Joriy yil iyunda O`zbekiston aholisi va tadbirkorlar sezgan hamda kelgusi 12 oyda kutayotgan inflyasiya darajalari pasaydi. Bu haqda Markaziy bank e`lon qilgan navbatdagi so`rov natijalarida ma`lum qilindi.
Aholi kutilmalari
Iyun oyida aholining kelgusi 12 oylik tovarlar va xizmatlar narxlari ko`tarilishi bilan bog`liq kutilmalari maydagidan (13,7 foiz) pasayib, 13,2 foizga teng bo`ldi.
Markaziy bank so`rovi ishtirokchilarining 50 foizi (may oyida 57 foiz bo`lgan) kelgusi bir yilda kommunal to`lovlar oshishini kutmoqda. Yana 45 foiz qatnashchi (mayda 49 foiz) yoqilg`i va energiya qimmatlashishini kutayotganini bildirgan. May oyida 22 foizdan respondent ish haqi va nafaqalar oshishini kutayotgan bo`lsa, iyunda ularning ulushi 35 foizga etgan.
Aholining eng yuqori inflyasion kutilmalari ishlab chiqarish sohasida qayd etildi — 15,6 foiz. Shu bilan birga, tashish xizmatlari (15,1 foiz), ilm-fan va ta`lim (13,5 foiz), qurilish (13,2 foiz) sohalari hamda talabalar (14 foiz) inflyasion kutilmalari umumiy darajadan yuqori ekanini bildirgan.
Kelgusida narxlar shakllanishi bo`yicha nisbatan past kutilmalar savdo sohasi vakillari tomonidan qayd etilgan — 11,1 foiz.
Aholi inflyasion kutilmalarining yuqori ko`rsatkichi Toshkent shahrida (15,2 foiz) kuzatilgan bo`lsa, eng past daraja Navoiy viloyatida (12 foiz) yashovchilar tomonidan qayd etildi.
Eng yuqori inflyasion kutilmalar oylik daromadi 15 million so`mdan yuqori bo`lganlar tomonidan qayd etilgan — 15,1 foiz.
Tadbirkorlar kutilmalari
Tadbirkorlik sub`ektlarining inflyasion kutilmalari maydagiga (12,9 foiz) nisbatan sekinlashib, 11,8 foizni tashkil etdi. Jumladan, kommunal xizmatlarning qimmatlashishini kutayotganlar 54 foizdan 47 foizga kamaygan. Yoqilg`i va energiya resurslari narxi oshishini bildirganlar maydagi 48 foizdan 43 foizga qisqargan.
Tadbirkorlarning yuqori inflyasion kutilmalari ilm-fan va ta`lim (13,4 foiz) sohasida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan qayd etilgan. Kelgusida narxlar shakllanishi bo`yicha nisbatan past kutilmalar sog`liqni saqlash sohasida (10,1 foiz) kuzatildi.
Yuqori inflyasion kutilmalar Toshkent shahridagi korxonalarda kuzatilgan bo`lsa (13,6 foiz), eng past ko`rsatkich Qoraqalpog`istonda (10,4 foiz) kuzatilgan.
Sezilgan inflyasiya va narxi oshgan tovarlar
O`tgan oyda aholi tomonidan go`sht va sut narxlari eng yuqori darajada o`sganini bildirgan. Biroq mazkur mahsulotlar umumiy narxlari ko`rsatkichi maydagi 55 foizdan iyunda 53 foizga tushgan.
Shu bilan birga, elektr toki, tabiiy gaz, benzin va yoqilg`i, dorilar qiymatida yuqori o`sish qayd etilgan. Ammo mazkur tovarlar qimmatlashganini bildirganlar ulushi kamaygan.
So`rov ishtirokchilari orasida o`tgan oy davomida shakar va qandolat mahsulotlari qimmatlashganini qayd etganlar maydagi 14 foizdan 21 foizgacha ko`paygan. Ijara haqi ko`tarilganini bildirganlar 12 foizdan 13 foizga ortgan.
Iyunda daromadlari 7 million so`mdan yuqori bo`lgan aholiga sezilgan inflyasiya darajasi nisbatan yuqori shakllandi. Jumladan, 7–10 million so`m maosh oladiganlar narx-navo 14,8 foizga, 10–15 million so`m topadiganlar 14,6 foizga, 15 million so`mdan ortiq daromadlilar 16,5 foizga o`sganini sezgan.
Inflyasiya eng past darajada sezilganlar (11,8 foiz) ikki million so`mgacha daromad oladiganlar bo`lgan.