O`zbekistonning tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi

02.10.2025 17:50

Joriy yil 30 sentyabr kuni Markaziy bank respublika tashqi qarzi bo`yicha ma`lumot berdi. Tahlilga ko`ra, xorijdan olinayotgan kreditlar miqdori ortib bormoqda.

Rekord miqdordagi kreditlar

2025 yil I yarmida O`zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarga etdi. (I chorakda 68,4 mlrd dollar edi). Bu tarixiy miqdor bo`lib, xorijiy kreditlarning 36,8 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollarini korporativ tashqi qarz hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, 2024 yil mos davrida respublika jami tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo`lgan. Shundan 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari korporativ tashqi qarzlar edi.

Joriy yil 1 iyul holatiga ko`ra, O`zbekiston umumiy tashqi kreditlari ulushi aholi jon boshiga 1 907 dollardan to`g`ri kelmoqda.

II chorakda qarzlar qanchaga ko`paydi?

Joriy yil II choragida mamlakat umumiy tashqi qarzi 3,8 mlrd dollarga, 2024 yil I yarmi bilan solishtirilganda 15,6 mlrd dollarga ko`paygan.

Aprel–iyun oylarida davlat tashqi qarzi 1 mlrd dollarga, bir yillik hisobda esa 5,8 mlrd dollarga oshgan.

Korporativ qarzlar uch oyda 2,8 mlrd dollarga, bir yilda 9,8 mlrd dollarga ko`paygan.

Markaziy bank tahliliga ko`ra, korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi.

Bu yil davlat qarzi qanchaga etadi?

Davlat qarzi 2025 yil yakunida 45,1 milliard dollarga etishi prognoz qilingan. Bu yil yakunida kutilayotgan yalpi ichki mahsulotga (125 mlrd dollar) nisbatan 36,7 foizga teng degani. Joriy yilda 5,5 mlrd dollar miqdoridagi tashqi qarz olinishi belgilangan. Shundan 3 mlrd dollari byudjetni qo`llab-quvvatlashga, qolgan 2,5 mlrd dollari investisiya loyihalari uchun yo`naltirilishi ko`zda tutilgan.

2026 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 140 mlrd dollardan ortishi prognoz qilinmoqda. Dastlabki tahlillarda makroiqtisodiy hamda fiskal ko`rsatkichlar barqarorligi ta`minlansa, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati kelasi yili 37,9 foiz atrofida bo`lishi kutilmoqda. Bu davlat qarzi 53 mlrd dollardan ortishini anglatadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар