Badbo`y oqova suv tozalash inshootlari: Sanoat korxonalariga filtr o`rnatishdan ko`ra kompensasiya to`lash arzon tushyapti

10.10.2025 15:38



O`zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 7 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo`lib o`tgan yig`ilishda oqova suvlarni tozalash tizimidagi muammolar va ularni hal etish bo`yicha ko`rilayotgan choralar haqida ma`lumot berdi.

«Respublikamizda barcha oqova suv tozalash inshootlari maishiy oqovalarni tozalashga moslashgan bo`lib, ular sanoat korxonalaridan oqiziladigan kimyoviy tarkibga ega bo`lgan suvlarni tozalash imkoniyatiga ega emas», — dedi u.

Uning so`zlariga ko`ra, mamlakatda 15 mingga yaqin oqova suvlarning asosiy zararlantiruvchilari mavjud bo`lib, ulardan oqizilayotgan oqova suvlar butun oqova suv tozalash texnologiya jarayonida jiddiy zarar etkazmoqda.

«Xususan, kimyoviy moddalar oqova suvning biologik jarayonida asosiy o`rin egallovchi «aktiv il»larni nobud qilib, tozalash jarayonini samarasiz holatga keltirmoqda. Mazkur holat oqova suv tozalash inshootlaridan badbo`y hid tarqalishining asosiy sababchisi bo`lib qolmoqda», — deya tushuntirdi Sherzod Hidoyatov.

Vazir ta`kidlashicha, bunday holatlar inshootlarni qurish va modernizasiya qilish uchun texnologiyalarni aniqlashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayrim hollarda tanlangan texnologiyalarni o`zgartirishga sabab bo`lmoqda. Bu esa loyihalar qiymati oshishiga olib kelmoqda.

Uning so`zlariga ko`ra, me`yordan ortiqcha ifloslangan oqova suvlar tashlanganlik uchun kompensasiya to`lovlari mutanosib darajada emas, juda past miqdorda qolmoqda.

«Masalan, terichilik korxonalari me`yordan ortiqcha ifloslangan suv oqizganligi uchun bir oyda o`rtacha 1,3 million so`m kompensasiya to`laydi. Mazkur turdagi korxona birlamchi lokal oqova suv tozalash inshootini o`rnatishga 1 milliard so`mdan ortiq mablag` talab etiladi. Natijada korxona lokal inshoot o`rnatish o`rniga kompensasiya to`lovlarini afzal ko`radi. Har oyda 1,3 million so`m talab qilinsa, 64 yilda 1 milliard so`m bo`ladi», — deya qayd etdi vazir.

Uning aytishicha, Prezident administrasiyasi rahbarining topshirig`i asosida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 iyundagi 361-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga asosan oqova suv tarmoq me`yordan ortiqcha ifloslanuvchi moddalarni, qoramol terisi, matolarni bo`yash, yog`-moy, neft mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda parrandachilikka ixtisoslashgan korxonalar va kushxonalar chiqindilarini oqizganlik uchun kompensasiya miqdori 2025 yil 1 oktyabrdan 20 baravarga oshirildi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlar tajribalari asosida ushbu qaror bilan oqova suvlar tashlanadigan suv ob`ektlari ekologik zaifligiga qarab to`rtta toifaga ajratildi. Har bir toifa suv ob`ektlari bo`yicha ekologik zarar etkazmaydigan darajada standartlar joriy etildi.

Shuningdek, Hidoyatov ta`kidlashicha, oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimidan foydalanish tartibini kuchaytirish va respublikada faoliyat yuritayotgan inshootlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Oqova suvlarni chiqarish sohasini takomillashtirish to`g`risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

«Ushbu loyihaga asosan sanoat korxonalari tomonidan oqova suvdan qayta aylanma tizimni joriy etish, lokal inshootlar o`rnatishga, oqova suv tizimining uskunalarini mahalliylashtirishga imtiyozlar berish ko`zda tutilgan», — dedi u.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар