Prezident: “Har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanadi”

05.07.2025 05:51

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlari oldidagi ustuvor maqsadlar aniq ko`rsatib berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida so`zga chiqib, bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda mintaqa davlatlarining birlashgan sa`y-harakatlari muhim ekanini alohida ta`kidladi.

Prezident avvalo mintaqa va jahonda xavfsizlikka tahdid solayotgan holatlarga e`tibor qaratdi. 

Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan so`nggi voqealar yuzasidan munosabat bildirdi. 

Bu borada Eron va Isroil o`rtasida o`t ochishni to`xtatish bo`yicha erishilgan kelishuvni mintaqadagi tinchlikni ta`minlash sari qo`yilgan muhim qadam sifatida qayd etdi.

“Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo`li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz”, dedi davlat rahbari. 

Prezident dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqirdi.

G`azo sektorida harbiy harakatlarni to`xtatish, ochlik va g`ayriinsoniy sharoitda qiynalayotgan aholiga gumanitar yordam ko`rsatishga hech qanday to`siq qo`ymaslik, BMT rezolyusiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tuzish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. 

Davlat rahbari iqtisodiy masalalarga o`tar ekan, “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konsepsiyasini qabul qilishni taklif qildi. 

Bu hujjat orqali savdo, investisiya, transport, energetika, sanoat va qishloq xo`jaligidan tortib innovasiyalar va raqamli texnologiyalar sohasigacha hamkorlikni rivojlantirish ko`zda tutiladi.

Prezident nutqida hozirgi kunda IHT davlatlari o`zaro savdosining past darajada ekanini ta`kidlar ekan, bu yo`nalishda Toshkentda savdo vazirlari uchrashuvini o`tkazishni taklif etdi. 

Shuningdek, qishloq xo`jaligi mahsulotlari savdosi bo`yicha “yashil yo`laklar” tizimini joriy etish, “Ekoinvest” dasturini amalga oshirish va xususiy sarmoyalarni keng jalb qilish tashabbuslari ham ilgari surildi.

Prezident transport va logistika sohasi istiqbollariga to`xtalar ekan, Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston temir yo`li loyihasini muhim strategik qadam sifatida qayd etib o`tdi. 

“Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to`g`risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi”, dedi davlat rahbari. 

Yana bir muhim jihat. Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo`nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o`rtasida innovasion hamkorlikni yo`lga qo`yish va turizm-aviasiya sohalarida integrasiyalashgan marketing strategiyalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. 

Ushbu masalalar yuzasidan Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda o`tkazish, shuningdek, turizm xizmatlarini rivojlantirish va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida yo`l xaritasi ishlab chiqish takliflari ham Prezident nutqida alohida o`rin egalladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар