Oliy ta`limda tajriba o`tkazish davom etadi: Toshqulov qarorini o`zgartirdi

14.11.2022 17:46

Sertifikat bo`lsa bas, darajasi muhim emas

Mustaqil bo`lganimizga 30 yildan oshdi, ammo biz hamon amaldorlarning aqliga tasodifan kelib qolgan fikrlar asosida «tajriba quyonchalari» bo`lishda davom etmoqdamiz.

Ma`lumki, bu yildan magistraturaga kirishda chet tili sertifikatiga ega bo`lish talabi qo`yildi. Bu talabga ko`plab asosli e`tiroz bildirayotganlarga nisbatan fikr bildirgan vazir Abduqodir Toshqulov endi yiliga ikki marotaba qabul bo`lishi kutilayotganini aytgandi.

Endi esa, 2022/2023 o`quv yili uchun davlat oliy ta`lim muassasalari magistraturasiga dekabr-yanvar oylaridagi tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qat`i nazar (C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.

Xursand bo`lishniyam, xafa bo`lishniyam bilmaydi kishi, Toshqulov o`zining avvalgi qarori mantiqsiz ekanini tan oldimi bu bilan?

Bu yil magistraturaga 17 mingta qabul kvotasi ajratilgan, biroq 10032 nafar nomzod hujjat topshirgan edi. Kvota to`lmadi albatta, yanvarda qayta qabul bo`lishi haqida xabar berildi. Demak, xalq ta`limida tilni eplab o`qiy olmagan yoshlarni, oliy ma`lumotli bo`lganda ham sertifikatlash darajasida o`qitishmayapti. Muammo talabadami yoki tizimda? 

Yana bir savol tug`iladi, sentyabrda o`qishni boshlaganlar ham, fevralda o`qishni boshlaganlar ham bir xil dastur bilan o`qitib ketilaveradimi? Ta`lim olish, uning darajasi nechanchi o`rinlarda ketyapti hozir oliy ta`limda? Muhimi kirib olish va amallab diplom olish. O`rtada olinishi kerak bo`lgan bilim degan narsalarni umuman qizig`i qolganmi o`zi? Biror kim bilimi etishmagani uchun magistratura yoki bakalavriatdan haydalganini eshitganmisiz? Yo`q. Haydalsa faqat shartnoma pulini to`lolmagani uchun haydaladi O`zbekistonda. Bizda bilim berish, olish shunchalar mukammal va zo`r ekanligini anglatadimi bu?

Toshqulov bergan ma`lumotga qaraganda, o`tgan 4 kursni tamomlaganlarning taxminan 700 nafarida sertifikat bor edi. Bu yil 7000 nafarga chiqdi. Ammo kvota 12 000 nafar talabani qamrab ola oladi.

Avgustda hujjat topshirolmaganlar sertifikat uchun qattiq harakat qilishdi va norasmiy, ammo fuqarolar orasida tasdiqlangan xabarlarga ko`ra sertifikat sotish – sotib olish avjiga chiqdi. Mazkur ma`lumotlarga qaraganda bir ball qo`shib berilishi uchun ming, hatto ikki ming dollar to`lashgan. Vazirlikning shunday rejasi bor ekan, nega bu haqda ertaroq xabar bermadi? Hujjat topshirishga balki bir oy ham qolmagan bir paytda mazkur xabar chiqmoqda. Sertifikat savdosi bilan shug`ullanuvchi «tadbirkor»lar esa bu orada ancha ish qilishga ulgurishdi.

Umuman olganda, o`zi Magistraturaga kirish uchun chet tilidan sertifikat nimaga kerak edi? Bu talab faqat mutaxassisliklar bo`yicha qo`yilsa bo`lmasmidi?

Xo`p, mazkur antiqa talab qo`yib bo`linibdi, bo`lar ish bo`libdi, oradan bir 2 oy o`tar-o`tmas endi darajasi muhim emas deyishga nima bor, bu tajribani kichikroq auditoriyada o`tkazib ko`rilsa bo`lmasmidi?

Qizig`i, bakalavriatda ta`lim olayotgan bo`lsangiz, sizga chet tili bo`yicha sertifikat olish darajasidagi bilim berilmadida, ammo magistraturaga kirmoqchi bo`lsangiz sertifikat albatta kerak. Shunda shubha tug`iladi, milliy sertifikat (CEFR) beruvchi tashkilotning ishlari yurishishi uchun o`ylab topilgan o`yinmi bu?

Bu borada bo`layotgan o`yinlardan Toshqulovning o`zi ham xabardor, ammo xabardorligini bildirib qo`yib buning oldini olishga urinmaslikni qanday tushunish mumkin?

Avgustda Oliy ta`lim vaziri magistraturaga topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilganini ma`lum qildi.

Xo`sh, sertifikatlarning bizga qanday foydasi tegdi? Xalq mazkur tizimni ogohlantirmasdan qisqa muddatda amaliyotga joriy qilganlarni bir oz qarg`adi, ammo yo`lini topib, sertifikatlarni sotib oldi. Shu bilan korrupsiyaga yana bir imkon yaratilgan edi.

Shuni ham alohida ta`kidlash joizki, hali bu boradagi tajribalar davom etadi.
Chunki, hozir magistraturaga kirish faqatgina bakalavr diplom balliga bog`liq bo`lib qoldi. Ya`ni, sizda diplom balli past bo`lsa (balki bu ball siz qaysidir o`qituvchi bilan shaxsiy kelishmovchiliklaringiz tufayli past bo`lib qolgandir), bo`ldi, shu bilan butun umr O`zbekistonda magistraturaga kirolmaysiz. Keyinchalik sizning bilimlaringiz oshib-toshib, xalqaro bir qancha darajalarga ega bo`lsangiz ham foydasi yo`q, chunki magistraturaga kirish uchun sizdan imtihon olinmaydi. O`sha ballni o`zini hisoblab qo`yaverishadi. O`ta katta ehtimol bilan, bunday tizim albatta yana o`zgarishga uchrasa kerak.

Toshqulov 2020 yilda «Biz bugun oliy ta`limni rivojlantirish uchun undan keyingi ta`limni ham jiddiy ko`rib chiqishimiz kerak», degan edi. Agar jiddiy ko`rib chiqish tinimsiz mantiqsiz tajribalar o`tkazishni anglatsa, vazir bu borada o`z maqsadiga erishdi deb hisoblash mumkin.

Muammo yuzasidan avval e`lon qilingan maqolalar:

Navbatdagi tajriba: Magistraturaga kirish uchun chet tilidan sertifikat nimaga kerak?

Hurmatli Toshqulov, O`zbekiston oliy ta`lim tizimi sizga tajriba maydonimi? 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
19
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
15.11.2022 22:26
Мақолада жуда хам тўғри фикр билдирилган, магистратурага киришда сертификат талаб қилиш фақат бакалавриатда шу даражани олишга имкон берувчи хорижий тил ўқитилиши йўлга қўйилгандагина хақли хисобланади. Акс холда бу бакалавриат талабасини қўшимча харажат қилиб хорижий тил ўқишга мажбурлаш билан баробар.
15.11.2022 13:06
Oliy taʼlimni davlatdan ajratish va xususiy sektorni bu soxaga aralashishini qoʻllab quvvatlash kerak. Xalq taʼlimini esa mutsipal tashkilotlarga topshirish kerak. Taʼlimda bozor qoidalari amal qilmas ekan sifat oʻzgarmaydi.
15.11.2022 10:56
1100$
15.11.2022 08:46
Shunchaki, mantiqni qidirib topib bo'lmaydi Ozbekistonda.
15.11.2022 02:49
Achchiq haqiqatlar . Qachon bizada ham talim rivojlanadi?
15.11.2022 02:20
O‘rta maxsus ustozlarga ajratilgan 1000 talik kvota qachon e‘lon qilishadi.Kutib charchadik.