Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq bo`yida quriladigan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi loyihasi muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Jamoatchilikda yagona va haqli savol tug`ilgan: ushbu butun boshli shaharchaning qurilishi qariyb butun Toshkent shahri va viloyatining suv ta`minoti uchun muhim hisoblangan suv omborining tozaligiga qanchalik ta`sir qiladi?
Bu o`zi qanday loyiha?
Prezident Shavkat Mirziyoev 16 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida qurilishi mo`ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishgan edi. O`shanda Ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori bo`yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish istagini bildirgandi.
Loyihaga ko`ra, unda dam olish, cho`milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar bo`ladi. Xalqaro brendlarning do`konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o`tkaziladi. Ikki qirg`oq o`rtasida ko`prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda o`ziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo`ladi.
Davlat rahbari bu taklifni ma`qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta`kidlagan edi.
Shundan so`ng 14 aprel kuni Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasi taqdimoti bilan tanishdi va 11 iyun kuni O`zbekiston hukumati Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi bilan Sea Breeze Uzbekistan kurortini qurish bo`yicha kelishuv imzoladi. Loyihaga kiritilgan investisiya hajmi 5 mlrd dollarga baholangan. Ammo hali qurilish boshlangani yo`q, hozircha Chorvlq qirg`oqlarini tozalash va chiqindilarni yig`ish ishlari olib borilmoqda.
Biroq loyihaning konsepsiya tafsilotlari va amalga oshirish muddatlari e`lon qilinmagan. Ekologik ekspertiza — uning holati va mas`ul shaxslar haqida hech qanday ma`lumot yo`q.
Mintaqadagi nozik suv inqirozi bilan bog`liq kuchayib borayotgan noaniqlik ijtimoiy tarmoqlarda keng ko`lamli noroziliklarga sabab bo`ldi.
Tanqidga javoban Emin Agalarov Instagram’da «oqova suvlar tozalanadi» deb videomurojaat joylashtirdi, biroq tozalash mexanizmlari tafsilotlari va loyihaning boshqa aniq ma`lumotlari oshkor etilmadi.
Jamoatchilik qanday fikr bildirmoqda?
Ushbu qurilish haqidagi xabar jamoatchilikda katta rezonans uyg`otdi. Qurilish Chorvoqning suv sifati, gidrologik muvozanati va sanitariya holatiga qanday ta`sir qilishi odamlarni xavotirga solmoqda.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov:
«Birinchidan, Chorvoq suv omborida yaqin yillarda uning asosiy irmoqlari bo`lmish Chotqol va Piskom daryolarida ushbu nom bilan ataluvchi GES qurilishlari barpo etilish fonida ushbu suv ombori gidrologik rejimi tubdan o`zgarib ketadi. Investor ushbu hududdagi yirik loyihasida ushbu masalaga qanchalik e`tibor qaratgan?
Ikkinchidan, joriy loyiha mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun kamida yarim asrlik qulay dam olish maskani vazifasini bajaradi. Ushbu davr uchun shamol tezligini pasaytirib, real o`z ob`ekti va poytaxtga xavf tug`dirmaslik maqsadida investor bino inshootlar qurishda qanday uslubni qo`llamoqchi? Shamolni kuchaytiruvchi konvergen va ventura usullari asosida binolarni ko`tarish masalalariga qanday yondashmoqchi?
Uchinchidan, jamoatchilik nima uchun hanus ko`plab tuzilmalar, masalan loyiha uchun gidrogeologiya, suv oqova, hududiy elektr tarmoqlari va boshqa shu kabi tuzilmalardan texnik shartlar olingani haqidagi ma`lumotlardan xabardor emas? Qonunchilikda ko`rsatilgan Arxitektura Reja Topshirig`i nima uchun omma uchun ochiqlanmagan?
To`rtinchidan, etnoturizmni rivojlantirish, qolaversa, yashil o`rmonlarni bir muvozanatda saqlash uchun ushbu investor qanday tashabbuslarni olg`a surmoqda? Shu kabi savollarga to`liq javob bergan holda ozarbayjonlik investorning Chorvoq suv ombori atrofida yirik infrastruktura barpo etilishini qo`llab quvvatlash mumkinligini bildirib o`tmoqchimiz.
Zero, biz chet el investorlarini mamlakatga investesiya kiritishi tarafdorimiz va bu yuqoridagi mezonlar, qadamlar asosida amalga oshirilsa, six ham kabob ham kuymasligi, iqtisodiyot rivojlanishi, ekomuvozanat buzilib ketmasligini ma`lum qilmoqchimiz».
Xabarga eng birinchilardan bo`lib munosabat bildirgan ekobloger Urikguli (Mo`tabar Xushvaktova)ning Sea Breeze Uzbekistan loyihasi haqida ekspertlar va inflyuenserlar fikrlarini to`plagan videosida ham ishtirokchilar bo`lajak kurortning Chorvoq suv omborining gidrologik muvozanatiga ta`siri haqida gapirgan.
Barqaror qurilish mutaxassisi Temur Ahmedov suv balansidagi har qanday o`zgarishlarni har tomonlama o`rganish muhimligini eslatib o`tdi: «Toshkentda 3,5 million aholi istiqomat qiladi, Yangi Toshkent qurilmoqda. Hammaga suvni qaerdan olamiz? Chorvoqdagi balans buzilib qolsa, katta muammo bo`ladi».
Tabiiy fanlar doktori Yulduzxon Abdullaeva esa «Birinchi navbatda bioxilma-xillik katta zarar ko`radi. Chunki Chorvoq suv ombori va uning atrofida O`zbekistonning eng noyob o`simliklari, hayvonlari yashaydi. Qolaversa, ko`pgina qurilish materiallarni o`sha hududga tashish talab etiladi, bizda suv yo`li bo`lmagani uchun quruq yo`ldan tashish amalga oshirilishi kerak, bu esa havoning ifloslanishiga ham olib keladi», deya ta`kidladi.
Gidrometeorologiya instituti kichik ilmiy xodimi Alisher Xudoyberdiev suv sifatining yomonlashishi mumkinligiga e`tibor qaratdi: «Motorli qayiqlardan foydalanish suvning ifloslanishiga olib keladi. Uning sifatining pasayishi ichimlik suvi va qishloq xo`jaligi erlariga bevosita ta`sir qiladi».
Shaharshunos Iskandar Soliev quruvchilarning kafolatlariga shubha bilan qaramoqda: «Biz qurilish oldidan ko`pincha chiroyli va`dalar olishimizni bilamiz, lekin keyinchalik ular amalda bajarilmayapti. Asosiy tashvish shu», — deydi u.
Urikguli’ning o`zi ta`kidlashicha, «qurilish jarayonida xatoliklarga yo`l qo`yilsa yoki Chorvoq suv omboridagi suv ifloslansa, biz yagona ichimlik suv manbamizdan ayrilib qolishimiz mumkin. Shuning uchun ham har tomonlama ekologik tekshiruv va loyiha shaffofligi zarur».
Masalaning yana bir tomoni
Ijtimoiy tarmoqdarda mavzu keng muhokama qilinar ekan, odamlar katta xususiy kompleks suvga bepul kirishni cheklashi mumkinligini yozmoqda.
Darhaqiqat, biz bepul tabiat qo`yniga chiqish mumkin bo`lgan joylarni yo`qotmoqdamiz. Hozirning o`zida Chimyon yoki Chorvoqda dam olay desangiz, narxlar osmonda.
Bu borada Bloger Samandar Nizomovning munosabati juda o`rinli: «Bizga VIP zona nega kerak? Boylar kirib, kambag`allar uzoqdan tomosha qilishi uchunmi?».
Vaziyatni o`rganar ekansiz, yana talay savollar tug`ilaveradi: Bu loyiha bo`yicha qaror nega ekologik ekspertiza o`tkazilmagan holda qabul qilingan? Nega masala xalq ishtirokisiz hal qilindi? Mustaqil ekspertizalar qaerda? Loyihani kim nazorat qilmoqda?
Jamoatchilik Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilish bosqichiga o`tgunga qadar ko`tarilgan masalalarga oydinlik kiritilishini kutmoqda.