Qozog`iston Respublikasida qayd etilgan kuydirgi (Sibir yarasi) holatlari sababli O`zbekiston bilan qo`shni davlat o`rtasidagi 55 ta chegara punkti kuchaytirilgan nazoratga olindi.
Kuydirgi insoniyatga qadimdan ma`lum bo`lgan, zoonoz (ya`ni hayvonlardan odamga yuqadigan) yuqumli kasalliklardan biridir. Ayniqsa, chorvachilik bilan shug`ullanuvchi hududlarda bu kasallik tuproq orqali yoki to`g`ridan-to`g`ri zararlangan hayvonlardan yuqishi mumkin. Infeksiyaning o`tkir shakli inson salomatligi uchun o`ta xavfli bo`lib, yallig`lanish, harorat ko`tarilishi, yara va teri o`zgarishlari bilan kechadi. Ayni paytda ushbu kasallikning to`liq davosi mavjud emas, lekin erta bosqichda aniqlansa, antibiotiklar bilan muolaja qilinadi.
Ayni damda ushbu kasallik O`zbekiston hududiga kirib kelmasligi uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi tomonidan xavfli deb topilgan chegara hududlarida tuproq namunalari olinib, laboratoriyalarda tahlil qilinmoqda. Shuningdek, ehtimolli holatlar aniqlanganda, zarur diagnostika va davolash imkoniyatlari mavjudligi aytildi.
Shuningdek, chegara postlarida har bir fuqaroning sog`lig`i ko`zdan kechirilayotgani, infeksiya aniqlanganda yoki gumon qilinganda karantin choralariga tezkor o`tilishi ta`kidlandi.
Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, hozircha O`zbekistonda kasallik bilan bog`liq tasdiqlangan holat kuzatilmagan. Biroq, qo`shni davlatdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, profilaktik nazoratni kuchaytirish muhim bo`lib qolmoqda. Ayniqsa, insonlar va hayvonlarning erkin harakatlanish imkoniyati mavjud bo`lgan hududlarda sog`liqni saqlash tizimining hushyorligi zarur bo`lmoqda.
Qozog`istonda vaziyat jiddiymi?
Ayni damda qo`shni Qozog`istonning Oqmo`la viloyati, Otbosar tumanidagi ikki qishloqda kuydirgi kasalligi aniqlangani bois karantinga olingan.
Dastlab kasallik aniqlangan hududlarda ayrim cheklovlar joriy etilgan, keyinchalik esa laboratoriya tekshiruvlari tasdiqlangach, 1 iyul kuni rasman karantin e`lon qilingan.
Hozirda karantinga olingan ikkita qishloqqa odam ham, chorva ham kira olmaydi. Hududlar to`sib qo`yilib, shlagbaumlar o`rnatilgan va zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq, iyun oyining oxirida Qozog`iston sog`liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova Otbosarda to`rt bemor aniqlangani haqida xabar bergan edi. Ular nazoratga olingan, kasallik tarqalishining oldini olish choralari ko`rilayotgani aytilgandi. O`shanda hududda karantin joriy etilmasligi ma`lum qilingan edi. Ammo vaqt o`tib vaziyat keskinlashgani sababli karantin e`lon qilindi.
Saparovning aytishicha, 19 kishidan tahlil olingan, ulardan 7 nafari kuydirgiga chalingani tasdiqlangan, qolganlarining natijalari manfiy chiqqan. Kasallikka chalinganlar shifokorlar nazoratida, sog`aymoqda.
Karantin choralari 15 kun davom etadi. Shundan so`ng hududda qayta tahlillar olinadi. Agar yangi holatlar aniqlanmasa, cheklovlar bekor qilinadi.
Tarixiy ildizlardan zamonaviy xavflargacha
Kuydirgi (antraks) — hayvonlardan insonlarga yuqadigan xavfli infeksion kasallik bo`lib, “Bacillus anthracis” bakteriyasi sababli yuzaga keladi. Kasallikning xavfi nafaqat uning o`tkir kechishida, balki turli yo`llar bilan tez tarqalish xususiyatidadir. Bu esa uni nafaqat sog`liqni saqlash tizimi, balki qishloq xo`jaligi uchun ham dolzarb masalaga aylantiradi
Kuydirgi insoniyatga qadim zamonlardan beri ma`lum. Tarixiy manbalarda qadimgi Misr va Mesopotamiya davrida bu kasallik haqida ilk qaydlar mavjud. XVII asrdan boshlab kasallik ilmiy jihatdan o`rganila boshlangan bo`lsa-da, uni chuqur anglashga 1876 yilda Robert Kox tomonidan Bacillus anthracis bakteriyasining kashf etilishi sabab bo`ldi. Aynan shu tadqiqotlar zamonaviy mikrobiologiya va epidemiologiya fanlarining rivojlanishida muhim bosqich bo`lib xizmat qildi.
Kasallikning tabiiy manbalari va tarqalish usullari
Kuydirgi bakteriyasi o`zining tiriklikka chidamliligi bilan ajralib turadi. U erda, ayniqsa infeksiyalangan hayvonlarning o`ligi yoki axlati bilan ifloslangan tuproqda yillar davomida spora holida yashirinib yotishi mumkin. Ushbu spora holatdagi bakteriyalar og`ir iqlimiy sharoitlarga ham bardoshli bo`lib, qulay fursat topilishi bilan faol holatga o`tadi.
Infeksiyaning asosiy manbalari chorva hayvonlari bo`lib, odamlar bilan to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita aloqada kasallik yuqishi mumkin. Xususan, infeksiyalangan go`sht, jun yoki teri mahsulotlari bilan aloqada bo`lish, yaroqsiz sanitariya holatidagi go`sht mahsulotlarini iste`mol qilish, yoki nafas orqali bakteriyalarni yutish kasallik tarqalishining asosiy yo`llaridir.
Kuydirgi organizmga qanday kirishiga qarab bir nechta shakllarda kechadi va bu turli organlarga turlicha ta`sir ko`rsatadi.
Teri kuydirgisi — eng keng tarqalgan ko`rinish bo`lib, kasallik odatda infeksiyalangan mahsulotlar bilan aloqada bo`lganlar orasida uchraydi. Tashqi belgilari oddiy yaradan boshlab, qora qobiq bilan qoplangan og`riqsiz yaragacha rivojlanadi.
Nafas yo`llari kuydirgisi — eng xavfli shakli bo`lib, odatda sanoat korxonalarida chang orqali nafas olish yo`li bilan yuqadi. Belgilari grippga o`xshash bo`lsa-da, qisqa fursatda og`irlashadi va o`lim holatlari yuqori bo`ladi.
Ovqat hazm qilish tizimi kuydirgisi — kam uchraydigan, ammo og`ir kechadigan shakl bo`lib, infeksiyalangan go`sht yoki sut mahsulotlari orqali yuqadi.
Septik kuydirgi — bakteriyalar qon oqimiga kirib, butun organizmga tarqalganda yuzaga keladi. Bu holat juda tez rivojlanib, ko`p hollarda o`lim bilan tugaydi.
Kuydirgi yillar davomida nazorat ostiga olingan infeksiyalar qatorida qayd etilgan bo`lsa-da, u mutlaqo yo`q qilingan kasallik emas. Aholi hayvonlar bilan yaqin aloqada bo`lgan joylarda, ayniqsa qishloq hududlarida, har yili qayd etilayotgan holatlar mavjud. Bu esa profilaktika, veterinar nazorati va gigienik talablarning sustligi bilan izohlanadi.
Kuydirgining o`ziga xosligi shundaki, u sog`liqni saqlash tizimi, sanitariya holati va veterinariya xizmatlari o`zaro uzviy ishlamasa, tezda tarqaluvchi epidemiologik xavfga aylanadi. Bu esa uni faqat tibbiy masala emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy va agro-siyosiy muammo sifatida ham ko`rib chiqishni talab etadi.