Mansabdor shaxslar eksport faoliyatini qo`llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag`larni o`zlashtirib yuborgani aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Samarqand viloyatidagi tadbirkorlik sub`ektlarining eksport faoliyatini qo`llab-quvvatlash uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (sobiq Eksportni rag`batlantirish agentligi) tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam mablag`larining maqsadli ishlatilishi holatini o`rgandi.
Ma`lum bo`lishicha, AJ tomonidan 5 ta, jumladan, “A.F” xususiy korxonasi, “Q.J”, “O.G”, “A.Sh” fermer xo`jaliklari va “S.M.M” MChJiga konsalting xizmati uchun 9 ta sertifikat olishga 709 mln so`m subsidiya ajratilgan.
Agentlik tomonidan o`tkazilgan o`rganishda sertifikat olishga konsalting xizmati ko`rsatuvchi “W.M”, “D.Q.S” MChJlar, shuningdek, “O.M.S” XK yuqorida qayd etilgan fermer xo`jaliklari va MChJga aslida ko`rsatilmagan konsalting xizmatlari uchun soxta hujjatlar tayyorlab, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi”ga taqdim etgan va jami 600 mln so`m byudjet mablag`larini o`z hisob raqamlariga o`tkazishga erishgani aniqlandi.
Qayd etilgan holatlar bo`yicha ushbu konsalting xizmati ko`rsatuvchilar, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.