va Marlen Azizovlarning nomlari keltirilgan bo`lib, mazkur ro`yxatda o`zbekistonliklar nomlari kam emas. Ya`ni, oddiy xalqning mehnat qilib topib, oxirgi tiyinigacha to`liq to`lab qo`yayotgan soliqlari, xalqning mulki qandaydir amaldor qatlamning etti pushtini boqadigan darajada yig`ilib, O`zbekistondan chiqib ketmoqda.
Milliy qonunchiligimizda esa, benefisiarga oid masalalar aniq elementlar asosida belgilanmagan, shu sababli ham ofshor kompaniyalar ochib, oxirgi benefisiarni ma`lum qilmasdan xorijda pul yashirayotganlar o`zlarini noqonuniy ish qilayotgan deb hisoblashmaydi, shekilli.

Xabaringiz bor, «Ezgu maqsad» xalqaro xayriya jamoat fondi raisi Jahongir Usmonovning nomi dunyo bo`yicha siyosatchi va milliarderlarning maxfiy boylik hamda moliyaviy hujjatlari fosh etilgan «Pandora hujjatlari»ga kiritilgani yuzasidan saytimizda maqola e`lon qilingan va ma`lum muddatdan so`ng u maqola saytdan olib tashlattirilgan edi. Usmonov 28 aprelda AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida bu masalaga munosabat bildirib, “O`zbekiston fuqarolariga ofshor kompaniyalarning qonun bo`yicha ochish mumkin bo`lmasa, ayting”, degan.

Demak, hozirgi qonunchilikda bu masalada noaniqliklar mavjud ekan, vazirlik taqdim etayotgan loyihadagi qonunga ayni paytda ehtiyoj bor.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
16.05.2022 02:06
Бу қонунни қабул қилинди дейлик, умарилган пуллар ва моддий бойликлар қайтарилмаса нима фойдаси бор?!
15.05.2022 23:45
Kelinni kelganda koʻr, sepini yoyganda koʻr