Jahon banki (JB) O`zbekistonga imtiyozli kreditlar ko`rinishida 800 mln dollarlik moliyaviy paketni ajratishni ma`qulladi. Bu haqda bankning O`zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmati xabar qildi.
«Ushbu mablag`lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydaliroq. Bu orqali O`zbekiston qarz bo`yicha xizmat ko`rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablag`larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo`naltirishi mumkin bo`ladi», — deyiladi xabarda.
Bankning qayd etishicha, mazkur qarz mablag`lari hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan:
Aholini ijtimoiy himoya qilish
Elektr energiyasi, issiqlik va gaz ta`minoti bo`yicha oshirilgan tariflarni kompensasiya qilish maqsadida kam ta`minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pulini 270 ming so`mdan 1 million so`mgacha oshirish.
Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish
Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo`ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me`yoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish.
Ish beruvchilarga homilador yoki yosh bolali ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo`shatishni taqiqlash.
Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish
Xususiy va nodavlat etkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish.
Davlat korxonalarini isloh qilish
Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O`zbekiston Milliy investisiya jamg`armasini tashkil etish.
Keng polosali internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustun mavqeyini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikasiya regulyatorini shakllantirish, shuningdek, telekommunikasiya sohasiga xususiy investisiyalarni jalb qilish.
Qishloq xo`jaligi
Mahalliy qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo`jaligi xavf-xatarlaridan sug`urtalash tizimini joriy etish.
Paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta xaridi narxlarini belgilashning yanada moslashuvchan mexanizmini joriy etish va to`qimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni sotib olishda mustaqillik berish.
Tashqi savdoni liberalizasiya qilish
JSTga a`zo bo`lish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, shu jumladan, ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish.
Energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo`jaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish.
Energetika sektori
Xususiy investorlar ishtirok etishi uchun elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini iste`molchilarga to`g`ridan-to`g`ri sotish huquqini berish.
Ushbu choralar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni ko`paytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirishga qo`shimcha investisiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Energiya samaradorligini oshirish
Energiya sarfi yuqori bo`lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo`shimcha rag`batlarni joriy etish.
Ushbu chora-tadbirlar qatorida energiya tejamkor loyihalarga xususiy investisiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, shuningdek, quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy rag`batlantirish ko`zda tutilgan.
«Yashil» davlat xaridlari
Byudjet mablag`laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish.