Har bir deputatga bir nafardan yordamchi ajratilmoqda, endi ularning xalqqa foydasi ko`proq tegadimi?

27.10.2021 15:29

Yangi qonun bilan 150 nafar deputat yoniga yana 150 nafar yordamchi qo`shildi.

Deputatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko`zga ko`rinmayotgan bir paytda, “deputat yordamchisi” lavozimining joriy etilishi qanchalik to`g`ri?

Prezident 14 oktyabr kuni «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi [O`RQ-722-son] qonunga imzo chekdi. Ushbu qonunda deputat o`zini deputatlikka nomzod etib ko`rsatgan siyosiy partiya bilan aloqasini saqlab turish hamda o`z saylov okrugidagi faoliyatini samarali tashkil etish uchun yordamchiga ega bo`lishga haqliligi ko`rsatib o`tilgan.

Qonunchilik palatasi deputati Zafarjon Xudoyberdievning aytishicha, bu taklifning bildirilishiga Qonunchilik palatasining deputatlari saylov okrugida o`z vakiliga egaligi, biroq ular partiyaning tegishli hududiy bo`limi xodimlari orasidan jamoatchilik asosida tayinlanib, faoliyat yuritishi sababli ular asosan siyosiy partiya ishlari bilan band bo`lib qolayotgani va buning natijasida deputatlar faoliyatiga ko`maklashish imkoniyati cheklanayotgani sabab bo`lgan.

Yordamchining vazifasi saylovchilarni Qonunchilik palatasidagi deputati faoliyatidan, o`z navbatida deputatni saylov okrugida yuz berayotgan voqealar, fuqarolar murojaati, mahalliy ijro hokimiyati qarorlaridan xabardor qilib turadi. Shuningdek, okrug saylovchilarini Qonunchilik palatasi deputatining faoliyati to`g`risida xabardor qilish, saylov okrugida deputatga jismoniy va yuridik shaxslardan qilingan murojaatlarda bayon etilgan masalalarni o`rganish, deputatni saylov okrugi hududida yuz berayotgan voqealar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to`g`risida xabardor qilish, deputatning o`z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur bo`lgan axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash kiradi.

Savol: U holda deputat nima ish qiladi?

O`zbekistonning konstitusiyaviy qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlariga ko`ra deputatlarning aholi oldidagi birinchi darajadagi vazifalari quyidagilardan iborat:

1. “Qonunchilik tashabbuskorligi” huquqidan foydalangan holda qonun ijodkorligi bo`yicha faoliyatini kuchaytirish;

2. Parlament nazorati talablaridan og`ishmagan holda ijro hokimiyati faoliyati ustidan samarali nazoratni amalga oshirish;

3. O`z saylovchilari bilan tizimli ravishda ishlash, ularning kundalik hayotidagi muammolarining echimini topish, ularning oldida hisobot berish;

4. Fraksiya va qo`mita a`zolari sifatida mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid bo`lgan masalalar muhokamasidagi ishtirokini kuchaytirish.

Mazmunan olib qaralganda, bu vazifalarning barchasi endi yordamchilarga yuklatildi. Deputatlar zimmasida esa faqat yordamchilarni boshqarish vazifasi qolmoqda.

Ajablanarlisi, deputat yordamchilarining ham asosiy vazifalari saylov bilan bog`liq. Saylovlar esa har 5 yilda o`tkazilishini hisobga olsak, saylov o`tkazilmaydigan yillarda ularning nima vazifani bajarishi ham mavhum bo`lib qolmoqda.

Eslatib o`tamiz, deputat yordamchilari 18 yoshga to`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lishi, deputat bilan qarindoshlik aloqalari hamda sudlanganlik holati bo`lmasligi kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.10.2021 11:56
Dallollikka ishga taklif etiladi