Urganch shahridagi «Xonqa» ko`chasida yangi qurilgan 9 qavatli turar-joy binosi oxiriga etkazilmasdan aholiga topshirilib yuborilgan.
Ayni shu qurilishni Prezidentimizning Xorazmga tashrifi davomida ham davlatimiz rahbariga ko`rsatib maqtashgan edi. Ushbu qurilish istiqbolini "O`zbekiston24" telekanalida ham bir necha bor ko`rsatilgan.
Qurilganiga ikki yil bo`lgan ushbu yangi binoda ko`plab kamchiliklar bo`y ko`rsata boshlaganligi bois aholi Rost24.uz saytiga murojaat qilishga majbur bo`lgan edi.
Rost24.uz axborot-tahliliy sayti joriy yil 26 avgust kuni ushbu masala bo`yicha “KO`ZBO`YaMAChILIK: Prezidentni va aholini aldaganlar” nomli maxsus tanqidiy ko`rsatuv ham tayyorladi.
Tanqidiy chiqishdan bir kun o`tib Urganch shahar hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli tashkilotlar birgalikda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotgani ma`lum qilingan. Bu ishlar natijasi bo`yicha keyinchalik batafsil ma`lumot berilishi ham aytib o`tilgan edi.
Oradan ikki oy o`tib Urganch shahar hokimligi matbuot xizmati binodagi barcha kamchiliklar bartaraf etilganini ma`lum qildi.
"Binolarning lifti ishga tushirildi, kanalizasiya tarmoqlari suv oqava tizimiga ulandi, "nasos stansiyasi" qurildi, kuzatuv kameralari qo`yildi, bolalar o`yingoh maydonchalari va dam olish o`rinlari ko`paytirildi, tungi yoritish chiroqlari o`rnatildi va chiqindilarni tashlash jihozlari qo`yildi", – deyiladi Urganch shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.