Oliy va o`rta maxsus, xalq, maktabgacha ta`lim vazirliklarini bitta vazirlik sifatida birlashtirsa bo`lmaydimi?
Yangi O`zbekistonning davlat boshqaruv tizimlarida islohotlar amalga oshiriladimi?
O`zbekiston Prezidentining bu borada “2022-2023 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishi e`lon qilingan.
O`zbekistonda ayni paytda bir-birini takrorlovchi davlat boshqaruv organlari soni kam emas. Boshqaruvni optimallashtirish bo`yicha siyosatni amalga oshirishga esa mamlakat kundan kun ehtiyoj sezmoqda.
Mamlakatmizda hozirda ta`lim tizimi yo`nalishida oliy va o`rta maxsus, xalq, maktabgacha ta`lim vazirliklari uchga bo`lingan holda faoliyat yuritadi. Eng qizig`i, ta`lim yo`nalishida boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan vazirliklarimiz soni ortiq bo`lsa-da, bu sohada ildamlab ketayotganimiz yo`q.
Uchta vazirlikni yagona tizimda birlashtirish orqali moliyaviy harajatlarni ham qisqartirish mumkin bo`ladi. Bu yo`l bilan o`qituvchilarning maoshini ko`tarishdi yaxshi natijalarga erishishga yordam beradi. Shuningdek, vazirlar sonini qisqartirish ularning ma`suliyatini ham oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, vazirlarning ko`p bo`lgani ma`suliyat va javobgarlikni boshqa vazirlikka yuklashga imkoniyat beradi.
Yurtimizdagi bu jarayonni bundan bir necha yil avval YuNESKOning Osiyo va Tinch Okeani markazi vakili kuzatib xulosa qilgan Chong Utak ham ta`kidlagan edi. U O`zbekistonda ta`lim yo`nalishi bo`yicha uchta vazirlik ko`pligini xulosalarida qayd etgandi.
Jumladan, Chong Utak ta`lim tizimida harajatlarni kamaytirib, samaradorlikni oshirish bo`yicha quyidagi xulosalarini bergan edi: “O`zbekistonda ta`lim sohasi bo`yicha uch vazirlik faoliyat olib boradi. Maktabgacha ta`lim, Xalq ta`limi va Oliy ta`lim vazirliklari. Men bir qancha davlatlar ta`lim sohasini o`rgangan va tadqiqot olib borgan tizimdagi mutaxassis sifatida mazkur vazirliklarni yagona vazirlik sifatida birlashtirishni taklif etgan bo`lar edim. Maktabgacha, maktab, kasb-xunar va oliy ta`lim bo`yicha departamentlar tashkil etish ularning ishini muvofiqlashtiradi. Xususan, Janubiy Koreya Respublikasida ham yagona Ta`lim vazirligi mavjud bo`lib, uning viloyatlar bo`yicha vazir o`rinbosarlari ovoz berish yo`li bilan saylanadi. YuNESKO ma`lumotiga ko`ra, O`zbekistonda maktabgacha, maktab va oliy ta`limda tahsil oluvchi aholi 7 milliondan ortiqni tashkil etadi. Koreyada tahsil oluvchi aholi soni bundan ko`proq bo`lishiga qaramasdan ularni birgina Ta`lim vazirligi boshqarib keladi. Vazirliklarni yagona tizimga birlashtirish orqali katta natijalarga erishish mumkin.
Birinchidan, moliyaviy samaradorlik ortadi. Ya`ni, ta`lim sohasiga yo`naltirilgan mablag` vazirlik va o`rinbosarlar va ularning bo`limlari qisqarishi natijasida o`qituvchilar maoshiga sezilarli ta`sir qiladi. O`qituvchilarning maoshining ko`tarilishi esa bu sohada ko`pgina muammolarning echilishiga turtki bo`ladi.
Ikkinchidan, ma`suliyat va hisobdorlik ortadi. Vazirliklar ko`p bo`lishi ular o`rtasida ma`suliyatni va hisobdorlikni bo`linishiga olib keladi. Uchta vazirlikda vazirlar va ularning vazir o`rinbosarlari bor hamda ularning har birining viloyatlar bo`yicha mas`ullari va xodimlari bor. Tabiiyki, bu katta mablag`ni talab etadi va javobgarlar ko`pligini bildiradi. Ya`ni, misol uchun Oliy ta`lim universitetlarida ta`lim saviyasi pasayishiga bevosita Xalq ta`limi vazirligini aybdor qilib ko`rsatishi mumkin. Agar ular yagona vazirlik sifatida birlashsa javobgar va hisobdor tashkilot yagona bo`ladi va o`z o`rnida ma`suliyati ortadi”.
Eslatib o`tamiz, saytimizda bundan oldin “O`zbekistonda 24 vazir va 109 nafar vazir o`rinbosari bor" maqolasi ham e`lon qilingan edi.