“O`zbekgidroenergo” AJning xalqaro kredit reytingi BB (barqaror) darajasiga ko`tarildi

02.07.2025 16:18


“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining uzoq muddatli xalqaro kredit reytingini BB (barqaror) darajasigacha ko`tarilganligini qayd etdi. 
 
Jamiyat so`nggi yillarda moliyaviy barqarorlik, samarali boshqaruv tizimi va strategik yo`nalishlardagi yuqori natijalari bilan xalqaro reyting agentliklari e`tiborini tobora qozonmoqda. Bu esa uning xalqaro moliya bozoridagi nufuzi va ishonchli imidjini yanada mustahkamlamoqda.


Ta`kidlash joizki, “O`zbekgidroenergo” AJ ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchi bo`lib “Fitch Ratings” agentligidan “BB-” darajasidagi xalqaro reytingni olgan edi. 2020 yilda ushbu ko`rsatkich mustahkamlanib, kompaniya B+ (barqaror) darajasigacha baholangan. 2021 yilda esa muvaffaqiyatli moliyaviy boshqaruv, barqaror o`sish sur`atlari va ijtimoiy-tashkiliy barqarorlik tufayli jamiyatning reytingi BB- (barqaror) darajasigacha ko`tarilgan.


Shu bilan birga, 2025 yil 1 iyul kuni jamiyatning xalqaro kredit reytingi yana bir pog`ona yuqorilab, BB (barqaror) darajasigacha baholandi. Albatta, bu muvaffaqiyatda hukumatning kompaniyani har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosati hal qiluvchi omillardan biri bo`ldi.


Mazkur natija, o`z navbatida, kompaniya boshqaruvining takomillashib borayotgani, moliyaviy resurslardan samarali foydalanilayotgani, investisiyaviy loyihalarning oqilona tashkil etilayotgani hamda faoliyatda shaffoflik tamoyillariga qat`iy rioya qilinayotganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, reyting bahosining yuqorilashi O`zbekiston Respublikasining suveren reytingdagi ijobiy o`zgarishlar bilan ham bog`liq bo`lib, mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan xalqaro ishonchning mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi.


“O`zbekgidroenergo” AJ rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, strategik boshqaruv yondashuvlari va barqaror rivojlanishga qaratilgan rejalar xalqaro moliyaviy institutlar hamda investorlar o`rtasidagi ishonch muhitini yanada kuchaytirmoqda.


Aytish joizki, mamlakatimizdagi ko`plab banklar va yirik korporasiyalarning uzoq muddatli emittent kredit reytinglari BB darajasida barqarorligicha qolmoqda. Biroq “O`zbekgidroenergo” AJ qisqa muddatli va yakka tartibdagi reyting ko`rsatkichlari bo`yicha yuqori baholanib, “Fitch Ratings” agentligi tomonidan eng yaxshi natija qayd etgan kompaniyalar qatorida “Top 3” ro`yxatiga kiritildi.


Bu muvaffaqiyatga kompaniyaning ichki boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish, xatarlarni oldindan aniqlash va samarali boshqarish, xarajatlarni optimallashtirish, shuningdek, energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlari zamin yaratdi.


Ta`kidlash lozimki, ushbu reyting “O`zbekgidroenergo” AJning nafaqat mamlakat energetika tizimidagi etakchi mavqeini yanada mustahkamlaydi, balki gidroenergetika sohasida xalqaro moliya bozorlaridagi ishonch va nufuzning yuksalayotganini ham yaqqol namoyon etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар