O`zbekistonda taklif etilayotgan maoshlar 20 foizga kamaydi

07.10.2025 13:12

2025 yil III choragida Head Hunter platformasida taklif etilgan oyliklar o`rtacha 20,2 foizga kamaydi. Ayrim sohalarda ish haqlari 72 foizgacha qisqargan.

Ishga takliflar soni 24 foizga ortdi

Iyul–sentyabr oylarida ish beruvchilar hh.uz platformasiga 33 mingdan ortiq faol ish o`rinlarini joylashtirgan. Ma`lumotlarga ko`ra, mazkur ko`rsatkich o`tgan yilning mos davriga qaraganda 24 foizga o`sgan.

Platformada e`lon qilinayotgan ish takliflarining aksariyati Toshkent shahriga to`g`ri kelmoqda. Biroq hisobot davrida poytaxtdagi ishga takliflar soni 81,9 foizgacha kamaygan.

Ish takliflari soni Jizzaxda 1,5 barobardan ko`proq, Namanganda 49 foiz , Andijon, Farg`ona, Buxoro va Samarqandda 40 foizdan ziyod oshdi. Shunday bo`lsa-da, hududlar kesimida bo`sh ish o`rinlarining 4,8 foizi Samarqand shahriga to`g`ri kelsa, boshqa shaharlarning ulushi 1,6 foizdan oshmaydi.

Oyliklar sezilarli kamaygan

Joriy yil III choragida Head Hunter platformasi orqali taklif etilgan o`rtacha ish haqi 4,36 million so`mni tashkil etdi. Bu o`tgan yildagiga nisbatan 20,2 foizga kam. Poytaxtda o`rtacha ish haqi ko`rsatkichi eng yuqori (5,083 million so`m) bo`lib qolmoqda. Lekin oyliklar pasayishi poytaxtni ham chetlab o`tmagan (41 foizga kamaygan). Shu bilan birga, Navoiyda o`rtacha maosh ikki baravardan ko`proqqa, Qarshida 92,3 foizga, Chirchiqda esa 21,6 foizga pasaygan.

Ish haqi takliflarining eng yuqori o`sishi Andijon (+25 foiz), Samarqand va Farg`onada (+2,7 foiz) kuzatilgan.

Bunday tebranishlarning ehtimoliy sabablari sifatida taklif tuzilmasidagi o`zgarishlar, ommaviy bo`sh ish o`rinlari ulushining ko`payishi va mavsumiy omillar ko`rsatilmoqda.

Eng yuqori maoshlar, ilgarigidek, oliy va o`rta boshqaruv sohasida kuzatilmoqda — 8,94 million so`m. Bu qiymat o`tgan yilga nisbatan 13,7 foizga kamdir. Huquqshunoslar 6,5 million so`m bilan (21 foizga kamaygan) ikkinchi o`rinda turibdi.

Shuningdek, taklif bo`yicha eng yuqori beshlikka avtomobil biznesi (6,48 million so`m), qishloq xo`jaligi (6,16 million so`m), investisiya va konsalting sohalari (5,44 million so`m) kirdi. Bular orasida faqat qishloq xo`jaligi sohasida maoshlar pasaymagan.

Xavfsizlik sohasidagi maoshlar eng past darajada bo`lib, 1,59 million so`mni tashkil etgan. Mazkur ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan ikki baravar kamdir. Sug`urta sohasida 2,36 million so`m (-62 foiz), uy xizmatchilari uchun 2,4 million so`m (-32,3 foiz), umumiy ovqatlanish xodimlari uchun 2,65 million so`m taklif qilindi. IT sohasida taklif etilayotgan o`rtacha maosh 4,35 million so`mni tashkil etgan.

Ma`muriy xodimlar sohasida taklif etilayotgan ish haqi 72,6 foizga kamayib, 3,13 million so`mni tashkil etgan. Qurilish sohasida oyliklar 62,5 foizga (4,099 million so`mgacha), moliya va buxgalteriya yo`nalishida esa 47,7 foizga (5,02 million so`mgacha) pasaygan.

Milliy statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, birinchi yarim yillikda o`rtacha nominal ish haqi 5,98 million so`mni tashkil etgan. Mazkur ko`rsatkich 2024 yil mos davriga nisbatan 17,2 foizga yuqori. Toshkent shahrida o`rtacha ish haqi 10 million so`mdan oshgan. Sohalar orasida moliya va IT yo`nalishlari oyliklar yuqoriligi bo`yicha etakchilik qilmoqda.

Vakansiyalar qanday o`zgardi?

Head Hunter’da berilgan ish bo`sh o`rinlariga takliflarning 15 foizi sotuv va mijozlarga xizmat ko`rsatish, 11 foizi marketing va reklama sohasiga bo`lgan. Yana 7,8 foiz ishchi qidirganlar fitnes, sport va go`zallik yo`nalishlariga e`lon bergan. O`z navbatida 6,7 foiz takliflar avtomobil biznesi bo`yicha bo`lgan.

Eng kam takliflar sug`urta (0,1 foiz), xavfsizlik va huquqshunoslik (0,6 foiz) sohalariga to`g`ri kelgan. Shu bilan birga, ish beruvchilar hh.uz saytida xarid bo`yicha mutaxassislarni (0,7 foiz), qishloq xo`jaligi xodimlarini (0,8 foiz) va xom ashyo qazib oluvchi ishchilarni (0,9 foiz) kamdan-kam izlashgan. Boshqa tomondan sug`urta sohasidagi bo`sh ish o`rinlari soni 2,5 baravarga ko`paygan.

Bundan tashqari, HR mutaxassislari, buxgalterlar va moliyaviy ekspertlarga bo`lgan talab sezilarli darajada (+54,9 foiz) oshgani. Qazib olish sohasi (+52,2 foiz) va chakana savdoda (+41 foiz) ham talab o`sgani qayd etilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар