Shuncha daraxtni nobud qilgan fuqaroga bu jarima kam emasmi?
19 fevral kuni Bekobodda sodir etilgan ushbu holat bo`yicha jarimalar qay tartibda belgilangan edi?
Joriy yil 19 fevral sanasida Toshkent viloyati Bekobod tumanida daraxtlar kesilgani aks etgan suratlar tarqalgan edi.
Bunga nisabatan Toshkent viloyati ekologik va atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi axborot xizmati "Rasmiy munosabat" bilan chiqdi.
Munosabatga ko`ra, ushbu holat bo`yicha o`tkazilgan reyd tadbirlari davomida Bekobod tumanining «Saryuz» MFY hududida fuqaro O.X. va bir guruh fuqarolar tomonidan 64 tup qarag`ay daraxti noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib olib ketilgan. Aniqlangan holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, O`zbekiston Respublikasi MJTKning 79-moddasi 1-qismi bilan ba`zaviy hisoblash miqdorining besh barobari 1 mln. 350 ming so`m jarima belgilandi va 1 mlrd. 575 mln. so`m o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar hisoblandi.
Fuqaroga 1 mln. 350 ming so`m jarima belgilandi. 64 tup daraxt uchun bu miqdor kam emasmi..?
Aynan mana shu vaziyatni aniqlashtirish maqsadida, Rost24.uz muxbiri Toshkent viloyati ekologik va atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari bilan bog`landi.
Toshkent viloyati ekologik va atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari quyidagicha javob berdi:
"Bu holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43 sonli qarori asosida zarar summasi belgilangan. Yana daraxtning diametri, qimmatbaholigi, turi va yoshiga ham qaraladi. Hozir bu holat bo`yicha ish Prokuraturaga jo`natilgan. Ish ko`rib chiqilgandan keyin jarima qo`shilmaydi, lekin zarar miqdori oshishi mumkin", deya aytib o`tdi.
Daraxt soni ko`p, lekin jarima miqdori kamligining sababi nima degan savolimizga esa quyidagicha javob berib o`tdi:
"Jarima va zarar hisoblangan miqdorni ikkalasini ham daraxtni kesgan fuqaro to`lab beradi. Bunda faqat jarima hisoblanmaydi, zararni ham qoplab beradi".
Jarima kesilgan daraxt soniga qarab, albatta, mos bo`lishi kerak. Chunki jarima kam bo`lsa, hamma odam bilganicha yo`l tutishi tabiiy. Chunki saytimizda bundan bir necha kun oldin Amirsoyda 700 tup daraxt kesilganda qorovulga jinoyat ishi ochilgan edi. Bunday vaziyatlar qaytarilmasligi lozim.
O`zbekistonda umuman daraxt kesilmasligini tilab qolamiz...
Mavzu yuzasidan e`lon qilingan materiallar:
Ayni paytda Do`rmondagi «Yozuvchilar ijod uyi» yonida minglab daraxtlar kesilmoqda