Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev, o`chirilgan matnda Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy ko`chasida kesib tashlangan 81 ta daraxt voqeasini esga olgan:
O`shanda, ya`ni 2020 yilning fevral oyida daraxt kesishga qarshi moratoriy talablariga zid ravishda ko`p yillik, qimmatbaho daraxtlarni kesib tashlagan «Building and Supplies» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.
Ommaviy axborot vositalari prokuratura ma`lumotlariga tayanib dastlabki tergovda ayblanuvchilardan 1 mlrd. 891,3 mln. so`m zarar undirilganligini bildirgan.
Ko`pchilik qatori menga ushbu ishning yakuni nima bo`lgani qiziq.
Shu bois, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasiga undirilgan 1 mlrd. 891,3 mln. so`mni nimalarga ishlatishgani, Toshkent shahar prokuraturasiga esa jinoyat ishi nima bo`lganini bilish maqsadida rasman murojaat yuborgandim.
Qiziq holat: Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining bildirishicha, tabiatga etkazilgan zarar uchun undirilgan 1 mlrd. 891,3 mln. so`m qo`mitaga berilmagan va shu kunga qadar Toshkent shahar prokuraturasining depozit hisob raqamida saqlanmoqda.
Shuncha vaqt depozit hisob raqamida pulni ushlab turish to`g`rimi, degan savolga moliyachilardan javob olayapmiz.
Shu yilning 9 noyabrida yuborilgan murojaatimizga Toshkent shahar prokuraturasi hozircha javob bermadi. Menimcha murojaat chuqur o`rganilayotgan bo`lsa kerak, deyiladi uning xabarida.
Bu fikrlar nega o`chirilgani haqida deputat hozircha izoh bergani yo`q.