Xalq ta`limi vazirligining Umumta`lim maktablariga o`quvchilarni onlayn qabul qilish tizimi xo`jako`rsinga yaratilganmi?
Bir hamkasbimiz jurnalistlar davrisida farzandini 1-sinfga joylash uchun 150 dollar xarajat qilganini aytib qoldi. Nega desangiz, maktab direktori har xil vaj-karsonlar bilan mikrohududdan tashqari bolani qabul qilmagan. Farzandini nisbatan yaxshiroq maktabga o`qitishni astoyidil xohlagan ota-ona noiloj rahbar bilan til topishadi, ya`ni maktab uchun 150 dollarlik kerakli anjomlar olib bergach, bolasini qo`shimcha kvota hisobidan 1-sinfga qabul qiladi.
Bu Toshkent shahrida yaqinda bo`lgan voqea. Bunda ko`pchilik hamkasbimizning o`zini aybladi. Chindan ham, jurnalist bo`la turib, qing`ir yo`lga bosh suqish toqat qilib bo`lmaydigan holat, aslida. Ammo bunda men ota-onalarni zig`ircha ham ayblay olmayman. Hamma ayb chirib, botqoqqa tobora botayotgan xalq ta`limi tizimida. Masalan, men haqiqatgo`y ota sifatida farzandimni qo`shimcha kvota bo`yicha maktabga joylay olmadim.
Ha, o`qishga sanoqli kun qolganida hujjatlarimizni keraksiz matohdek yuzimizga uloqtirdi. Onlayn ariza topshirganim, farzandimni suhbatga olib borganim, maktabga qabul bo`yicha yozgan arizam direktor xonimning xohish-istagidan ustun bo`la olmadi.
Gap shundaki, bu yil 1-sinfga qo`shimcha kvota bo`yicha 1 avgust kuni my.maktab.uz platformasi orqali onlayn ariza qabul qilish boshlandi. O`sha kuni biz ham Yashnobod tumanidagi 166-sonli maktabga ariza topshirishga muvaffaq bo`ldik. Muvaffaq bo`ldik, deya ishtiboh berishimning boisi bor. Bu platforma qurg`ur orqali ariza topshirish qanchalik og`ir kechganini bolasi 1-sinfga chiqayotganlar juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun ariza topshirishga ulgurganlar xuddi Grin karta yutgandek xursand bo`lgani rost.
Biz o`qimoqchi bo`lgan maktabda 1-sinf uchun 140 o`rin ajratilgan bo`lib, o`sha joy uchun mikrohududdan 72 ta ariza topshirilgan. Qolgan 68 ta o`rin uchun qo`shimcha kvota berilgan. Baxtimizni qarangki, platforma “nayrang”lariga qaramay, birinchilardan bo`lib ariza topshirdik. O`sha payti platformada 25 ta ariza qabul qilingani ko`rinib turardi.
Platformada belgilangan navbat vaqti 02.08.2022 yil, soat 17.00 dan bir soat oldin farzandim bilan 166-maktabga bordik. Maktab direktori Nilufar Tulebaeva xushlamaygina qabul qildi. Biz shu maktabda o`qimoqchi ekanligimizni, navbatimiz bo`yicha kelganimizni aytdik.
“Bolangizni qabul qila olmayman. Bizda joy yo`q”, dedi keskin ohangda.
Nilufar Saylovbaevnaning aytishicha, vazirlikka mikrohudud va qo`shimcha kovota uchun 6 ta sinfga ariza bergan. Unga ko`ra, 210 ta bola olinishi kerak bo`lgan. Ammo o`sha so`ralgan o`rindan 70 ta kvota olib tashlanib, 140 ta o`rin berilibdi.
Direktor urg`u berishicha, statusi baland bu maktabga talabgorlar ko`p. Ota-onalar aprel-may oyidan kelib, farzandini olishini talab qilayotgan ekan.
Qiziq, nega unda, Nilufar Saylovbaevnaning ta`biri bilan aytganda, statusi baland oilalar 1 avgustgacha mikrohudud bo`yicha ariza topshirmadi. Axir, vazirlikdan o`sha 70 ta o`rin “chopilgan” taqdirda ham berilgan kvotaning qariyb teng yarmi bo`sh qolgandi-ku?!
Direktorning “Sizlar begonasizlar, birinchi navbatda, bolalari shu maktabda o`qiydigan ota-onalarning farzandini qabul qilaman”, degan gapi hammasidan oshib tushdi. Nima biz o`zga sayyoradan kelibmizmi begona bo`lib. Shu tumanda yashasak, vazirlik talabi bo`yicha onlayn ariza orqali kelgan bo`lsak…
“Platformaga kirib bo`lmaydi. Sizni vazirlikda tanishingiz bo`lgani uchun platforma ochib berilgan, shuning uchun kira olyapsiz”, desa bo`ladimi direktor. Tuhmatning bundan kattasi bo`lmasa kerak…
Ancha tortishuvdan so`ng farzandimni imtihon qilib ko`rdi. Harflarni so`radi, o`qitib ko`rdi, savol- javob qildi. So`ng bola maktabga tayyorligini va qabul qilishini aytdi. O`zimni xuddi bolam davlat test imtihonidan davlat granti asosida o`qishga qabul qilingandek his qildim o`sha paytda. O`zi bu bor-yo`g`i 1-sinfga qabul bo`lsa. Haliyam, Konstitusiyamizda o`rta ta`lim majburiy va bepul ekanligi aniq-tiniq belgilab qo`yilgan. Yo`qsa, bizga o`xshagan begonalarning bolasi statusi baland maktabning ostonasidan ham xatlay olmaskan.
Bolangizni o`zingiz xohlagan maktabga joylabsizku, dersiz. Yo`q, direktor bir so`zli chiqib qoldi. Qabul qilmadi. Men oliy ma`lumotli omi otani bitta nayrang bilan chetga uloqtirib yubordi. Qanday deysizmi? Juda oddiy. Mana, eshiting:
– Bolangizni qabul qilaman. Mana, jurnalimga birinchi bo`lib yozib qo`ydim, – deya yashil siyohli ruchkadagi ro`yxatni ko`rsatdi direktor. – Ammo hujjatingiz to`liq emaskan. Ertaga mikrohududingizdagi maktabga “otkaz” yozib, hujjatlarni olib kelib topshiring.
Hammasini direktor aytganidek qildik. Hujjatlarni topshirib, farzandimni 1-sinfga qabul qilishini so`rab direktor nomiga ariza ham yozdik. Ammo uyga kelib, platformaga kirsam, arizamiz holati “qaytarildi” bo`lib turibdi. Sabab esa “Navbat vaqti o`tgan” emish.
Masala bo`yicha Xalq ta`limi vaziri matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog`langanimizda, bu vaziyatda hech qanday yordam berolmasligini, navbatim kuyib ketishiga o`zim aybdor ekanligimni aytdi.
Xo`sh, endi savol: o`z navbat vaqtida borsak ham nega maktab ma`muriyati va platforma buni hisobga olmadi? Yo bolaning tug`ilganlik haqidagi guvohnoma hujjat emasmi? Platformadagi ma`lumotlar-chi?! Xo`jako`rsingami? Hujjatlar 10 soat ichida taqdim qilinmasa, navbat kuyib ketishi haqida nega ota-onalar ogohlantirilmagan? Bu vazirlikning nayrangimi yoki shu yo`l bilan direktorlarga “lazeyka” ochib berilganmi?
Yana bir savol, platformada nega arizamizni qayta tahrirlab ham, qayta jo`natishning ham iloji bo`lmadi? Bunday sharoitda bizning o`rnimizga kim va qanday qilib ariza topshirishning uddasidan chiqa oldi ekan-a?
Bola qo`shimcha kvota suhbat asosida qabul qilinar ekan, nima uchun tanlab olinmaydi? Nega ariza topshirish cheklab qo`yilgan?
Ehtimol, men ham hamkasbimga o`xshab 150 dollarning bahridan o`tsam, bu muammolar bo`lmasmidi, deb o`ylab qolaman yana.
Yana o`zimga tasalli beraman, bu bor-yo`g`i 1-sinfga qabul ekanku?! Ha, bor-yo`g`i o`rta maktabga qabul, xolos…
Said Rahmonov,
jurnalist.