Rost24.uz nashrida chiqqan maqola Hukumatni uyg`otdi...

16.12.2022 15:35

Bir qancha vaqt avval Rost24.uz nashri  taniqli turkolog olim, Michigan davlat universiteti professori — Temur Xo`ja o`g`lining hukumatga ochiq murojaatini yoritgan edi.

Olim o`z murojaatida otasining Buxorodagi tarixiy xonadoni mehmonxona sifatida ish boshlaganidan noroziligini bildirgan va bu borada O`zbekiston rasmiylaridan yordam so`ragan.

Ma`lumot uchun, uning otasi Usmon Xo`ja Po`latxo`jaev -  Buxoro Xalq Respublikasining birinchi rahbari va ilk jadid maktablarining asoschisi edi.

Shuningdek, murojaat matni keltirilgan maqolada Temur Xo`ja o`g`lining turkiy olamdagi ilmiy faoliyati keng yoritib berilgan, tarixiy obidaning oyoq osti qilingani esa tanqid ostiga olingan edi.

Mazkur maqola e`lon qilingach, yillar davomida e`tibor qaratilmay kelayotgan jarayon hukumat rasmiylarining e`tiboriga tushdi.

Yaqinda olim O`zbekiston hukumatining favqulodda taklifi bilan mamlakatimizda bo`ldi.

Xususan, kuni kecha Temur Xo`ja o`g`li va Prezident Administrasiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikasiyalar va axborot siyosati bo`yicha sho``ba mudiri Saida Mirziyoeva hamda Administrasiya rahbarining o`rinbosari Komil Allamjonovlar o`rtasida samimiy uchrashuv bo`lib o`tdi.

Saida Mirziyoeva  uchrashuv haqidagi taassurotlari quyidagicha ifodalagan:

"Kecha turkiyalik tarixchi, siyosatshunos, jadidlar harakati va ularning konstitusiyaviy g`oyalari tadqiqotchisi, Buxoro Xalq Respublikasi etakchilaridan biri bo`lgan Usmon Xo`ja o`g`lining zurriyoti Temur Xo`ja o`g`li bilan nihoyatda maroqli uchrashuv o`tkazdik.

Suhbat chog`ida jadidlik mohiyatini ochib beruvchi qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha g`oyalar tug`ildi.

Darvoqe,  uchrashuvimiz Mass-media fondida o`tganining o`zi ham ramziy ma`noga ega, chunki ushbu tuzilmaning faoliyati, birinchi navbatda, ta`lim berish va salohiyatni oshirishga qaratilgan.

Professor Xo`ja o`g`li jadidlarga bag`ishlangan qator kitob va maqolalar muallifi va muharriri, shu jumladan,  "Kommunizmdan keyingi Evroosiyoda gender siyosati" kitobidagi "O`tmish muqaddimami? Musulmon Markaziy Osiyosining tobe, itoatkor ayoli haqidagi afsonaga raddiya"  bobi muallifidir".


Ma`lumot uchun, Rost24.uz nashri avvalroq, Temur Xo`janing amakisi -  Fayzulla Xo`jaevning uy muzeyiga uning nomi qaytarilishiga ham sababchi bo`lgandi.

Maftuna Karimova,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар