Kelajagimizga ham daxldor bo`lgan muammolarning ko`tarlishi matbuot kotiblarning birgina “munosabati” bilan “tinchlantirilmoqda”.
So`nggi paytlarda jamiyatimizda, xususan rahbariy qatlamda bir holat yaqqol ko`zga tashlanyapti: befarqlik. Muammolarimiz ustida yuguramiz, elamiz, to`siqlarga duch kelamiz va indamay qo`l siltab ketamiz.
Yaqinlarimiz, tanishlarimizning boshiga tashvish tushadi, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda biror falokat yoki noxush hodisa, o`z joniga, farzandining joniga, ko`chadagi qizaloqning, bolakayning joniga qasd qilganlar, jonivorlarga shafqatsizlik qilganlar, zo`rlaganlar, jinoyatiga nisbatan nazarimizda o`ta engil jazo olganlar yoxud o`ta og`ir jazo olayotganlar haqida eshitamiz, ko`ramiz. Afsuslanamiz, achinamiz, g`azablanamiz va bo`ldi. Shu bilan keyingi xabarni kutamiz, balki ongli, balki ong ostidagi o`zimiz sezmagan ongsizlik bilan.
Adolatsizliklarga duch kelamiz, kasbimiz taqozosi bilan yozamiz, o`zimizcha nimalarnidir isbot qilamiz, faktlar keltiramiz. Muammo adolatli echim topishiga umid qilamiz. Hukumatning, vazirlikning, tashkilot yoki boshqarmaning matbuot kotibi yozgan bitta “munosabat” bilan hammasi chippakka chiqadi. Aksariyat bunday munosabat bildirilgan xabarlarning ma`nosi, shakli bir biriga o`xshash, ko`pchiligi “mutlaqo asossiz” degan da`vo bilan boshlanib, shu ruhda tugaydi. Yoki unda hech qanday asos, fakt bo`lmaydi, keltirilgan dalillarni rad etishga arziydigan dalil topolmaysiz. Ammo u MUNOSABAT, uni aytgani, unda yozilgani bo`ladi.
Shu bilan tugadi, hammasi o`z holida qoladi, ketma ket chiqayotgan keyingi xabarlar fonida bu muammo ham pastda qolib ketadi, oqibatda uni tug`dirganlar istaganidek echim topadi hammasi.
Saytlarda e`lon qilingan bir qancha maqolalarning taqdiri ham shunday yakunlangan, ayniqsa so`nggi vaqtlarda.
Masalan, rost24 saytida e`lon qilingan “Poytaxtni yashab bo`lmaydigan darajaga aylantirish davom etmoqda” nomli maqolaga Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi tomonidan bildirilgan munosabatda maqolada keltirilgan dalillarning faqat javob berish mumkin bo`lgan joylariga javob yozilib, asosiy savollar, qonun buzilishi holatlari haqidagi faktlar javobsiz qoldirilgan.
Shundan so`ng mazkur munosabatga sayt tomonidan berilgan “Shaharsozlik qoidalarini buzishga Prezident qarori sabab qilib ko`rsatildi” nomli raddiyaga hech qanday munosabat bildirilmagan va aytilgan hududdagi qurilish ishlari tezkorlik bilan yo`lga qo`yib yuborilgan.
Aholining noroziligi, farzandlari kelajagidan tashvishi, xavotirlarini esa “domkom”ning birgina “Ming marta yozsalaring ham bu kompleks bari bir quriladi, shuning uchun tinch o`tiringlar” degan buyruqona tahdidi bosib ketgan. Endilikda aholi vakillari prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaat yo`llashga majbur bo`lishmoqda.
Yana bir “Magistratura uchun Milliy sertifikat tizimi o`zini oqlayaptimi?" nomli maqolaga esa, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan berilgan munosabatda maqoladagi e`tiroz va dalillarning bariga, shunchaki “unday emas” qabilida javob berilgan, B2 daraja uchun deyilgan imtixonda nima uchun S1 darajadagi kitobda keltirilgan testlar berilganiga “ular soddalashtirilgan” deb javob berilgan, xolos.
Qanday qilib bunday bo`lishi mumkin? Imtixonda ishtirok etgan talabgorlarga ko`ra, savollar umuman soddalashtirilmagan, aynan o`z darajasida berilgan. Xo`p soddalashtirilgan ham deylik, nima uchun B2 imtixoniga C1 darajaning savollarini soddalashtirib qo`yish kerak? Nima uchun o`z darajasidagi savollar qo`yilmaydi, maqsad atay imtixondan yiqitishmi? Chalg`itishning nima keragi bor? Farzandlarimizga dushmanmizmi? Ularni shu yo`l bilan himoya qilyapmizmi? Qaysi asosga ko`ra?Savollar ko`p.
Ilgari odamlar “portalga yozaman” desa, har qanday qonunga xilof bo`lgan ishlar to`xtab, fuqarolarning murojaatlari oson bitar edi. Odamlar bu imkoniyatni ham suiiste`mol qilib yuborishdimi, hozir ko`plab rahbar xodimlardan tortib oddiy fuqarolargacha befarqlik sindromiga chalinib qolishgan go`yo. Keltirilgan misollar xamir uchidan patir xolos. Bunday holatlarni har kuni, har qadamda uchratish mumkin.
Bu juda yomon, juda qaltis ketish. Bizning kelajakdan katta umidlarimiz bor, buyuk davlat, buyuk millat degan sha`nimizni tiklash, boshqa millat-u boshqa rahbarlarga havas qilib o`tirish emas, ulardek yuqori darajalarga erishish vazifamiz bor, biz uyg`onishimiz kerak, davlat qonunlariga amal qilishimiz, amal qildirishimiz, ularni hurmat qilishimiz, hurmat qilidrishimiz kerak. Bu qonunlarni, Konstitusiyani biz “ishlatishimiz” kerak, aks holda uning insonparvarlik asosida tuzilgani, yozilganidan bizga hech bir naf tegmaydi. Aks holda 50, 100 yildan so`ng farzandlarimiz bizni umri uyquda o`tgan avlod sifatida nafrat bilan, xijolat bilan eslab o`tadilar.