Amalda qurilayotgan talabalar turarjoylari vazirlik tomonidan ko`rsatildi

30.08.2023 12:12

Talabalarni turarjoylarga joylashtirish har o`quv yili boshi va yil davomidagi muammolardan biri hisoblanadi. Sentyabr oyining boshida poytaxtdagi “Talabalar shaharchasi” viloyatdan og`ir yuklari bilan kelgan talabalar bilan to`ladi.

Shu kabi vaziyatlar inobatga olingan holda, 14 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda bu yil talabalarni turarjoylarga joylashtirish tizimini soddalashtirish va jarayonda inson omilini kamaytirish maqsadida, turarjoylarga ariza topshirish elektronlashtirilishi belgilangan edi.

Ya`ni, endi talabalar Davlat xizmatlari orqali onlayn ariza topshirib, navbatni ham onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo`lishi aytilgan.

Ushbu yangilikdan so`ng Rost24.uz “Mas`ullar talabalar uchun turarjoylar etishmovchiligini o`zlaridan soqit qilmoqda” tanqidiy maqolasini e`lon qilib, unda onlayn arizalar yotoqxona etishmovchiligi muammosini hal etadimi, degan savolni qo`ydi.






















 

Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi 23 avgust kuni o`tkazgan matbuot anjumanida ham mutasaddilar hozirda bir qancha turarjoylar qurilganini hisobotlarda aytib o`tdi. Ushbu matbuot anjumanidagi bildirilgan fikrlar asosida, saytda "Onlayn navbat yotoqxona etishmovchiligiga qanday echim bo`la oladi?" nomli videomaterial e`lon qilindi. Unda ham tizim elektronlashtirilgani bilan turarjoylar etishmasa, bu tizim o`zini oqlaydimi, degan savol o`rtaga tashlandi.

Shundan so`ng, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi Rost24.uz'ni qog`ozlardagi hisobotlardan tashqari, Toshkent shahrida amalda qurilayotgan talabalar turarjoylari bilan tanishtirdi.

Vazirlik mutasaddilarining aytishicha, 2023 yil yakuniga qadar respublika bo`yicha 18 ming o`rinli talabalar turarjoylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo`lib, yil yakuniga qadar ular to`liq qurib bitkazilar ekan. Shuningdek, 2023 yil 1 iyul holatiga 4 702 o`rinli 12 ta talabalar turarjoylari qurib bitkazilishi ham aytildi.

Vazirlik taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, Toshkent shahrida vazirlik va tashkilotlar qisqarishi hisobiga oldindan mavjud bo`lgan binolar ta`mirlanib, 1800 o`rinli talabalar turarjoylariga aylantirilmoqda. Ushbu yotoqxonalar joriy o`quv yili boshida quyidagi oliy o`quv yurtlariga topshiriladi:

Toshkent davlat Texnika universitetiga 800 o`rin;
O`zbekiston Milliy universitetiga  400 o`rin;
Toshkent Tibbiyot akademiyasiga 600 o`rin.

Zafar Amirqulov
Vazirlik bosh mutaxassisi

«Shuningdek, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti uchun 1000 o`rinli, Texnika universiteti uchun 400 o`rinli, Moliya instituti uchun 550 o`rinli, Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligi mexanizasiyalash muhandislari instituti  uchun 800 o`rinli, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti uchun 400 o`rinli turarjoylar ham qurilish jarayonida va ularning ayrimlari yil oxirigacha, boshqalari esa 2024 yil mart oyigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan», — dedi vazirlik bosh mutaxassisi Zafar Amirqulov.

Bundan tashqari, Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligi mexanizasiyalash institutining mavjud 220 o`rinli talabalar turarjoyi 350 o`ringa mo`ljallab qayta ta`mirlanib, o`quv yili boshida foydalanishga topshirilishi ham ma`lum qilindi.  

Turarjoylar soni o`tgan yilgiga nisbatan ko`paymoqda. Endi har yili talabalar turarjoylari bilan bog`liq muammolar kamayadi degan umiddamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар