O`zbekistonda to`ylar nafaqat bayram, balki ko`plab yoshlar va ularning oilalari uchun og`ir moliyaviy sinovga aylanib bormoqda. “Yuksalish” harakati tomonidan o`tkazilgan so`rovnoma natijalari shuni ko`rsatdiki, jamiyatda to`y an`analariga munosabat asta-sekin o`zgarib, faol muhokamalarga aylanmoqda.
So`rovda mamlakatning barcha hududlaridan 1247 nafar fuqaro qatnashdi. Respondentlarning 81,2 foizi o`z oilaviy daromadini oyiga 5 million so`mdan 12 million so`mgacha deb baholagan. Ammo to`yga kelganda, ularning 65,2 foizi 50 milliondan 100 million so`mgacha yoki undan ham ko`proq mablag` sarflaganini bildirgan. Bu ko`p hollarda bir yillik daromadga teng yoki hatto undan oshib ketadi.
Moliyalashtirish manbalariga kelsak, respondentlarning 55,1 foizi to`yni “o`zim va yaqinlarim yordamida” qilganini aytgan. Bu to`y xarajatlari ko`pincha faqat yoshlarning emas, balki butun oilaning elkasiga tushayotganini anglatadi. 25,1 foiz odam to`y uchun qarz olganini, faqat 14,1 foizi esa “daromadim etarli” deb javob bergan.
To`yda dabdabali xarajatlar qilishga sabab bo`layotgan asosiy omillar ham ahamiyatga molik. Respondentlarning 46,1 foizi buni jamiyat bosimi, “elga to`y berish kerak” degan qarash bilan izohlagan. 31,3 foiz yoshlarning o`zidagi orzu-istaklar, 29 foiz esa ota-onaning istaklari bu yo`lda hal qiluvchi omil ekanini bildirgan. Qolaversa, 16,6 foiz respondent quda tomonning talablarini ham e`tiborli deb hisoblagan.
E`tiborlisi, so`rovda ishtirok etganlarning katta qismi to`yni dabdabadan yiroq, kamtarona va yaqinlar davrasida o`tkazish tarafdori. 39,6 foiz respondent “kamtarona” to`yni ideal deb hisoblagan bo`lsa, faqatgina 6,6 foizi “dabdabali va hashamatli” to`yni ma`qul ko`rgan. Shuningdek, 44,5 foiz ishtirokchi o`tkazgan to`yi uchun ko`p pul sarflaganidan afsusdaligini bildirgan.
Respondentlardan: “Agar tanlov imkoniyati bo`lsa, to`y pulini nimalarga sarflagan bo`lar eding?” degan savolga ko`pchilik ta`lim, uy-joy, sog`liqni tiklash, biznes boshlash yoki sayohatlarga sarflashni afzal ko`rgan. Bu esa jamiyatda moliyaviy savodxonlikka bo`lgan talab oshib borayotganini, kelajak uchun sarmoya haqida jiddiy o`ylash tendensiyasi paydo bo`layotganini anglatadi.
Tadqiqot shuni ko`rsatdiki, aholi to`y an`analarini soddalashtirish va ortiqcha marosimlarni qisqartirish tarafdori. Masalan, 37,6 foiz respondent to`ydan oldingi, 31,4 foiz to`ydan keyingi marosimlarni qisqartirish kerak, deb hisoblagan. 35,6 foiz esa mehmonlar soni va marosim ko`lamini cheklashni taklif qilgan. Faqat 7,1 foiz odam “hech qanday o`zgarish kerak emas” deb hisoblagan.
Xulosa qilib aytganda, O`zbekistonda to`y an`analarini qayta ko`rib chiqishga bo`lgan kuchli ijtimoiy talab mavjud. Aholining katta qismi dabdabali, qarzga botiradigan to`ylar o`rniga, oddiy, samimiy va moliyaviy jihatdan to`g`ri rejalashtirilgan marosimlar bo`lishini xohlamoqda. Endi jamiyatdagi bu kayfiyatni amaliy qadamlar bilan qo`llab-quvvatlash vaqti keldi.