Ta`lim tizimi tajriba maydoni emas! Lekin, bizda eng ko`p tajribalar ayni shu sohada o`tkazilayotgandek ta`surot qoldiradi. Magistraturaga qabul masalasi ham ularning navbatdagisi bo`ldi. Tezkorlikda joriy qilingan bu islohot qaerdadir tajribadan o`tkazilganmi? O`tkazilgan bo`lsa sinov natijalari qani? Bu o`zini oqlamasa arosatda qolgan yoshlarga nima deb javob berasiz, hurmatli vazir?
Magistraturaga kiritilgan yangi talab sababli minglab yoshlar bu yil o`qishni davom ettira olmaydi. Joriy qabul kvotalari 17 mingta bo`lishiga qaramasdan, magistratura uchun 10032 ta nomzod hujjat topshirgan. Mutasaddilar bu islohotni oqlash uchun til bo`yicha sertifikat olishga ulgurmaganlarga yanvar oyida yana qabul bo`lishi kutilayotganini eslatib qo`yishayapti. Oliy ta`limda keragicha til o`qitish yo`lga qo`yilmagani holda magistratura uchun til bilishni isbotlaydigan sertifikatlar so`ralishi qanchalik mantiqqa to`g`ri keladi. Tilni sertifikat ola bilish darajasida o`rganish yanvargacha qilish mumkin bo`lgan ish emas. Til soatlari ko`proq bo`lgan yo`nalishlarda balki osonroq bo`lar, lekin xorijiy tillarga kam soatlar ajratiladigan sohalarda bu anchayin qiyin bo`ladi.
Sertifikatgacha va uni olish jarayonlari qo`shimcha xarajatlarni talab etadi. Bu esa o`z navbatida kimlar uchundir yangi daromad manbai bo`ldi.
Bundan bir yil avval Oliy ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov Oliy ta`limdagi eng katta muvaffaqiyatsizlik sababi – magistratura bosqichi ekanligini aytgan edi
Toshqulov o`sha paytda magistraturadagi korrupsion holatlar haqida gapirib, bunga yagona najot sifatida qabulni DTMga o`tkazishni aytgan edi, ammo o`zini oqlamagan bu «najot»dan so`ng oxir-oqibat magistraturaga kirishda imtihonlar bekor bo`ldi.
Shu yildan nomzodlar bakalavriatda olgan baholarining o`rtacha ko`rsatkichi va chet tilini bilish darajasi bo`yicha milliy yoki xalqaro sertifikat balliga qarab, ballar ketma-ketligi asosida saralab olinadigan bo`ldi.
Uchinchi tizim o`zini oqlaydimi?
Hali ilk qabuldan sertifikatlar bilan bog`liq korrupsiyaning avj olishidan bunday bo`ladiganga o`xshamaydi.
Qabul boshlanishiga oz muddat qolganda aytilgan bu talab, ya`ni magistraturaga kirish imtihonlariga ingliz tilidan xalqaro sertifikat bo`lishi talabi ko`pchilikka ma`qul kelmadi. Ammo tasodifiy qarorlarga o`rganib qolgan uddaburon xalqimiz doim qandaydir yo`lini topgan, bu gal ham shunday bo`ldi. Hali qabul tugamasdan Oliy ta`lim vaziri magistraturaga topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilganini ma`lum qildi .
Xo`sh, sertifikatlarning bizga qanday foydasi tegdi? Xalq mazkur tizimni ogohlantirmasdan qisqa muddatda amaliyotga joriy qilganlarni bir oz qarg`adi, ammo yo`lini topib, sertifikatlarni sotib oldi. Shu bilan korrupsiyaga yana bir imkon yaratildi.
Tarjimonlar va tarjima qiluvchi programmalar nima uchun?
Butun dunyoda ixtisoslashish yuqori ahamiyat kasb etib borayotgan hozirgi zamonda bizda nega matematik, iqtisodchi, boshlang`ich sinf o`qituvchisi, kimyogar yoki fizik magistraturaga kirish uchun kamida bir yil sarflab, o`z mutaxassisligini tashlab, yuqori darajali xalqaro sertifikat olish uchun o`qishi kerak, bu unga hayotda, amaliyotda kerak bo`ladimi? U shu tilda o`z sohasiga oid ma`lumotlarni, atamalarni, mutaxassislik zarur deb bilgan darajada o`rgansa, boshqa paytda o`z fani bilan shug`ullansa bo`lmaydimi? Kerakli adabiyotlar faqat xorijiy tillarda ekanligini iddao qilayotganlar, hozirgi zamonda ko`plab onlayn tarjima dasturlari borligini, zaruriy ma`lumotlarni tarjima qilib olish mumkinligini bilishmaydimi?
Boshqa tildagi adabiyotlarni o`qish uchun til o`rgangandan ko`ra, o`sha adabiyotlarni o`zimizda yozilishiga yo`l ocharmiz?
Balki, bo`lajak olimlarning vaqtini to`g`ri yo`naltirishga imkon berib, o`sha maxsus adabiyotlar o`zbek tilida ham chiqishiga ko`proq e`tibor qaratish kerakdir?
Aynan til bo`yicha tahsil olib, magistraturaga kirishga ahd qilgan nomzodlardan o`sha tilda sertifikat talab qilishni tushunsa bo`ladi. Ammo, xitoy, turk, arab tillarining umuman har qanday sohalarga hujjat topshirayotgan o`zbek magistrantiga nima aloqasi bor? Mantiq qaerda? Bu ham kunduzi mashina chiroqlarini yoqib yurishga o`xshash, bir-ikkita talofatdan keyin bekor qilinadigan tajribami yoki?
Balki tajribani biroz mantiqliroq qilib qayta ishlab chiqish kerakdir? Masalan, faqat filologiya va tillarni o`qitish bo`yicha magistraturaga kirmoqchi bo`layotganlar uchun sertifikat talabini qo`yish (shundayam faqat xalqaro sertifikat qo`yilsa haqiqiy natijaga erishish mumkin), boshqalarga esa, sertifikatsiz juda iloji bo`lmasa, magistraturani tugatgunicha sertifikatli bo`lish talabini qo`yish mumkindir, shunda ham ularning etarlicha vaqtini olgan bo`lamiz.
Bundan tashqari ham yangi tizimda magistraturada korrupsiya uchun etarlicha imkoniyatlar qoladi, masalan endi faqat bakalavr bosqichida olingan ball hisobga olinadigan, qayta imtihon topshirilmaydigan bo`lsa, bakalavrdagi ballar ham o`z o`zidan ko`tarilib ketsa kerak. Bu endi alohida mavzu.
Kim bilsin, balki bu masalani qayta o`ylab ko`rishar. Axir ta`limda shusiz ham korrupsiya avj olgan. Abduqodir Toshqulov, Begzod Musaev, Agrippina Shin, Baxtiyor Saidov rahbarlik qilayotgan vazirliklar davlatga 1 trln. 282 mlrd. so`m moddiy zarar etkazgani ma`lum qilingan edi.
Vazir bo`lguncha gaplar boshqacha edi...
Toshqulov 2020 yilning yanvar oyida Kun.uz saytiga intervyu berganida tizimning qator muammolarini kun tartibiga qo`ygan edi. U muammolarning ko`pchiligi hali echimini topgani yo`q.
Intervyudan ayrim iqtiboslarni keltirib o`tamiz:
«Bitiruvchining qo`lida davlat muhri qo`yilgan diplom bor. Ammo u raqobatbardosh kadr emas».
Bunda test texnologiyalari takomillashmagani, sohaga yillar davomida bir tomonlama yondashuv bo`lib kelgani muammolarning sabablaridan biri. Ya`ni, uchta fan va o`sha fanlardan tuzilgan testlarning javobini yodlagan bola borki, o`qishga kirgan. Bu bo`yicha aytilgan e`tirozlar, murojaatlar eshitilmagan.
Biz bir xil test tizimini ko`p yillar ushladik va shu tizim bilan yoshlarni oliy ta`limga qabul qilaverdik. Biz unga insho yozdirib ko`rmadik, diktant yozdirmadik, ijodiy yo`nalish bilan o`qishga kirishi kerak bo`lgan talabalar ham «tinchgina» test yo`nalishi bilan imtihon qilinaverdi.
Bitiruvchining qo`lida davlat muhri qo`yilgan diplom bor, ammo u raqobatbardosh kadr emas.
Biz yaxshi ishlayotgan kadrlarni rag`batlantiryapmiz, lekin biz shuncha islohotlardan keyin ham qimirlamayotgan kadrlarni ishdan bo`shata olmayapmiz.
Talabalar orasida ko`plab so`rovlar o`tkazdik (afsuski, hozir bu so`rovlarning ham yuridik kuchi yo`q) va mana shu so`rovlarda o`qituvchilarning pora olishi ham aytilgan, darslarning qariyb 100 foizi darslarni yaxshi o`tmasligi e`tirof etilgan. Biz o`sha o`qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qildik, lekin sudda yutqazdik, chunki amaldagi qonunchiligimiz bu tizimga tayyor emas.
Hozir kamida 30 foiz o`qituvchining oliy ta`lim dargohida dars berishga, bu dargohlarga kirishga haqqi yo`q.
Biz endilikda yaxshi o`qituvchini rag`batlantirib, talabga javob berolmayotgani bilan xayrlashish masalasini ko`taryapmiz. Talabga javob bermaydigan o`qituvchi o`ziga mos, quyiroq joylarda ishlab tajriba oshirishi kerak.
Menimcha, ta`lim tizimidagi o`quv rejalar to`laligicha qayta ko`rib chiqilishi kerak.
Hozir to`rtta kurs talabalari turlicha o`quv reja bilan o`qishadi. Mana shu o`quv rejalarni bir xillashtirish kerak, ikkinchidan, keraksiz fanlar chiqarib tashlanishi kerak.
Yana bir misol, jismoniy madaniyat fanidan talabaning reyting daftarchasiga bahosi qo`yiladi. Shu fan bizga kerakmi? Talaba o`zi mustaqil fitnes klubga borsin, sportga qatnashsin, sharoit borku. Buni alohida fan qilish shartmi? Fan o`qituvchilari ishlayversin, to`garak o`tsin, bunga qarshi emasman, lekin u ham bir fan bo`lishi kerak emas.
Ya`ni, dars jadvaliga darslar shunday joylashtiriladiki, bunda bir juftlikdan keyin orada bo`sh vaqt qoldiriladi va keyin yana bir juftlik fan qo`yiladi. Buning sababi, darslarni shunday joylashtirsak, talaba keyingi darsgacha qochib ketolmaydi, deb o`ylashadi.
Biz talabaga kechagi qarash, tazyiq bilan qarashni to`xtatishimiz kerak.
Yana bir muammoli masala, universitetda erkin forma masalasi. Bu muammo qayta-qayta ko`tarilyapti. Bunga ham erkinlik berish kerak. Faqat bunda shaxsning talaba ekanligi va milliylikni inobatga olish kerak.
Biz hozirgacha auditoriyalarimizni o`zgartirolmayapmiz. Bizda hamon to`laligicha parta tizimi amalda. Endi-endi biz eskicha qoliplardan chiqishga harakat qilyapmiz.
Bilasizmi, ayrim talabalar bizdan o`qituvchiga proektor bermaslikni so`rashadi. Chunki, ayrim o`qituvchilar zamonaviy dars o`tish deganda ma`ruza matnini shunchaki proektorga o`rnatib, uni o`qib berishni tushunadi. Bizda shu jihatlar ham kamchilikka to`la.
Talabalarda shuningdek, dars sifatidan norozilik kuchli. Hozir ham, ko`pchilik o`qituvchilar yo`qlama qilishu, o`zining biografiyasini tanishtirib berish bilan darsning qariyb 20 daqiqasini o`g`irlashyapti.
Afsuski, bugun oliy ta`limdan keyingi ta`limda kadrlar masalasi son jihatidan ham, sifat jihatdan ham qoniqarli emas. Ularni etkazib beradigan muassasalar ham asosan Toshkentda joylashgan, boshqa hududlarga esa ko`pda chiqarilavermaydi.
Oliy ta`limda qamrov oshgan sari har o`nta talabaga bitta o`qituvchini ishga olishimiz kerak bo`ladi.
Lekin universitetlar o`qituvchilarining qanchasida ilmiy daraja bor degan masala ham bor. Hozir kvotalar yiliga 20-25 foiz oshyapti, tabiyki, o`qituvchilar soni oshyapti, ammo ilmiy salohiyat tushib boryapti. Bu holat o`qituvchilar ilmiy daraja himoya qilganda ham davom etyapti.
Tadqiqotchilarning Toshkentga kelib ne azoblarda yurishi ularning faqat o`ziga va Xudoga ayon.
Hozir har bir fan bo`yicha falsafa doktori ilmiy unvoni (PHD) berilyapti. Bu tizimda ham qiyinchiliklar ko`paytirib yuborilgan, deya tanqid qilgandi o`shanda Toshqulov.
Biz bugun oliy ta`limni rivojlantirish uchun undan keyingi ta`limni ham jiddiy ko`rib chiqishimiz kerak, degan edi o`shanda Toshqulov.