Mana necha yillardan buyon Samarqand viloyatining Qo`shrabot tumanida bir nechta qishloq aholisi farzandlari maktabga borib qaytish uchun 30 km. og`ir yo`lni piyoda bosib kelmoqda. Ammo eng achinarlisi, hozirgacha bu holat hech bir mutasaddini zarracha o`ylantirmayotgan ko`rinadi.
Rost24.uz axborot saytida Samarqand viloyati Qo`shrabot tumanining Oqtosh qishlog`idagi 51-umumta`lim maktabiga bolalar 15, 14, 13, 12 km. uzoqlikdan qatnayotgani haqida maqola e`lon qilgan edi. Muxbirimiz Oqtosh qishlog`i maktab ma`muriyati bilan uchrashib, vaziyatni to`liq o`rgandi, qishloq, mahallalardagi muammolarni matbuotga olib chiqdi.
Maqola e`lon qilingach esa bizga Qo`shrabot tumani qishloqlari aholisidan bir necha bor qo`ng`iroqlar bo`ldi. Murojaatchilar internetga chiqqan ma`lumot uchun mahalla raisi ularga po`pisa qilganini aytishdi. Maqola uchun intervyu bergan respondentlarimiz, tuman hokimiyati tahdidi sabab o`z intervyularidan ham tonishdi. Rasmiy tashkilotlarning javobi esa bizni yanayam hayratlantirdi.
Xalq ta`limi vazirligi javobi
Xalq ta`limi vazirligi Samarqand viloyati, Qo`shrabot tumani xalq ta`limi mudirining ma`lumotiga asoslanib quyidagi javobni berdi:
“Qo`shrabot tumanidagi 51-umumiy o`rta ta`lim maktabiga o`quvchilarning 15 kilometrgacha masofadan qatnab o`qiyotganligi haqida ma`lumotlar e`lon qilindi.
Tumanning eng chekka hududlaridan biri bo`lgan Oqtosh qishlog`ida joylashgan ushbu maktabda jami 218 nafar o`quvchi ta`lim-tarbiya olishadi. Ularning 78 nafari boshlang`ich sinf o`quvchilaridir.
Haqiqatdan ham maktabning aksariyat yuqori sinf o`quvchilari 10 kilometrdan 15 kilometrgacha bo`lgan masofadan qatnab o`qishadi. Albatta, bu holat ularga qiyinchiliklar tug`diradi. Ana shu muammo sababli mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan maktabning qo`shimcha filiallari qurilgan. Ayni paytda ham Birlik qishlog`idagi maktab filialida qurilish ishlari olib borilib, muammoning nisbatan oldi olinishiga e`tibor qaratilmoqda”, deyiladi vazirlik javobida.
Ammo, haqiqiy vaziyatga ko`ra Birlik qishlog`idagi maktab filiali qurib bitkazilsa-da, yuqori sinf o`quvchilari 15-10 km. uzoqlikdan maktabga qatnashda davom etishmoqda. Chunki, Birlik qishlog`idagi maktab filiali faqatgina boshlang`ich sinflar uchun mo`ljallangan. Qolaversa, hozirda ushbu filialda qurilish ishlari ham to`xtatilgan. Shinam xonalarda o`tirgan Samarqand viloyati hokimligi vakillari viloyatning qaysidir qishlog`ida bolalar qor, do`l-yomg`irda maktabga borib qaytish uchun 30 km. yo`l bosayotganiga qayg`urayotgani yo`q.
Samarqand viloyati hokimligi javobi
Samarqand viloyati hokimligi javobini yozib o`tirishning hojati yo`q. Viloyat hokimligi ham hozircha dastlabki imkonimiz shu, deya Qo`shrabot tuman xalq ta`limi mudirining Birlik qishlog`ida maktabning Birlik filiali qurilishini vaziyatdan chiqishning yo`li deb bilmoqda.
Biroq, qayta aytamizki, Oqtosh qishlog`i 51-maktabning Birlik filiali qurilsa-da 80 nafardan ortiq o`quvchilar bilim olish uchun 15 km. piyoda yo`l yurib maktabga qatnashda davom etaveradi. Boshlang`ich sinflarga mo`ljallangan filial muammoni hal qilmaydi. 51-maktab ma`muriyati vaziyatni o`nglash uchun maktab internat tashkil etish taklifini kiritgan edi. Bu taklif qo`shimcha chiqim talab etgani uchunmi, «yuqori»ga yoqmagan ko`rinadi.
Xalq ta`limi vazirligi va Samarqand viloyati hokimiyati matbuotda maqolaga nisbatan javob e`lon qilish, hisobot berish bilan muammoni hal etdik, deb o`ylagan bo`lsa qattiq yanglishadi. Oqtosh qishlog`i 51-maktab o`quvchilari ilm olish uchun qishda qor kechib, yomg`irli kunlarda loyga botib, sovuqda qolib 30 km. yurib maktabga borib qaytmoqda.
Mana sizga “mahallabay” ish...
Muammo hisobot berish bilan hal bo`lmas ekan. Eng zaruriy ehtiyojlardan biri – ilm olish borasida og`ir qiyinchilikka duch kelayotgan bolalar hamon viloyat mutasaddilaridan yordam kutmoqda. O`z navbatida, Samarqand viloyati hokimi ham Qo`shrabot tumani qishloqlari bolalari taqdiri haqida qayg`ursa, vaziyatdan chiqish chorasini topsa o`rinli bo`lar edi. Prezident mahallabay muammolarni hal qilish kerakligini ta`kidlab kelmoqda. Qo`shrabot tumani qishloqlarining mahalla raislari esa ilm olishga qiynalayotgan bolalar oilasiga tahdid qilib, kamchiliklarni OAVga olib chiqmaslikni so`ramoqda.
Eslatib o`tamiz, Oqtosh qishlog`idagi 51-umumta`lim maktabiga boshlang`ich sinfni tugallagan 9 ta qishloq yuqori sinf o`quvchilari qatnaydi.
Qishloqlar jug`rofiyasi quyidagicha:
Qo`shhovuz – 15 km., Birlik, Ustik, Otquloq – 14 km., Yong`oqli, Duoba –13 km., Noqi – 12 km., Jala – 6 km.