Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida sohaga oid bir qancha muammolarga echimlar ishlanmoqda.
Xususan, yaqinda imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O`zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tumanlarning har biriga 100 milliard so`mdan va 330 ta og`ir mahallalarning har biriga esa 5 milliard so`mdan mablag` ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so`m beriladi.
Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltiriladi.
Viloyat hokimlarining o`zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og`ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so`mdan yo`naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o`zgarish qilishi shartligi ko`rsatib o`tildi.
Tuman hokimlari berilayotgan mablag`dan oqilona foydalanib, “mahalla ettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko`rsatib bermayapti
Mahallalar aholisi o`zlari daraxt ekib, parvarish qilishga, yashil hududlarni ko`paytirishga tayyor, lekin birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko`rsatib bermayotgani tanqid qilindi.
Endilikda “ettilik”, mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha er maydoni ajratib beradi.
Hokimlar va “ettilik” buning ustidan ta`sirchan jamoatchilik nazorati o`rnatilishi, bu erlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo`lsa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo`lishi haqida ogohlantirildi.
Bosh prokuraturaga boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o`yingohlarini joyiga qaytarish bo`yicha topshiriq berilgan edi. To`rt oy ichida 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o`yingohi tiklandi.
“Ettilik” ish vaqtining yarmini turli majlis va tadbirlarda o`tkazyapti
“Ettilik” xodimlarining aniq vazifalari va KPI belgilangani bilan mahalladagi umumiy natijadorlikni baholaydigan tizim yo`q.
Hozirda “ettilik” a`zolarining 1 ming 700 nafari mahalla hududidan 20-30 kilometr uzoqdan qatnaydi. Oqibatda o`tgan yili 68 nafar “ettilik” vakillari biriktirilgan mahallasiga bir necha oy kelmagan.
Mutasaddilarga “ettilik” faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari yil yakuniga ko`ra, yaxshi ishlagan 10 ta “ettilik”ning barchasini mukofotlash, ularga qo`shimcha ustamalar berishni yo`lga qo`yadi.
“Shunda “ettilik” hamjihat va yagona jamoa bo`lib ishlaydi”,
– dedi Prezident.
Bundan buyon “ettilik” xodimlari bilan har bir yo`nalish bo`yicha alohida yig`ilish o`tkazish taqiqlanishi belgilandi.
Tozalik va ozodalik oyligi e`lon qilindi
Unga ko`ra,
- har bir tuman va shahar hokimi ko`chasi, yo`li, arig`i, xiyobonini tartibga keltirib, doimo ozoda tutishi shart.
- obodonlashtirishga mas`ul hokim o`rinbosarlari bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko`cha, xonadon, ko`p qavatli uy, ijtimoiy ob`ektlar atrofini tozalash bilan shug`ullanadi.
- “Toza hudud” korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to`liq safarbar qilinadi.
- ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo`llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o`rnatish topshirildi.
- Bosh prokuratura boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o`yingohlarini joyiga qaytarish bo`yicha topshiriq ijrosini davom ettiradi.