YoXUD "Xalq so`zi" gazetasi Bosh muharriri O`tkir Rahmatovning kuyovi ayni paytgacha Ekologik partiya raisi vazifasida ishlab kelgan Narzullo Ollomurodovning faoliyatiga qisqacha sharh
Ochiq aytish kerak, Ekologik partiya saylovlarda ishtirok etishdan boshqa deyarli hech bir ishni qoyil qoldirgani yo`q. Mamlakatda so`ngi yillardan ekologik tanazzul ortsa ortdiki, ijobiy holat kuzatilmadi. Hokimliklar tomonidan daraxtlarning ayovsiz kesilishi, ko`kalamzorlarning cho`llanishi, daryo o`zanlari va qirg`oqbo`yi mintaqalariga etkazilayotgan jiddiy zarar, suvning yildan-yilga kamayish ehtimoli ortayotgani kabi ko`plab muammolarni yumshatishga aniq chora-tadbir ham ishlab chiqilmagan.
Ajablanarlisi, yaqinda yurtimizning ayrim shaharlarida, xususan, Toshkentda kuzatilgan noqulay ob-havo, qum-bo`ronlarining ko`tarilishi yuzasidan Ekologik partiya hech qanday munosabat bildirmadi. To`g`rirog`i, uzuq-yuluq munosabatlardan boshqasiga o`ta olmadi.
Yillar davomida jamoatchilik partiyaning ekologiya yo`nalishida olamshumul tashabbuslarini ko`ra olmadi. Birgina Toshkent shahrining o`zida tabiatga bo`lgan tahdidlarning o`zi, ya`ni nainki O`zbekistonda balki mintaqada ham eng noyob ekologik hudud hisoblangan Toshkent “Botanika” bog`ida katta bayram tadbirlarining o`tkazilishi, bu holat kamyob o`simlik dunyosiga etkazayotgan zarari yoki bo`lmasa poytaxtdagi milliy bog`larning payhon qilinib, qurilish qilinishi kabi holatlar aslida bu harakat egalarini jonlantirish kerak edi. Ammo, odatiy tadbirbozlikdan boshqa amaliy natijalarni bu partiya etakchilaridan ko`pchilik kutmay qo`yganiga ancha vaqtlar bo`lgan.
Bugun esa, yuzlab muammolar girdobini tarqatish uchun katta ishonch bilan bu sohada biror bir jiddiy harakat ham qila olmagan partiyaning yo`lboshchisi Ekologiya qo`mitasiga rais etib tayinlandi.
Kuzatamiz, balki bizning kichik bir tahlilimiz yolg`onga chiqar.
Narzullo Naimovich Oblomurodov 1975 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan. 1996 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda 2000 yilda Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya)ni tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi. Iqtisod fanlari nomzodi, dosent.N.Oblomurodov ko`p yillar oliy ta`lim tizimida, jumladan, Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti, Toshkent moliya institutida kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida faoliyat yuritgan.Bank-moliya sohasi hamda davlat boshqaruv organlari tizimida, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasida mas`ul lavozimlarda ishlagan. 2020 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari bo`lib ishlagan N.Oblomurodov 2021 yil 1 fevraldan O`zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda. Narzullo Oblomurodov oilali, uch nafar farzandi bor. Aniqlangan ma`lumotlarga ko`ra, N.Oblomurodov respublikaning etakchi nashrlaridan biri bo`lgan "Xalq so`zi" gazetasi Bosh muharriri O`tkir Rahmatovning kuyovi hisoblanadi.
***
Mavzuga oid maqolalar:
O`zbekistonda atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning 50 foizi Toshkent viloyatiga tegishli